background
logotype
image1 image2 image3

Najotni Qur’ondan topdim

(Hoshimjon qori hikoyasi)

Xotinimning ko‘zi yorishadigan kun yaqin qolgan edi. Ayollar maslahatxonasiga borsa, do‘xtirlar homilaning rivojlanish muddati o‘tib ketgani, endi bola kattalashib, tug’ish nihoyatda qiyin bo‘lishini aytib, qo‘rqitishibdi. Ularning tavsiyasiga ko‘ra ayolimni tug’ruqxonaga zudlik bilan yotqizdim. Davolovchi do‘xtir qo‘limga bir necha qimmatbaho ukol va dori-darmonlarning ro‘yxatini tutqazdi. Agar ularni topib, tezda muolaja boshlanmasa, ona-bolaning hayotiga katta xavf borligini, tug’ish nihoyatda og’ir kechib, hatto o‘limga olib borishi mumkinligini yaxshilab tushuntirdi. Ayolim va bolamni hayotini o‘ylasam, shoshilinch dorixonaga chopishim kerak emish. Shifokorlar huzuridan bo‘shashib chiqarkanman, boshim qotdi. Sababi, dori-darmonga pul yo‘q. Anchadan buyon betobligim sababli ishlay olmayman. Ro‘zg’orni uchma-uch arang o‘tkazib turgan edim. Buncha pulni topish amrimahol. Hozirgi paytda kimdan ham qarz so‘raysan, hammaning holi o‘ziga tayin. Shu hayollar bilan uyga qanday kelganimni bilmay qoldim. Yolg’iz qolgan kenjamizni ovqatlantirib, uxlatib qo‘ydim. Keyin har kungi mashg’ulotim – Qur’oni karimni xatm qilishga kirishdim. Boyadan beri miyamni band qilib, ko‘nglimni g’ash qilib turgan hayollar nari ketdi. Buyuk Parvardigorning mo‘‘jiz kalomi ichra g’arq bo‘ldim. Haftasiga bir marta Qur’oni majidni xatm qilaman. Mushafni ochib, kelgan joyimdan tadabbur bilan tilovatni boshladim. O’n uchinchi juzga kelgan edim. Ra’d surasini o‘qishga kirishar ekanman, birdan miyamda yalt etib nimadir chaqnagandek bo‘ldi. Suraning 8-9-oyatlariga kelganimda hayratdan «Subhanalloh!» deya hayqirib yubordim. Beixtiyor ko‘zlarimdan yosh otilib chiqdi. Oyatlar mazmuni quyidagicha edi: «Faqat Allohgina har bir ayolning ko‘tarib yurgan homilasini (o‘g’ilmi-qizmi, rasomi-norasomi, chiroylimi-hunuk ekanini) ham, bachadonlar (muddatidan ilgari) tashlaydigan bolani ham, (to‘qqiz oydan) ortiqroq turib qoladigan bolani ham bilur. U zot dargohida har bir narsa o‘lchovlidir. U g’aybu shahodatni (ya’ni maxfiy va oshkora barcha narsani) bilguvchi buyuk va yuksak zotdir». Suraning shu joyiga kelganimdagi holatimni tasvirlashga til ojiz, qalam noqis. O’zim Qur’onni necha bor o‘qib, hamma narsa Allohning hikmat-irodasi bilan bo‘lishiga imon keltirsam-u, ojiz bir bandaning gapidan vahimaga tushib, qayg‘g’urib, iztirob chekib o‘tirsam?! Imonim bu qadar sustlashib ketganiga istig’for aytdim. Joynamozni yoyib ikki rakat namoz o‘qidim. Duoga qo‘l ochib, Allohdan ayolimning ko‘zi yorishini oson qilishini, ikki jonni O’z panohida asrashini so‘rab yolbordim, iltijo qildim. Duoda Ra’d surasining boyagi oyatlarini bir necha marta qaytarib, Allohdan najot, omonlik so‘radim. Yolg’iz O’ziga tavakkul qilib, xotirjam uyquga ketdim. 
…Ertasiga nonushtadan keyin xotinimdan xabar olgani borgan singlim hovlimizga suyunchi so‘rab, xursand kirib keldi: «Akajon, o‘g’illi bo‘libsiz, pahlavon o‘g’il tug’ilibdi. Ona-bolaning ahvoli yaxshi!» «Alhamdulillah» deb Allohga hamd-shukrona aytdim. Zotan, bundan boshqa so‘zga hojat ham yo‘q edi… 

Ja’far Abdulmo‘min

2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.