background
logotype
image1 image2 image3

Ichkaridagi rohatdan tashqaridagi mashaqqat afzal

Yelkasida og‘ir yuk tashib, rizqini topadigan bir hammol namozlarida har doim:

— Ey Allohim, menga nima bersang, xayrlisini ber, bitta non bo‘lsa ham xayrlisini ehson et, — deb duo qilardi.

Hammolning doim bir xil duoni takrorlashi atrofidagi kishilarning e’tiborini tortardi. Nihoyat bir kuni:

— Nimaga doim bir xil duoni takrorlaysan? Nonning xayrsizi ham bo‘ladimi? — deb so‘rashdi.

— Mening boshimga tushganlarini bilganlaringda sizlar ham shu duoni takrorlagan bo‘lardinglar.

— Nima ekan boshingga tushgan, ayt, biz ham bilaylik.

— Men yelkamda og‘ir yuk tashib, non topadigan odamman. Bir kuni og‘ir yuk ko‘tarib tepalik tomon chiqar ekanman, qattiq charchaganimdan yukni yerga qo‘yib, peshona terimni artib turib, ichimdan bir faryod otildi:

“Ey Robbim, yeyayotgan nonimni juda qiynab beryapsan. Shu birgina nonni mehnat, zahmatsiz o‘tirgan joyimda topishimni nasib qilgin!”

Bu duo og‘zimdan chiqar chiqmas, birdan qarshimda ikki kishining janjallashayotganiga ko‘zim tushdi. Oraga tushib, ularni ajratmoqchi bo‘ldim. Ulardan biri zarba berib, yuzimni qonatdi. Bu janjal ustiga kelgan mirshablar meni ham ularga qo‘shib hibsga oldi. Mahkama qarori chiqquncha qamoqda yotdim. U yerda menga har kuni non berilardi. Yotgan joyimda tekinga beriladigan bu nonni g‘am-alam ichida yeyolmasdim. O‘zimga aytardimki: “Mana, na yelkangda yuk tashiysan, na peshonangdan ter oqadi. O‘tirgan joyingda mehnat-mashaqqatsiz kelgan bu nonni yeyolsang-chi!”.

Shunda bildimki, tashqarida (ozodlikda) mehnat qilib, poshona terim bilan topgan nonim, hibsda, yotgan joyimda tekinga beriladigan nondan lazzatli va huzurbash ekan. Men noto‘g‘ri duo qilgan ekanman. Shu kundan boshlab duoni o‘zgartirdim. Allohdan mehnat-mashaqqat bilan bo‘lsa-da xayrlisini ber — deb so‘raydigan bo‘ldim.

Turkchadan Maryam Osiyo tarjimasi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.