background
logotype
image1 image2 image3

Rayhonlar isi

Kechagina sizu bizga hamnafas bo’lib yashagan, bugun Rahmonning huzuriga safar qilgan yurtdoshimiz hayotining so’nggi daqiqalaridan so’nggi daqiqalaridan bir lavhani siz azizlarga hikoya qilish niyatida qalam ushladim. Bu hikoyam yana qaysimizningdir hidoyatimizga va eng muhimi so’nggi nafasda shahodat keltira olishimizga vasila bo’lar, degan xayrli maqsadni dilga tugdim. Siz azizlarga xayrli uzoq umr imkonini, Shahrisabzda yashab, umrining yigirma oltinchi bahorida vafot qilgan singlimiz Nodiraxonga allohning rahmatini sog’inib:

Gulbahor Abdulloh qizi

Zulayho xola qizi Nodiraning betob bo’lib qolganini eshitgach, qo’li ishga bormay qoldi. O’tirsa-tursa, faqat: “Qizimga nima bo’lgan ekan? Xudoyim shifo bergin!.. Bolalarigayam qarayolmay qolgandir...” degan hayol nari ketmadi.  
Kechga tomon darvozadan kimdir ovoz berdi.
- Shavkatjon, kimdir kelganga o’xshaydi, - dedi xola shom namozini o’qimoqlik uchun joynamoz yozarkan.
Kelgan mehmon Nodiraning umr yo’ldoshi Akromjon edi. Salomlashib, hol-ahvol so’rashgach, xola darhol qizi haqida so’radi.
- Do’xtirga olib bordik, lekin aniq bir to’xtamga kelishgani yo’q. Hozircha uyda shifokorlarning nazoratida muolaja olyapti, - dedi kuyovi.
- Bolalargayam qarayolmayatgandir?..
- Bolalarga onam qarayptilar, siz xavotir olmang.
- O’rgilay, Akromjon, yaxshiyam taqdiriga sizday tushunadigan turmush o’rtog’i, onangizday mehribon qaynona bitilgan ekan, ming rahmat…
Kunlar o’taverdi. Xastaning rangi kun o’tgan sayin so’lib boraverdi. 
Uni ko’rsatishmagan tabib-do’xtirlari qolmadi, hisob.
“Cho’kayotgan odam xasga yopishadi” deganlaridek, kim nima desa, hammasini qilib ko’rishdi. Nodira tuzalish o’rniga brogan sari og’irlashaverdi… Bundan xavotirga tushgan onasi Akromga: 
- O’rgilay o’g’lim, meni to’g’ri tushunsangiz, bittagina iltimosim bor. Har kuni qizimning ahvolidan xabar ololmayman, qarichilik… Lekin, ko’rmasam ham ko’nglim tinchimaydi. Rozi bo’lsangiz, ozgina o’ziga kelgungacha men olib ketsam. Onangiz ham sizga, bolalarga, qizimga qarab, ancha toliqib qolganga o’xshaydi, nima deysiz? – dedi.
 Akromning roziligi bilan Nodira ota uuyiga olib kelindi. Hovliga ekib qo’yilgan, kuzak shamolida bitta-bitta barg to’kayotgan gullarga deraza osha termulgancha yotgan Nodira:
- Onajon, namoz vaqti kirdimi? – deya so’radi.
- Ha bolam, peshin endigina kirdi.
- Men o’qib olayin.
- Avval ovqatingni yeb ol, keyin o’qiysan. Yangang sen uchun ataylab qaynatma pishiribdi.
- Onajon, jon omonat ekan… Shunday og’ir ahvolga tushganimdan keyin anglab yetdim bu haqiqatni. Har bir nafasimiz g’animat… Bir kosa ovqatni yeb bitirgunimizcha yetadigan imkon berilganmi-yo’qmi, bilolmaymiz. Avval Allohning buyrug’ini ado qilay. Yemak bu dunyolik, ibodat oxiratlik…- dedi-yu, tayammum qilishga hozirlandi.
Zulayho xola qizining og’zidan chiqayotgan har bir so’zdan hayratlanar, nazarida uning gaplari oddiy gap emas, hikmatlarga o’xshardi…
Ona bir kuni tanishlaridan bir gap topib keldi:
-Nodira qizim, bir folbin xotin bor ekan. Judayam kuchli deyishyapti. Do’xtirlar davolay olmagan kasallarni qararkan, tuzatarkan. Shuni olib kelsak, nima deysan?
-Folbin? Onajon, axir folbinga borish ham, fol ochirish ham gunoh-ku! Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida fol ochguvchiyam, ochirguvchiyam la’natlangan, - dedi.
- Sening qiynalayotganingni ko’rib turib qanday chidayman, bolam? Axir onangman!..
- G’am chekmang, onajon. Kasallikni bergan Xudoyim, xohlasa, shifosini ham O’zi beradi. Alloh bizga nimaniki taqdir qilgan bo’lsa, hammasida hikmat bor. Shu yotishimda qancha-qancha gunohlarim to’kildi, buning hisobini na siz, na men bilamiz. Har doim Xudoning aytgani bo’ladi, ko’nmay ilojimiz yo’q. Yaxshisi, namozlaringizda haqqimga duo qiling, - dedi.
Nodira hufton namozini o’qigach, uzoq vaqt duo qildi, so’ng uyquga ketdi. Tush ko’rdi. Tushida u yotgan uyning qibla taraf devoridan ikki barobar balandlikdan qo’zni qamashtiradigan darajada nurdan parda bor emish. Nodira hayrat ichra pardaga boqib turarkan, undan bir ayol chiqib kelibdi. Ayol qo’llarida o’zidan nur taratib turgan Qur’oni Karimni ushlagancha jilmayib turarmish. Yaxshilab qarasa, unga ilk bor namoz o’qishni o’rgatgan, “Muallimi soniy”dan saboq bergan ustozi ekan. Ayol Nodiraning o’ng qo’liga bir bilaguzuk taqibdi-yu, nurdan bino bo’lgan parda bag’riga singib ketibdi…
Nodira o’ziga kelgach, qo’liga qarabdi. Bilaguzuk oltindan ishlangan bo’lib, o’rtasida ta’riflarga sig’mas darajada benihoyat go’zal, mo’jazgina Qur’oni Karim o’rnatilgan emish…
Tush ta’sirida uyg’onib ketdi-yu, ko’zlariga qaytib uyqu kelmadi.
Tuni bilan yig’lab chiqqan Zulayho xola nima qilishini bilmasdi. Folbinga boray desa, Xudodan qo’qadi, bormay desa, “Chiqmagan jondan umid, shuniyam bir ko’rsak, keyin armon bo’lmasmidi…” degan xayolni shayton ongiga quyaverdi.    
Ertasi turib, folbinga borishga qaror qildi.
Uylariga folbin ayol doirasini ko’tarib kirib kelganda Nodira peshin namozini o’qiyotgan edi. Unga ko’zi tushgan folbin bir seskanib tushdi.
Nodira onasiga savol nazari bilan qararkan, ona qizining o’tkir nigohidan ko’zlarini olib qochdi.
Folbin ayol darhol ishni boshlab yubordi:
- Sening foling ko’rinyapti, qizim! Tez orada sog’ayib ketasan va mendan ham kuchli folbin bo’lasan. Faqat buning uchun qirq kun chillada o’tirishing kerak va mening ko’rsatmalarimni to’la ado etishing shart! Sen “odamli” ekansan, “qo’l” olmasang, jinni bo’lib qolishing hech gapmas, dedi.
- Nima qilishim kerak? – so’radi Nodira. 
- Bir daraxtning tagiga borasan-da, “Momolarim, kelinglar-o-o, kelingla-a-r, menga madad beringlar!” deysan. Momolar o’zi kelib,  davolab olishadi. Keyin ular senga nimani buyurishsa,  o’shani qilasan, - dedi.
- Shu xolosmi? – dedi Nodira.
- Eng asosiy bir narsani unutibman. Momolardan folbinlikka “qo’l” olganingdan keyin also “A’uzu billahi minash-shaytonir-rojiym”ni aytmaysan, “Oyat al-Kursiy”niyam o’qimaysan, buni unutma! Hozir kasalsan, namoz o’qishing ham shartmas. Tuzalganingda o’qirsan. Hali yosh bo’lsang, hammasiga ulgurasan! – dedi.
Nodiraning qulog’iga kimdir: “Shu folbinning etagidan mahkam tut. Tezda shifo topasa, ham el ichida tanilib, pulga ko’milasan. Boyidingmi bas, ko’ngling tusaganiday yashaysan. Dunyo besh kun bo’lsa, o’zingni qiynab nima qilasan? O’qiyotgan namozlaring senga nima ham qilib berardi?!” – deya shivirlaganini aniq eshitdi. Bir muddat karaxt ahvolda turib qoldi. 
So’ngra:
- Astag’firulloh! – dedi. Va “La ilaha illalloh”, deya o’zini qo’lga olishga urindi:
- “Momolaringiz” – jinlar, shundaymi? Balki ular dunyodagi ishlaringizga yordam berayotgandir. Oxirat-chi?! Jannatga kirishingizga ham kafolat bera olishadimi o’sha “odamlaringiz”?! Bu dunyo uch-besh kun, o’tadi-ketadi. Lekin haqiqiy-abadiy qoladigan joyimizda ahvolimiz nima kechadi? Bu dunyoda shaytonga ergashganlar oxiratda uning ortidan do’zaxga tashlanadi-ku? – dedi.
Folbindan sado chiqmadi.
Nodira:
- Oldin siz kecha tunda ko’rgan tushimni eshiting. Xulosani o’zingiz chiqarasiz, - dedi.
Tushini so’zlab bergach:
- O’ng qo’limda o’sha bilaguzukning zalvorini hamon sezyapman, - dedi. 
Folbin nima qilishini bilmay qoldi. Shunda ham tayyor “o’lja”ni qo’ldan chiqarmaslik ilinjida doirasini qo’lga olib ura boshladi. Lekin doira qo’lidan otilib chiqib ketdi. Bu holat uch bora takrorlandi. Qaro terga botgan folbin ayol oxiri tan oldi: 
- O’zi kirib kelishimdan namoz o’qiyotganini ko’riboq, ko’nglim bir nimani sezganday bo’luvdi. Qizim, men ham folbinlikka “qo’l” olmasimdan oldin bir tush ko’rganman. Tushimda buvimdan qolgan eski sandiq ichida o’zidan nur taratib turgan benihoyat chiroyli kitobni ko’rdim. Turib kitobni olish uchun qo’l uzatarkanman, kimdir doira tutqazib ketdi. Kitobni ololmadim. Keyin balsam, o’sha kitob Qur’on ekan. Kitobni tushimda ololmagan bo’lsam ham, o’ngimda gunohlarimga tavba qilib, namoz o’qiganimda, men ham hozir jin-shaytonlarning tuzog’iga ilinganman, folbinlik qilmagan bo’larmidim? Shu-shu shaytonning yo’lidaman, hech chiqolmayman, - dedi.
Folbin ayol ketgach, Nodira onasiga tahorat olmoqchi ekanini aytdi. So’ng “Istig’for” namoziga niyat qildi. Sajdaga bosh qo’ydi va shu holatda umrining yakun topishini dildan istadi… Bir ozgina folbinni tinglagani uchun, uning fol ko’rishiga ruxsat bergani uchun o’zini kechirolmas edi.  Inson ozgina ojizlik qilib qo’ysa bas, shaytonning tuzog’iga tushib qolishi tayin ekanini anglab yetgandi. Va uni shaytonning sharridan asrab qolgani uchun Tangri Taologa shukrlar aytib yig’lardi…
Shifokorlarning tavsiyasi bilan Nodirani poytaxtdagi shifoxonaga olib ketishadigan bo’lishdi.
U otasidan iltimos qildi.
- Otajon, agar iloji bo’lsa, Maxsum bobo biz bilan borsinlar…
Yil davomida faqat Ramazon va Qurbon hayitidagina og’zi “ochiq”, qolgan paytlar hamisha ro’zador holatda yuradigan, o’ta taqvodorligi bois, el ichida “non yemas bobo” nomini olgan Maxsum bobo xastaning iltimosini yerda qoldirmadi.
Palataning shiftiga termulganicha har nafasida “Alloh, Alloh” deya zikr aytayotgan Nodira o’ng yoniga o’girildi va negadir ko’zlari porlagancha: 
- Onajon, menga bir dona rayhon uzib bering, dedi.
Uning bu gapidan ajablangan onaizor darhol qiziga egilgancha, peshonasiga qo’l uzatdi.
Nodira: 
- Onajon, tashvishlanmang, xayolim joyida. Qarang, nahotki ko’rmayotgan bo’lsangiz, oyog’ingizning osti to’la rayhon-ku! – dedi. So’ngra uch bora rayhon uzayotgandek harakat qildi-da, ohista o’rniga uzalarkan: - Oh-h!.. Bunchalar xushbo’y bo’lmasa!.. – deya jilmaydi.
Onaizor dilbandining harakatlarini ming hayrat ichra kuzatarkan, xonani tutib ketgan rayhon hididan sarxush bo’ldi-yu, bu sir-sanoat qarshisida lol qoldi…
- Onajon, qishlog’imizdagi imom-domla so’nggi namozlarini yotib o’qigan ekan, deganmidingiz?
- Ha, bolam, nima edi? 
- Unda men ham domlaga o’xshab…
- Bolam, meni qo’rqitma, onaginang o’rgilsin! – degancha qizini mahkam bag’riga bosdi-yu, onaning ko’zlaridan qaynoq yoshlar seli quyildi…
- Qo’rqmang, onajon!.. O’limdan qo’rqish kerakmas, unga tayyorlanish kerak, - deya, zaifgina barmoqlari bilan onasining yuzlarini siladi Nodira…
Namozdan so’ng U Maxsum boboni so’radi.
Bobo kirgach:
- Bu yog’i sizga xavola, bobojon, - dedi. 
Maxsum bobo xastaning yoniga cho’kkancha “Yasin” tilovatini boshladi. “Yasin” yetti bor o’qildi. Xasta ham yetti bor tilovatga hamrohlik qildi. So’ngra:
- Allohim, diydoringga, ishqingga intizor bandangman. Meni Rahmatingdan judo aylama! – dedi.
Avval chap yoniga, so’ngra o’ng yoniga qaradi-da: 
-    Ash-hadu al-la ila-ha il-lal-lo-o-oh… dedi-yu, tabassum ichra ko’zlarini manguga yumdi…


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.