background
logotype
image1 image2 image3

Yovuzlik haqida bahs

Professor talabalardan so‘radi:

– Qani, aytinglar-chi, hamma narsani Xudo yaratganmi?!

Talabalardan biri astoydil javob berdi:

– Ha, Xudo yaratgan!

– Agar hamma narsani Xudo yaratgan bo‘lsa, demak, yovuzlik va zulmni ham U yaratgan, shundaymi?

Talaba javob berolmay, jim turib qoldi. Professor o‘z dalillaridan lazzatlanib, talabalar oldida faxrlandi.

Shunda boshqa bir talaba savol so‘rashga ruxsat so‘rab, qo‘l ko‘tardi. Professor ruxsat bergach, o‘rnidan turib, so‘radi:

– Janob professor! Sovuqlik bormi?

– Bu qanaqa savol?! Albatta, bor. Nima, o‘zing hech sovqotmaganmisan?

Talabalar kulib yuborishdi. Shunda haligi talaba:

– Aslida sovuqlik mavjud emas. Fizika qonunlariga ko‘ra, biz sovuqlik deydigan narsa, aslida issiqlikning yo‘qligidir. Fanda no‘l daraja harorat deb qabul qilingan o‘lcham Farengeyt o‘lchovida – 460 daraja hisoblanadi. Bu issiqlikning butkul yo‘qligini bildiradi. Agar butun olam bu darajaga tushib qolsa, borliq narsalar faqat issiq-sovuqni emas, balki boshqa holatlarni ham sezolmaydigan bo‘lib qoladi. Sovuqlik aslida yo‘q. Biz “sovuqlik” so‘zini issiqlik yo‘qligi yo kamligini isbotlash uchun ishlatamiz, – dedi.

Professorning bu gaplarni tasdiqlashdan boshqa iloji yo‘q edi. Talaba so‘zini davom ettirdi:

– Qorong‘ilik to‘g‘risida nima deysiz?

– Albatta, u bor!

– Siz yana xato aytdingiz! Qorong‘ilik ham aslida yo‘qdir. U aslida yorug‘likning yo‘qligidir. Biz yorug‘likni o‘rganamiz, qorong‘ilikni esa o‘rganolmaymiz. Shunday emasmi? Biz Nyuton prizmasi yordamida yorug‘likni rangli nurlarga bo‘lib yuborishimiz, ularning uzunligi va tezligini o‘rganishimiz mumkin. Lekin qorong‘ilik ustida bunday izlanishlar o‘tkazolmaymiz! Yoki yorug‘lik o‘lchash usullariga qararsiz? Shunday emasmi?! Demak, qorong‘ilik tushunchasini inson yorug‘lik yo‘qligini yoki kamligini ifodalash uchun ishlatadi.

Talaba professordan yana so‘radi:

– Yovuzlik va zulm bormi?

Professor:

– Albatta, bor! Uni biz har kuni ko‘ramiz. Dunyoda sodir bo‘layotgan jinoyatlar va zo‘ravonliklar... kishilarning bir-biriga zulm qilishi... Bular yovuzlik oqibati.

– Yovuzlik ham yo‘q narsa. Xudo yovuzlikni yaratmagan. Yovuzlik inson qalbida ezgulik, mehr-muhabbatning yo‘qligidir. Pok e’tiqod va mehr-muhabbat issiqlik va yorug‘lik kabi bor narsalardir. Yovuzlik esa sovuqlik bilan qorong‘ilikka o‘xshaydi. U issiqlik bo‘lmaganida kelgan sovuqlikka o‘xshaydi, yoki qorong‘ilik kabi yorug‘lik ketganida keladi.

Professor talabaning zakovatiga tan berdi. Bu talaba keyinchalik dunyoga mashhur olim bo‘lgan Albert Eynshteyn edi.

Zokirjon Sharifov tayyorladi.

Hidoyat jurnalining 2012 yil, 5-sonidan olindi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.