background
logotype
image1 image2 image3

Komil mo’minlik belgisi

 Imom Buhoriy “Sahih” larida kelgan bir hadisi sharifda Payg’ambarimiz (s.a.v.) bunday deganlar: 
    “O’zingiz yahshi ko’rgan narsani birodaringizga ham ravo ko’rmaguningizcha hech biringiz chinakam mo’min bo’lmaysiz”. 
    Bu hadisi sharif mo’min kishining qanday bo’lishi lozimligini ko’rsatadi. Islomda saxiylik sifatining naqadar baland o’rin tutganiga dalolat qiladi. Ammo “yahshi ko’rgan narsa”deganda faqat moddiy ne’matning o’zini tushunmaslik kerak. Boshqacha aytganda, bu hadisi sharifda moddiy ne’matlar bilan sahiylik qilish ham ko’zda tutilgan, biroq shuning o’zigina emas. Xadisi sharif ma’nosini yanada to’la bilish uchun, avvalo, mo’min nima nima narsani yahshi ko’radi, degan savolga javob topish kerak. 
    Albatta, mo’minning eng yahshi ko’rgan narsasi – uning ko’ksidagi IYMONI dir. Chinakam mo’min boshqa hech bir narsani Alloh taoloni hamda payg’ambarimiz Muhammad Mustafo (s.a.v.) ni sevganchalik sevmaydi. Chinakam mo’min yolg’iz Allohning roziligini istab yashaydi, bu dunyoning lazzatidan u dunyoning lazzatini afzal biladi. Iymonni hamma narsadan ortiq ko’rganidan bu dunyoda ham huzur – halovatda, rohatda umr kechiradi. Bilardan kelib chiqadiki, komil mo’min bo’lishdan umidvor har bir kishi o’zining mana shu holatini birodarlariga ham, xotin va bola – chaqalariga ham ravo ko’rishi lozim bo’ladi. Darhaqiqat, o’zi iymon nuridan, iymon lazzatidan bahramand bo’lib yuraversa-yu, boshqalarga shunday nurni ravo ko’rmasa, u qanday mo’min bo’ladi?!
    Demak, mazkur hadisi sharif botinida Islomga da’vat qilish har bir kishi iymonining komilligi belgilaridandir, degan ma’no ham bo’lsa ajab emas.
    Payg’ambarimiz (s.a.v.) ushbu muborak vasiyatlariga amal qilgan holda, komil mo’minlik sari intilib, yon – atrofimizdagilarga ham iymon ulashaylik, Islomga da’vatni bir daqiqa ham to’xtatmaylik.

Nurulloh Muhammad Raufxon,
“Musulmonlar taqvim kitobi”, 1999yil I - chorak

 


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.