background
logotype
image1 image2 image3

Haqman deyishdan oldin...

Imom Shofi’iy shogirdlari bilan Bag‘dod ko‘chalarida yurardilar. Bir joyda ikki kishining diniy mavzuda tortishayotganini ko‘rishdi. Ulardan biri o‘zining haq ekanligini isbotlash maqsadida ikkinchisiga “Bu mavzuda Imom Shofi’iy ham xuddi men aytgan narsani aytganlar”, der edi. Vaholanki, u hazratni ko‘rmagan, eshitgandi. Shogirdlardan biri ularga yaqinlashib, nima masalada bahslashayotganlarini so‘radi. Gap nimadaligini bilgach, “Astag‘firulloh, Imom Shofi’iy hech qachon bunday gap aytmaganlar, siz o‘zingizni haqdek ko‘rsatish uchun uydirma qilyapsiz. Hazratning mazkur masalada bunday deyishlari aqlga sig‘maydi”, deb qancha tanbeh bermasin, boyagi kishi o‘z bilganidan qaytmadi.

Shogirdning bo‘lgan gaplarni Imom Shofi’iyga yetkazishdan boshqa chorasi qolmadi. Hazrat o‘zlarini tanitmay bahsga quloq tutishni lozim topdilar. Gap nimadaligini ang­lagandan so‘ng, u kishi ham “Shofi’iy bunday gap aytmagan”, dedilar.­ Biroq foydasi bo‘lmadi. Nihoyat hazrat: “Ey birodari aziz, men Shofi’iyman va bu gapni umuman gapirmaganman”, deb aytdilar. Ammo boyagi kishi shunda ham ishonmadi va gapidan qaytmadi: “Meni aldashga urinmang­lar, Shofi’iy­ emasligingizni juda yaxshi bilaman!”

Bu rivoyatda katta ibrat bor. Ba’zan bir narsani isbotlash uchun keltirayotgan misollarini dinga, shariatga bog‘laydigan, hatto Rasululloh (s.a.v.)ning nomlari bilan ham bilib-bilmay gapirib yuboraveradiganlar yo‘q emas. Odamlar orasida urchiyotgan, necha yillardan beri yashayotgan zararli bid’atlar, irim-sirimlar ham aynan shunday johillik, ilmsizlikning natijasi.

Yuqoridagi rivoyat noto‘g‘ri dalil va tushunchalarga tayanib, turli fikrlarni atrofdagilarga yetkazayotgan, o‘zi qolib boshqalarni ham adashtirayotganlar uchun o‘rnak bo‘lishidan umidvormiz.

Iroda To‘raxonova

“Irfon” taqvimining 2013 yil 3-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.