background
logotype
image1 image2 image3

Chin tavbaning samarasi

Bani Isroil zaminida qattiq qurg‘oqchilik bo‘lib, yer ustida ko‘kargan maysa qolmadi. Chorvalar ozib-to‘zib ketganidan zo‘rg‘a oyoqda turardi. Odamlar ham ochlikdan o‘lar ahvolga kelib qolishdi. Oxiri odamlar Muso (alayhissalom) huzurlariga kelib:
-     Ey Kalimulloh! Alloh taologa duo qiling, bizga yomg‘ir bersin! deyishdi.
Muso (alayhissalom) o‘rinlaridan turdilar. Olomon u zotga ergashib, sahroga yo‘l oldi. Sochlari to‘zg‘igan, ust-boshlarini chang qoplagan, ochlik va tashnalikdan tinka-madori qurigan qavm payg‘ambar ortidan duoga qo‘l ochdi. Muso (alayhissalom) duo qildilar:
-     Ilohi, bizlarga yomg‘ir ber, rahmatingni boshimiz uzra soch. Emizikli go‘daklarimizga, rizqini yerdan terib yeyuvchi chorvalarimizga va qaddi doim rukuga egilgan qariyalarimizga rahming kelsin... ”
Hamma yomg‘ir yog‘ishini kutardi. Hali duo tugamasidanoq bosh ustiga dumalab tushib, qalbni bir olam quvonchga burkaguvchi ilk tomchilarga rahmat nishonasiga intiq edi. Ammo osmon yana ham charaqlab ketdi. Quyosh avvalgidan ham qattiqroq qizdira boshladi.
Muso (alayhissalom)tinmay:
-     Ilohi, bizlarga yomg‘ir ber, deb iltijo qilarkanlar, vahiy keldi:
-     Oralaringizda qirq yildan beri Menga isyon qilayotgan bir osiy banda bo‘lsa, sizlarga nega yomg‘ir beray! O‘sha osiy sabab yomg‘irsiz qolgansiz. Odamlarga ayt, u orangizdan chiqib ketsin.
Muso (alayhissalom) g‘azab bilan qavmga o‘girilib, bunday dedilar:
-     Ey qirq yildan beri Alloh taologa isyon qilayotgan osiy banda! Bizning oramizdan chiq! To oramizda ekansan, yomg‘ir yog‘maydi!
U osiy kishi qo‘rquv bilan o‘ng tomonga qaradi, hech kim chiqmadi. Chap tomonga qaradi, hech kim qimirlamadi. Ketishi talab qilinayotgan odam o‘zi ekanini bildi va ichida bunday dedi: “Agar hozir bu yerdan chiqsam, xaloyiq oldida sharmanda bo‘laman. Chiqib ketmasam, men tufayli hamma yomg‘irdan mahrum qilinadi...” Uning qalbi o‘rtanib ketdi, ko‘zlariga duvillab yosh keldi. Hech qachon bunday holga tushmagan edi. Chinakamiga afsus-nadomat chekib, boshini kiyimlari orasiga tiqib oldi. Shu holatida ojizona pichirladi: “Ilohi, Senga qirq yil isyon qildim, Sen qirq yildan beri meni sharmanda etmay, aybimni odamlardan yashirding. Menga muhlat berding. Xatolarimni angladim, gunohlarimni kechir, tavbamni qabul et...”.
U o‘ranib olganicha yig‘lar, Alloh taologa tavba-tazarru qilar, iltijo etar edi.
Ko‘p o‘tmay osmonda quyuq bulut paydo bo‘ldi va meshning og‘zidan tushayotgan suvday sharros yomg‘ir yog‘a boshladi.
Bu holdan ajablangan Muso (alayhissalom) Alloh taologa iltijo qildilar:
-     Rabbim, Sen bizlarga yomg‘ir berding. Holbuki, oramizdan hech kim chiqib ketmadi?!
Shunda Alloh taolodan vahiy keldi:
-     Ey Muso, sizlarni kim tufayli yomg‘irdan mahrum qilgan bo‘lsam, o‘sha tufayli yomg‘ir berdim!
Muso (alayhissalom):
-     Ey Rabbim, menga o‘sha itoatli bandangni ko‘rsat, dedilar.
Alloh taolo vahiy yubordi:
-     Bandamni Menga osiylik qilgan holida hammadan yashirgan edim, endi itoatli bo‘lganida uni sharmanda qilaymi?!

Alisher Sultonxo‘jayev tayyorladi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.