background
logotype
image1 image2 image3

G‘olib bo‘lishni istasangiz

Kunlardan bir kuni qurbaqalar musobaqa uyushtirishibdi. Shartga ko‘ra g‘oliblik baland minoraning ustiga birinchi bo‘lib chiqqan ishtirokchiga nasib qiladi.

Nihoyat kutilgan on kelib, musobaqa boshlandi. Tomoshaga kelgan ko‘plab qurbaqalar musobaqa ishtirokchilaridan hech biri minora tepasiga chiqolmasligidan bahs qilishar, tinmay baqirishardi: “Bechoralar, bekorga ovora bo‘lyapsiz, baribir marraga yetolmaysiz!..”

Bu so‘zlarni eshitgan ishtirokchilar, marraga yetolmasliklariga o‘zlari ham ishonib, bir-bir musobaqani tark eta boshladilar. Lekin bittagina qurbaqa bu gaplarga parvo qilmay, o‘jarlik bilan minoraga tirmashardi. Pastdagilar esa hamon baqirishardi: “Baribir g‘olib bo‘lolmaysan!..”

Nihoyat hamma ishtirokchilar g‘oliblikdan umid uzdilar. Faqat boyagi birgina qurbaqa tirishib-tirmashib minoraning ustiga chiqishni uddaladi. Hayrat ichida qolgan ishtirokchilaru tomoshabinlar undan bu mushkul ishni qanday bajarganini so‘rashga oshiqdilar.

Tomoshabinlardan biri g‘olibga yaqin keldi va undan qanday qilib bu ishning uddasidan chiqding, deb so‘radi. Lekin g‘olib uning ham, boshqalarning ham savollarini tushunmaganday indamay turaverdi. Shunda bildilarki, g‘olib qurbaqa kar ekan!

Bu hikoyadan to‘g‘ri xulosa chiqaring. Badgumon kimsalarning umidlaringizni sindirishiga yo‘l qo‘ymang. Hamisha o‘zingizga, qalbingizga ishoning. Shundagina ko‘zlangan marraga yetib borasiz!

“Irfon” taqvimining 2009 yil, 3-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.