background
logotype
image1 image2 image3

Daryodan o‘ta olmagan imom

Yaqin o‘tmishda, daryo bo‘yidagi qishloqlardan birida keksa va faqir kosib kampiri bilan umrguzaronlik qilarkan. Daryoning narigi tomonida bir bozor bo‘lib, juma kuni, ayniqsa, gavjum bo‘lar, atrofdagi ko‘p qishloqlardan xaridor va sotuvchilar kelishar ekan. Kosib chol ham o‘zi tikkan poyabzallarini sotish uchun ana shu juma bozorga borarkan. Daryoning narigi sohilidagi bozor cholning uyidan ko‘rinib tursa-da, ko‘prik yo‘qligi bois, uyidan ancha chaqirim naridagi sayoz kechuv joyiga borishga to‘g‘ri kelar, shuning uchun chol payshanba kuni kechasi yo‘lga chiqarkan. Olib kelgan poyabzallarini sotib bo‘lgach, juma namozini ado etib, uyiga otlanar va shanba kuni manziliga yetib kelarkan.

Shunday kunlarning birida chol narsalarini tezda sotib bo‘lib, jumaga bordi. Masjidga kirganida imom ixlos mavzuida mav’iza qilardi: «Muhtaram jamoat, ixlosda hikmat ko‘p. Kishi ixlos orqali nainki oxirat, balki shu dunyoning o‘zidayoq manfaat topadi. Misol uchun, ana shu daryodan ham chin ixlos bilan «Bismilloh»ni aytib, xavf-xatarsiz kechib o‘tish mumkin».

Bu gaplar hunarmand chol uchun bag‘oyat yaxshi yangilik bo‘ldi. U imomning aytganlarini shu bugun namozdan keyinoq amalga oshirishni ko‘ngliga tugdi. Qulog‘iga boshqa gaplar kirmas, nuqul endi yo‘li yaqin bo‘lishini o‘ylab quvonar, biroq lopillab oqayotgan daryodan kechib o‘tishni o‘ylaganida ko‘ngliga vahima oralardi.

Namozdan keyin odamlar tarqalgach, sekin imomning oldiga borib so‘radi: «Taqsir, nahotki «Bismilloh»ni aytib daryodan kechib o‘tish mumkin bo‘lsa?»

– Albatta, – dedi imom, – ixlosning xosiyati ko‘p. U bilan bundan ham ajoyib ishlarni qilsa bo‘ladi, faqatgina ixlosni qalbga mustahkam joylash muammo. Agar buning uddasidan chiqsangiz, daryoda xuddi yerdagidek yura olasiz.

Bu gaplardan keksa kosibning shubhasi tumanday tarqadi. Imomga chin dildan tashakkurlar aytib, daryo tomon yo‘l oldi. Qirg‘oqqa yetib kelgach, shimining pochasini ko‘tardi-da, «Bismilloh», deya suvga tushdi. Voajab! Haqiqatan ham u xuddi ko‘lmakdan kechayotgandek bemalol yurardi.

Uyiga birinchi marta juma kunining o‘zida qaytdi. Kampiri bundan hayron bo‘lib, sababini so‘radi. Chol bo‘lgan voqeani birma-bir hikoya qilib berdi. Hayratdan yoqasini ushlab qolgan kampir xayoliga kelgan fikrni eriga aytdi:

– Xo‘jayin, o‘sha ilming ziyoda bo‘lgur imom-domlani bir mehmonga chaqirsak, nima deysiz?

– Juda yaxshi o‘ylabsan, xotin, kelasi juma, Xudo xohlasa, albatta olib kelaman. Sen tayyorgarligingni ko‘raver.

Kelishilgan kuni kosib chol savdoni yakunlab, jumani o‘qigach, imomni uyiga taklif qildi, birgalashib qirg‘oqqa kelishdi.

– Domla, o‘zingiz o‘rgatgandek shu yerdan kechib o‘tamiz-da. Bilasiz, sayoz kechuv joyi juda uzoqda.

Chol shunday deya o‘tgan galgidek bamaylixotir suvga tushib keta boshladi. Bir mahal ortiga o‘girilib qarasa, imom hali ham qirg‘oqda turibdi.

– Ha, taqsir, nimani kutyapsiz, yuring, – dedi chol hayratlanib.

Imom shunday javob qildi:

– E yo‘q, siz yuravering, men o‘sha kechuvdan boraqolaman.

Mohidil Faxriddin hoji qizi tayyorladi

“Irfon” taqvimining 2011 yil, 2-sonidan olindi


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.