background
logotype
image1 image2 image3

Ehson va sadaqaning xosiyati

Iroqning Kufa shahrida juda nochor oila yashar, norasida bolalari ko‘p bo‘lgani uchun ularni kiyintirish, yedirib-ichirish maqsadida ota bechora tinimsiz ishlardi. Bolalar tarbiyasi va ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘lgan onaning esa biror ish topib, eriga ko‘maklashishga imkoni yo‘q edi. Boriga shukr qilib, qanoat bilan yashardilar.

Kunlardan bir kuni otaning qattiq tobi qochib, yotib qoldi. Kasali tobora og‘irlashib borardi. Bir-ikki kun o‘tgach, ro‘zg‘orda yegulik hech narsa qolmadi. Bolalar och qolib, “non” deb yig‘lashardi. Bechora ona o‘ylay-o‘ylay bolalariga:

– Sizlarga hozir biror yegulik topib kelaman, – deb uydan chiqdi. Maqsadi – hovlidan uzoq bo‘lmagan joydagi axlat uyumidan biror narsa topib, bolalarini tinchlantirish edi.

Bu paytda haj mavsumi yaqinlashib qolganligi sababli hajga boruvchilar safarga otlangan edilar. Qutlug‘ maqsad bilan safarga chiqqan taniqli alloma Abdulloh bin Muborak Kufa shahri ko‘chasidan o‘tib borar ekan, axlatlar orasidan harom o‘lgan o‘rdakni topib, patlarini tozalayotgan ayolga ko‘zi tushdi. Unga yaqin kelib so‘radi:

– Bu o‘rdak harom o‘lgan-ku, uni tozalab nima qilasan?

– Bolalarim bilan yeyman, – deb javob berdi ayol.

– Axir, Alloh taolo harom o‘lgan narsalarning go‘shtini iste’mol qilishni man etgan-ku, – dedi kuyinib alloma.

– Mening bolalarim ko‘p, ular uch kundan beri hech narsa yeganlari yo‘q, – zorlandi ayol.

Bu holatga achingan Abdulloh bin Muborak ayoldan uyi qaerda ekanini so‘rab oldi-da, kiyim-kechak, oziq-ovqat xarid qildi. Ularni o‘z xachiriga yuklab, aytilgan uyga keldi va eshikni taqillatdi. Eshikni ochgan ayolga narsalarni berib:

– Ey mushtipar ayol, xachir ham, uning ustidagi narsalar ham sizlarga, ol, tortinma, – dedi.

Ayol ehsonni olarkan, Abdulloh bin Muborak haqiga yig‘lab duo qildi.

Alloma yana bir necha kun Kufada turdi va hajga bormay o‘z shahriga qaytdi. Chunki u bor mablag‘ini ayolning oilasi uchun sarf qilib bo‘lgandi. Uning qaytishi haj mavsumi tugab, hojilar ham o‘z uylariga qaytishlariga to‘g‘ri kelib qolgan edi. Shuning uchun odamlar va tanish-bilishlari kelib, muborakbod etdilar. Ammo Abdulloh bin Muborak e’tiroz bildirib:

– Azizlar, meni ma’zur tutinglar, bu yil haj qilolmadim, – dedi.

Kelganlar: “Vo ajab, axir, hajda birga bo‘lib, sizdan yordam oldim-ku”, “Tashna bo‘lib, charchab qolganimizda bizga suv berib, chanqog‘imizni qondirdingiz”, “Falon joydan bizlarga sovg‘a-salomlar olib berdingiz”, kabi so‘zlar bilan hayratlarini izhor etishdi. Abdulloh bin Muborakning: “Men bularni eslolmayapman”, degan gapidan hayratlari ortib tarqaldilar.

Shu kecha allomaning tushiga bir nuroniy Shayx kirib:

– Ey Abdulloh! Alloh taolo sadaqa va ehsoningni qabul qildi, bir farishtani sening suratingda haj qilishga yubordi. Farishta sening ixlos, pok niyat bilan qilgan sadaqoting evaziga sen uchun haj qildi. Hajing Xudo dargohida qabul qilindi. Hojilik muborak bo‘lsin! – dedi-da, g‘oyib bo‘ldi.

Arabchadan Ahmad Ubaydulloh tarjimasi

“Irfon” taqvimining 2009 yil, 1-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.