background
logotype
image1 image2 image3

Savat toza bo‘ldi

Keksa otaxon nabirasi bilan g‘arbiy Kentukkining tog‘li hududlarida, daryo bo‘yida yashardi. Nabira har tong bobosining kitob o‘qib o‘tirganini ko‘rar va sekin yoniga borib, cho‘kkalab o‘tirar, quloq solar edi. Asta-asta o‘zi ham o‘qishni o‘rgandi. Bir kuni u:
—     Bobo, men ham sizdek o‘qiyman, ammo ma’nosini tushunmayman. O‘qigan joylarim tezda yodimdan chiqib ketadi. Bunday o‘qishdan nima foyda? — deb so‘radi
Bobo savatdagi ko‘mirni pechga solib, nabirasini yoniga chaqirdi:
—     Mana bu savatni ol-da, daryoga borib, bir savat suv keltir, — dedi.
Nabira bobosi aytganidek qildi, ammo uyga qaytgunicha hamma suv savatdan oqib ketdi. Bobosi kulib:
—     Keyingi safar tezroq yurishingga to‘g‘ri keladi, — dedi va yana daryoga yubordi.
Bola daryodan suvni oliboq, uyga yugurdi, lekin bu safar ham hamma suv oqib ketdi. Bola hansirab kelib, savatda suv olib kelish imkonsizligini aytdi va qo‘liga chelak oldi. Shunda bobosi:
—     Menga chelak bilan emas, shu savat bilan suv keltir, sen yetarlicha harakat qilmayapsan, — dedi. Bola savatda suv keltirib bo‘lmasligini, qancha urinmasin, suv savatdan oqib ketaverishini bobosiga ko‘rsatgisi keldi. Yana savatni daryoga tashladi va uni olib, bor kuchi bilan yugurdi. Bobosining oldiga kelganida savatda bir tomchi ham suv qolmagan edi. Bolakay hansiraganicha:
—     Bobo, savatda suv keltirib bo‘lmaydi! — dedi.
—     Harakatim behuda ketdi, deb o‘yladingmi, bolam, savatga bir qaragin, — dedi bobo nabirasiga.
Bola savatga qaradi va ko‘mir solinadigan qop-qora, kir va eski savatning ichi va tashi toza bo‘lib qolganini ko‘rdi. Shunda bobosi unga:
—     Bolajonim, sen kitob o‘qiganingda ham shunday hol yuz beradi. Sen hech narsa tushunmasliging yoki eslab qololmasliging mumkin, lekin uni o‘qiganingda ichki, tashqi tomondan o‘zgarasan, tozalanasan, — dedi jilmayib.

Dilafruz Salohiddin qizi tayyorladi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.