background
logotype
image1 image2 image3

Tushlarimga kirib turing yo Rasululloh!..

Salomlar bo’lsin Sizga, yo Rasululloh, jonimiz yo’lingizga tasadduq, yo Rasululloh.
Sizni ilk bor ko’rganim yodimda: Bundan o’n besh yil muqaddam – ramazonning ilk kuni edi. O’shanda talaba edim. Gunoh va jaholat biyobonida sang’ib yurardim… bir kuni ketayotsam, oldimdan yaqin do’stim chiqib qoldi. “Bayram qilaylik”, dedim. Ko’nmadi. Qistayverganimdan keyin: “Men ro’za tutganman”, dedi. (Ramazon kelganidan ham behabar qolgan ekanman-da, yo Rasululloh). So’ng menga ham ro’za tutishni nasihat qildi. “Bo’pti ertadan tutaman”, deya so’z berdim.
Ha, Ramazonning ilk kuni edi, mening esa, og’zim ochiq. Ertadan ro’zani boshlasam, “maishat” o’ladi, deya ulfatlar bilan rosa “bayram” qildim…
O’sha kuni ichgancha ichdim. (Allohimga tavba qilaman) So’ng sahar kirmasdan turib yuvindim, kiyimlarimni almashtirib, do’stimning xonasiga tushdim. “Maishat”dan keyingi odatdagi bosh o’g’riqdan asar ham yoq, ruhim juda tetik edi. Uch-to’rt kishi birga saharlik qilib, og’iz “yopdik”. Bir pas ro’za masalalaridan suhbatlashgach, ular bomdod o’qigani boshqa xonaga chiqishdi. Men esa o’ringa cho’zildim. Bir payt ko’zim ilinibdi. O’shanda ilk bor Sizni ko’rdim, yo Rasululloh! Qomatingiz, so’zlaringiz, atvoringiz huddi sahobalaringiz tariflaganidek edi. (Bu ta’riflarni keyinchalik o’qidim.) Bezovta edingiz. Sizni bezovta etgan narsa kechagi ishlarim ekanini bilib turaradim. “Kimdur birinchi kungi ro’zani buzibdi, endi ro’zani hammamiz boshqatdan tutamiz”, dedingiz. Lekin o’sha buzg’inchi men ekanimni bilib turib, aytmadingiz. Huzuringizda uyatdan yerga kirgudek bo’ldim. So’ng… uyg’onib ketdim: do’stlarim namozdan qaytishgan ekan.
O’shanda ilk bor poklik neligini his etdim, yo Rasululloh! Uni Siz anglatib ketdingiz menga, yo Rasululloh! Hamon o’sha poklikni, muborak jamolingizni sog’inaman, lekin Robbimiz dunyo havaslariyu, xato-gunohlar ichra sarson bandasiga Habibining jamolini loyiq ko’rmayotir.
Yo Rasululloh, Sizni sog’inish, jamolingizni bir bor tush ko’rish - baxt, qiyomatda sizni yoningizda bo’lish esa ming chandon ulug’ baxt…
Rabbimizning bizga onalarimizdan ham mehribon ekanini aytsangiz. Ha, biz yakkayu yolg’iz Ilohimizning o’ta rahmli, mehribon va sabrli ekaniga iymon keltirdik. Darhaqiqat, uni shuday topdik. Yoqsa, bir kun oldin – ramazonning ilk kunida katta gunohlarni qilib turgan bir bandasini ertasiga saharlik bilan siylarmidi, Rasulining jamolini izhor etarmidi?!
Yo Rasululloh, mana, yana Ramazon keldi, Rabbimizning rahmat eshiklari ochildi. So’ramagan bo’lsam-da, iymon ne’matini in’om etdi, endi Undan rahmatini, jannatini, sizni shafoatingizni so’rasam, ijobatsiz qoldirmas…
Yo Rasululloh, Sizga salovat va salomlar yo’llaymiz, sizni qiyomatda maqtovli maqomda tiriltirishini, Havzi Kavsar bo’yida bizni Siz ila diydor ko’rishtirishini so’raymiz…
Tushlarimga kirib turing yo Rasululloh!..

Bir ummatingiz 
Musulmonlar taqvim kitobi 2006 (hijriy 1427) IV chorak

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.