background
logotype
image1 image2 image3

Halimlikning go‘zal namunasi

Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhuning Madinada bog‘i bor edi. Bog‘ning yonboshida o‘sha vaqtda Damashq shahrida xalifa bo‘lib turgan Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhuning ham bog‘i bor edi.

Kunlarning birida Muoviya roziyallohu anhuning bog‘idagi xizmatkorlar Abdulloh bin Zubayr roziyallohu anhuning bog‘iga kirishdi. Bu holat bir necha kun takrorlandi. Bundan darg‘azab bo‘lgan Abdulloh bin Zubayr roziyallohu anhu Damashq shahridagi xalifa Muoviya roziyallohu anhuga xat yozdi (ana shu vaqtda ikki buyuk sahobiy oralarida kelishmovchilik bor edi):

“Abdulloh bin Zubayrdan jigarxo‘r Hindning bolasi Muoviyaga: “Sening ishchilaring bog‘imga kirishmoqda, ishchilaringga aytib qo‘y, bog‘imdan oyoqlarinini uzishsin, aks holda, undan o‘zga Iloh yo‘q bo‘lgan Zotga qasamki, senga boshqa chora ko‘raman!”.

Xat yumshoq fe’lli Muoviya roziyallohu anhuga yetib keldi, xatni o‘qib ko‘rdi… So‘ngra o‘g‘li Yazidga dedi: “Abdulloh ibn Zubayr menga tahdid qilib xat yuboribdi, sen qanday fikrdasan?”

O‘g‘li Yazid: “Avvali Abdullohning, oxiri esa sizning huzuringizgacha keladigan qo‘shinni yuboring, sizga uning boshini olib kelishsin”, dedi.

Muoviya roziyallohu anhu: “Balki undan ko‘ra yaxshiroq va mehribonrog‘ini qilaman”, dedi-da,  Abdulloh bin Zubayr roziyallohu anhuga maktub yo‘lladi:

“Abu Sufyonning o‘g‘li Muoviyadan ikki belbog‘ egasi Asmoning o‘g‘li Abdulloh bin Zubayrga: “Allohga qasamki, agar dunyo men va sizning oramizda bo‘lganda edi, uni albatta sizga topshirgan bo‘lar edim. Agar mening bog‘im Madinadan Damashqqacha bo‘lsa edi, uni sizga bergan bo‘lardim. Maktubim qo‘lingizga yetishi bilan bog‘imni va undagi ishchilarini bog‘ingiz va ishchilaringizga qo‘shib oling. Albatta Allohning huzurida kengligi osmonlaru yerga qadar keladigan jannati bordir!”

Abdulloh bin Zubayr roziyallohu anhu maktubni o‘qigach, ko‘zlaridan yosh oqib, to soqollari ho‘l bo‘lguncha yig‘ladi va Damashqqa Muoviya roziyallohu anhuning huzuriga borib, boshini o‘pib, aytdi: “Sizni Quraysh ichida mana bunday martabaga ko‘targan halimligingizni Alloh ketkazmasin”.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.