background
logotype
image1 image2 image3

Eshagini tanigan-u, do‘stini tanimagan nobakor

Qishloqlik va shaharlik yigitlar do‘st tutinibdi. Qishloqlik qachon shaharga borsa, do‘sti undan yordamini ayamasdi. Qishloqlik uning do‘konida o‘tirar, do‘sti dasturxon yozardi. Shaharlik yigitga do‘sti: «Ey do‘stim! Sen qishloqqa borib, tabiat qo‘ynida ko‘ngil yozib kelganmisan hech. Mevalar pishgan pallada butun oila jam bo‘lib bizning qishloqqa boring. Men ham senga ikrom ko‘rsatib, xizmat qilay?!», deb taklif etdi.  

Shaharlik bu taklifga javoban va’da berib qutildi. Oradan yana sakkiz yil o‘tdi. Qishloqlik har yili shaharga kelar, do‘stinikida mehmon bo‘lar, «Qachon biznikiga borasiz. Yana bir qish o‘tdi-ya», deb gina qilardi.

Do‘sti turli bahonalar topib: «Bu yil falon yerdan mehmon kelgan, falon ishim bor, keyingi yilga nasib bo‘lsa», deb uni ishontirar edi.

Qishloqlik har gal laylakdek kelib, shaharlikning tomiga qo‘nar va odatiy taklifini qilishdan voz kechmasdi. Do‘sti esa doimgidek unga yordam qo‘lini cho‘zar, hatto mol-mulkidan unga ulush ham ajratib turardi.

Qishloqlik bu kelishida do‘stinikida uch oy mehmon bo‘ldi. Undan odatdagidek izzat-ikrom ko‘rdi va uyalganidan: «Do‘stim, va’da bergan eding. Sen meni shuncha paytdan beri aldayapsan. Qachon biznikiga borasan o‘zi?!», deya qishlog‘iga yig‘lagudek bo‘lib ketdi.

Qat’iy taklifga oila a’zolarining qistovi ham qo‘shilgach, shaharlik yigit do‘stinikiga borishga qaror qildi. Bolalari «Qishloqqa boramiz, mazza qilib aylanib kelamiz!», deb xursand bo‘lishdi. So‘ng safar taraddudini ko‘rib, yo‘lga otlanishdi. Safar zavqidan go‘yo jannatga ketayotgandek edilar. Lekin manzil uzoq edi, yo‘l mashaqqatlari ortib borardi. Ba’zida adashib boshqa ovullarga kirib qolishardi. O‘zlari och-nahor, ulovlari ham suvsiz, yemsiz azob tortardilar. So‘ray-so‘ray, nihoyat, do‘stining qishlog‘ini topib borishdi. Lekin do‘sti mehmonlarga umuman e’tibor qilmadi. Shaharlik yigit hayron bo‘lib: «Do‘stim! Mana, taklifingga binoan keldik», dedi.

Mezmon ularni umrida birinchi marotaba ko‘rib turgandek: «Sen kimsan, men seni tanimayman?!», dedi.

Shaharlik: «Men falonchi do‘stingman, axir!», dedi.

Qishloqlik: «Balki to‘g‘ri gapirayotgandirsan. Lekin men qaerdan bilaman, qanday odamsan, pokmi-nopok, to‘g‘rimi yo egri?», dedi.

Shaharlik, noiloj, unga ko‘rsatgan musofirparvarligi, iltifotlarini eslatdi. Ammo do‘sti: «Men na seni taniyman va na ismingni bilaman», deb qutilishga urindi.

Musofirlar roppa-rosa besh kun uning ostonasida qolib ketdi. Beshinchi kecha osmonda bulut to‘plandi. So‘ng sharros yomg‘ir quydi. Mehmonlar ortiq chidolmay, eshikni taqillatishdi.

Qishloqlik uyidan zo‘rg‘a chiqib: «Ha, nima istaysan?!», deb baqirdi.

Shaharlik: «Eshiging oldida besh kundan beri besh yillik zahmat chekdik. Hech bo‘lmasa, mana bunday yomg‘irli oqshomda bizga boshpana ber, koshki bu sen uchun oxiratda savob bo‘lsa!», dedi.

Qishloqlik: «Nariroqda bir kulba bor. U yerni kechasi bilan bo‘ridan himoya qilsang, senga o‘sha yerda qolishingga ruxsat beraman», dedi.

Shaharlik, noiloj, taklifga rozi bo‘lib: «Sen menga kamon bilan o‘q ber», dedi.

Shaharlik va oilasi kulbachaga ko‘chib o‘tishdi. Tor xonada ming azobda yotishardi. Xarobada qurt-qumursqalar ularni bo‘ridan battar talashdi. Xo‘rlikdan jonlari bo‘g‘ziga yetganda, yugurib kelayotgan bir bo‘ri sharpasini ko‘rdi. Shaharlik kamondan o‘q uzdi. Hayvon qattiq ingragan ovoz chiqardi. Uning tovushini qishloqlik uyidan turib eshitib, darrov yugurib keldi. Qo‘llarini tizzasiga urib: «Ey voh! Sen nima qilib qo‘yding. Bechora eshagimni o‘ldiribsan-ku?!», dedi.

Shaharlik: «Sinchiklab qara, qorong‘i bo‘lgani uchun yaxshi ko‘rolmayotgandirsan. U aniq bo‘ri edi», dedi.

Qishloqlik: «Men o‘z eshagimning hangrashini juda yaxshi taniyman! Yigirmata eshak orasidan ham uning ovozini bemalol ajrata olaman», dedi.

Bu gap shaharlik mehmonga juda og‘ir botdi. Uning yoqasiga yopishib: «Ey hiylakor ahmoq! Sen zim-ziyo kechada eshagingning hangrashini tanibsan-u, nahotki, o‘n yillik do‘stingni tanimading?», dedi.

Do‘st tanlash o‘ta mushkul vazifa. Nafsining do‘sti, aniqrog‘i, nafsining quli bo‘lgan nokaslardan vafo kutishning oqibati afsus-nadomatdan o‘zga narsa keltirmaydi.

Tadbir va ehtiyot shuki, yomonga qarshi yomon gumonda bo‘lmog‘ingdir. Bu bilan muqarrar ziyondan qutilasan. Hikoyada kishi puxta, tadbirli va hushyor bo‘lishi zarurligi uqtirilmoqda.

Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan

Turkchadan Abdulloh Rahimboyev tarjimasi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.