background
logotype
image1 image2 image3

Doimo g‘olib edilar

Qari kampirning hayoti birmuncha og‘ir kechar edi. Chunki uning na yaqinlari, na bolalari – hech kimi yo‘q edi. Buning ustiga, ko‘zi ham ojiz edi. Bundan xabar topgan hazrat Umar (roziyallohu anhu) zudlik bilan uning yoniga kelib:

– Ey onajon, men sizning holingizdan har kuni xabar olib turaman. Uyingizni supurib-sidirib qo‘yaman. O‘zingizga qarayman. Taomi­ngizni pishirib beraman. Siz endi hech bezovta bo‘lmaysiz. Mashaqqat ham chekmaysiz, – dedilar. – Faqat bir iltimosim bor. Meni hech kimga aytmaysiz. Sizga ko‘rsatadigan xizmatimni ham biron kimsaga bildirmaysiz. Xo‘pmi!

Kampir xursandlik bilan rozi bo‘ldi. Ona-boladek hayot kechira boshlashdi. Kunlar o‘tdi. Hazrat Umar (roziyallohu anhu) oliyhimmat ishlarini davom ettiraverdilar. Kunlarning birida hayratdan yoqa ushlab qoldilar. Uy supurilgan, atrof chinnidek top-toza. Kampirning oldiga taom ham qo‘yilgan.

Hazrat Umar (roziyallohu anhu) taajjub­lanib:

– Ey onajon! Men sizga, hech kimga aytmang, men o‘zim sizga qarab turaman degan edim-ku, – dedilar.

– Men hech kimga hech narsa aytganim yo‘q, – deb javob qildi kampir.

Hazrat Umar (roziyallohu anhu) "Savobli ishni mendan oldin qilayotgan inson kim ekan", deb turgan vaqtlarida, ne ko‘z bilan ko‘rsinlarki, ichkaridan amirul mo‘minin hazrat Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) chiqib kelmoqda edilar.

– Siz... sizmisiz, ey amirul mo‘minin, jonu-tanim sizga fido bo‘lsin, – dedilar-u, boshqa so‘z aytishga tillari aylanmay qoldi.

O‘sha vaqtlarda hazrat Umar (roziyallohu anhu) adliya ishlariga mas’ul edilar. U zot: "Qanday ishda bo‘lmasin, Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) bilan musobaqalashmay, hammasida u kishi g‘olib chiqar edilar", deb tan olgan ekanlar.

"Saodat quchganlar ibrati" kitobidan olindi.

Islom nuri gazetasining 2012 yil, 10-sonidan olindi.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.