background
logotype
image1 image2 image3

O‘rnida berilgan dars

Bir zamonda hayotdan hadeb noliyveradigan qiz bor edi. Uning fikricha hayot yovuzlikdan iborat bo‘lib, ularga qarshi kurashishdan, birining ortidan ikkinchisi kelaveradigan muammolar toliqtirganidan shikoyat qilardi.

Yoshgina qizining nolishlaridan charchagan otasi unga saboq berishni ko‘ngliga tugdi. Kasbi oshpazlik bo‘lgan ota shu qaror bilan qizini o‘zi ishlaydigan oshxonaga olib bordi. Bir so‘z demasdan, suv to‘ldirilgan uchta qozonchani olov ustiga qo‘ydi. Ularning birinchisiga kartoshka, ikkinchisiga tuxum va uchinchisiga qahva donlarini solib, jimgina o‘tiraverdi. Qiz hech nimani tushunmayotgan bo‘lsa ham, jarayonning oxiri nima bo‘lishini kuta boshladi. Lekin sabri chidamadi, yana qancha kutamiz, deya savol yog‘dira ketdi. Biroq otasi uning so‘rovlarini javobsiz qoldirdi. Nihoyat, yigirma daqiqa o‘tgach, ota qozonchalarni olovdan oldi.

Kartoshka va tuxumni alohida-alohida likobchalarga soldi. So‘ngida uchinchi idishdagi qahvani piyolaga bo‘shatib, qizidan so‘radi:

– Nimani ko‘rayapsan?

– Kartoshka, tuxum va qahvani, – javob berdi qiz.

– Yo‘q, sen bularga yaqinroqdan qara, avval kartoshkani ushlab ko‘r.

Qiz kartoshkani qo‘liga olib, uning yumshab qolganini aytdi.

– Endi tuxumni tekshir.

Qiz po‘stlog‘ini archib ko‘rdiki, tuxum qattiqlashgan.

Oxirida ota qiziga piyoladagi qahvadan ho‘plashni buyurdi. Qahvaning yoqimli ta’mi va isidan qizning yuzida mamnunlik aks etdi.

Lekin qiz bulardan hech ma’no chiqarolmadi va:

– Bundan ko‘zlangan maqsadni tushunolmayapman, – dedi.

Shunda otasi izoh berdi. Avval qiyinchiliklar bilan doimo yuzma-yuz yashaydigan insonlar kabi kartoshka, tuxum va qahva donlari ham mushkul vaziyatda, ya’ni, qaynayotgan suv ichida qolishganini tushuntirdi. Ammo bu jarayonning ta’siri ularning har birida o‘zgacha namoyon bo‘ldi. Ya’ni, kartoshka garchi qattiq, mustahkam ko‘ringan bo‘lsa ham, qaynatilgach yumshab qoldi, kuchdan ketdi. Ichidagi suyuqlikni tashqi qobiq qo‘riqlab turishiga qaramasdan, qaynoq suvda tuxumning ichi qattiqlashdi. Faqat qahva donlarining holati boshqacha edi. Ular qaynash davomida o‘zlari o‘zgarganlari singari, suvni ham o‘zgartirgan, natijada tamoman yangicha narsa yuzaga keldi.

“Senga qaysi holat ma’qul? – deb xulosalariga yakun yasadi ota. – Hayotdagi qiyinchiliklar qarshisida kartoshka kabi ezilib, irodani boy berishmi? Yoki qiyinchilik paytida tuxumda kechganidek qalbning qattiqlashuvimi? Yo‘qsa qahva donlari kabi hayotda uchragan mushkulliklar tuyg‘ular kamoliga xizmat qilishini anglab, bu holat hayotingga o‘zgacha, yangi ma’no bag‘ishlashiga yo‘l berishni ma’qul ko‘rasanmi?”

“Irfon” taqvimining 2009 yil, 4-sonidan olindi.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.