background
logotype
image1 image2 image3

Nadomatga o‘rin yo‘q

1924 yili Parijda o‘tkazilgan Olimpiada o‘yinlarida eshkak eshish bo‘yicha g‘oliblikka asosiy da’vogar AQSh terma jamoasi edi. Jamoa a’zosi Bill Xevensning esa ko‘ngli xavotirda. Chunki shifokorlar bergan xulosaga ko‘ra, rafiqasining ko‘zi yorish kunlari musobaqalar bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelishi mumkin.

O‘tgan asrning yigirmanchi yillarida Parijdan Nyu-Yorkka tezkor samolyotlar yo‘q, ummonni faqat og‘ir kemalarda suzib o‘tish mumkin edi, xolos. Bill ikki o‘t orasida qoldi – Parijga borib yirik sport musobaqalarida qatnashish yoxud musobaqadan voz kechib, oilasi bilan birga bo‘lish. Garchi rafiqasi Billni musobaqaga borishga undasa-da, u uyda qolishga qaror qildi...

Kutilganidek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha AQSh terma jamoasi Olimpiada o‘yinlarining oltin medallariga sazovor bo‘ldi. Billning farzandi tug‘ilishi esa shu qadar kechikdiki, bu muddatda bemalol musobaqalarda qatnashib kelishi mumkin edi. Odamlar gap-so‘z qilishdi: «Ahmoq...» Biroq bo‘lajak ota zarracha afsus chekmadi, to‘g‘ri qaror qabul qilganiga ishonchi komil edi. Nihoyat, farzandi tug‘ildi – o‘g‘il. Unga Frenk deb ism qo‘yishdi...

Oradan 28 yil o‘tib Bill Frenkdan telegramma oldi. Telegramma navbatdagi Olimpiada o‘yinlariga mezbonlik qilayotgan Xelsinki shahridan jo‘natilgandi: «Dada, men g‘alaba qozondim. Uyga siz meni kutib boy bergan oltin medalingiz bilan qaytyapman».

Frenk Xevens otasi bir umr orzu qilib erisholmagan kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Olimpiada o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritgan edi.

Shoakmal tayyorladi

“Irfon” taqvimining 2011 yil, 2-sonidan olindi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.