background
logotype
image1 image2 image3

Qaytar dunyo

Ko’pni ko’rgan bir nuroniy otahon hikoya qilib bergan edi:
“Bog’ hovlimiz Bo’rijar atrofida edi. Yon-atrof notekis, past-baland bo’lib, qo’shni bog’ biznikidan ancha baland, o’rtadagi devor o’rniga shox-shabba tashlab qo’yilgan edi. O’n olti yoshlarda bo’lsam kerak, bog’da bir o’zim mayday-chuyda ishlar bilan andarmon edim. Baqiriq ovoz kelganday bo’ldi. O’rnimdan turib atrofga razm soldim. Yana haligi ovoz tepa bog’ tarafidan aniq keldi. Yaqinroq borib quloq soldim: “Voy musulmonlar, bu oqpadar meni o’ldirib qo’yadi”, degan ovoz eshitildi. Shoxlarning ustidan sakrab qo’shni boqqa tushib, narigi tarafiga yugurib bordim. Qo’shnimizning 23-24 yoshlardagi o’g’li qari otasini ikki yoqasidan ushlab, qari tutga tirab, beayov urardi. Men o’g’lining qo’liga yopishdim.
-    Ey aka, nima qilyapsiz?
U bir qo’li bilan meni turtib, ikkinchi qo’li bilan otasini sudiragancha, ora-sira tepa boshladi. U baquvvat edi, har qanaqasiga harakat qilsam-da kuchim yetmasdi.
- Qoch bizning ishimizga aralashma men bu yaramasni o’ldiraman, - deb o’kirardi oqpadar.
Bor kuchimni yig’dim-da, uning ikkala oyog’ini mahkam quchoqlab yiqitib oldim. Dimog’imga gupillab aroqning achimsiq hidi urildi. Orada aft-basharamga bir-ikki musht tushdi. Qariya fursatdan foydalanib qo’ldan chiqdi-da surgala-surgala qarg’aganicha qochib qoldi. Men ham turib, bog’imiz tomon juftakni rosladim. Allamahalgacha qoshnikidan baqiriq-chaqiriq, mening nomimga haqoratlar eshitilib turdi. Keyin u meni ko’cha-kuyda yolg’iz ko’rsa “adabingni berib qo’yaman” deb tishini g’ijillatib do’q qiladigan bo’lib qoldi. Men ahamiyat bermaslikka harakat qilardim.
Oradan yillar o’tdi,ancha suvlar oqib ketdi. Bog’ hovlimizda ukam, men esa shahar hovlimizda turar edim. Lekin ora-sira, ayniqsa dam olish kunlari bog’ ishlariga qarashib, hordiq chiqarib qaytardim.
Kunlardan bir kun xomtok qilayotsam, qo’shni bog’dan qachonlardagidek dod-voy eshitilib qoldi. Tokqaychini qo’ydimu, shaxdam qadam bilan ovoz kelgan tomonga yurdim. Devor ustidan o’tib olishim biroz qiyin bo’ldi. Tavba, xuddi bir kinofilmni takroran ko’rayotgandek edim. Otasini bolasi o’sha qari tutga suyab urardi, beayov tepardi. Faqat kaltaklanayotgan men bir vaqtlar ko’rgan o’sha oqpadar edi. U meni ko’rdi-yu:
-    Meni bu oqpadarning dastidan qutqar, bo’lmasa o’ldirib qo’yadi, - deb rahmatlik otasi kabi yolvora boshladi.
Qattiq hayratga tushgan edim. Ularga yaqinroq keldim-da:
-    Xuddi shu yerning o’zida otang otasini rosa tepkilagan edi. Qani, o’g’il bola, navbating kepti, sen ham tep-chi, och biqiniga tep, - dedim.
-    Voy-dod, nima deyapsan, o’ldirib qo’yadi-ku, insofing bormi o’zi, dod, - deb baqirdi.
-    Kallasiga musht tushir, shunday qilgan edi otang otasini, - dedim qo’lim bilan ko’rsatib…
Kinoyali so’zlarimga tushundimi yoki charchoqdanmi, oqpadar o’g’il, oqpadar otasini urishdan to’xtadi.
Kaltakdan horigan otaning ko’zlariga qaradim. “Qaytar dunyo, qaytar dunyo”, deb ho’ng-ho’ng yig’lar edi.”

Omonulloh Mutal (Musulmonlar Taqvim kitobi, 2005-1426 II)

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.