background
logotype
image1 image2 image3

Haqiqiy tolib

Andalus olimlaridan, buyuk muhaddis Baqi’ ibn Mixlat Imom Ahmad ibn Hanbaldan hadis eshitish maqsadida mashriqqa piyoda kelgan ekan. Bag’dodga yaqinlashganida Imom Ahmadni mo’tazila e’tiqodiga qarshi chiqqani uchun halifa Ma’mun uy qamog’iga tiqqanini eshitib, qattiq g’amga botdi. 
Shu kuni shahardagi masjidga bordi. U yerdagi ilm xalqasida o’tirib, ustoz Yahyo ibn Ma’in (katta muhaddis, Imom Buxoriyning ustozlaridan)dan Ahmad ibn Hanbalning holatini so’rab, u zotning uylariga boribdi. Birov ko’rib qolishidan xavotirda ichkarida gaplashibdilar. Ahmad ibn Hanbal so’rabdilar:
- Qayerdan keldingiz? Uzoqdanmi? Afriqiyadanmi?
- Yo’q, undan ham uzoqdan, Andalusdan keldim, faqatgina sizdan hadis o’rganish maqsadida keldim.
- Bilgandirsiz, halifa meni ilm berishdan, masjidga chjiqishdan mahrum qildi…
- Hazrat, agar yo’q demasangiz bir hiyla ishlatsam. Huzuringizga har kuni gado qiyofasida kelaman-da, oz muddat ichida menga bitta hadis aytib bersangiz bo’ldi, ketaveraman.
Baqi’ ibn Mixlat hikoya qiladi:
“Har kuni juldur kiyimlarda, qo’limga egri tayoq tutib Ahmad ibn Hanbalning oldilariga kelar, u zot ba’zan bitta, ba’zan esa 2-3 ta hadis aytib berardilar. U zotdan shu yo’l bilan 300 dan ziyod hadis yod oldim. Ma’mun dunyodan o’tib, Ahmad ibn Hanbal mashhur ulamo bo’lib, buyuk muhaddislarga dars beradigan bo’ldilar. Buyuk mujtahid shuncha buyuk muhaddislarga dars berayotib, huzurlariga kelsam, yonlaridan joy berib, toliblarga shunday der edilar:
- Mana buni haqiqiy tolibi ilm deydi! U gadoylik qilib bo’lsa-da, mendan ilm o’rgandi.
Bir kuni kasal bo’lib qolganimdan xabar topgan imom shogirdlari bilan men yotgan karvonsaroyga keldilar. Shu darajada olimlar ko’p ediki, hatto odam sig’madi. Duo qilib ketdilar. Shundan so’ng, hamma meni hurmat qiladigan, ziyoratimga keladigan bo’ldi.”

Yorqinjon qori ma'ruzalari asosida tayyorlandi.

2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.