background
logotype
image1 image2 image3

Haqiqiy iymon

Bizga ushbu voqeani bir birodarimiz aytib bergan edi: “80-yillar oxirida taftish ishlari bilan viloyatlarga tez-tez safar qilar edik. Ana shunday safarlarning biri Buxoroga bo’ldi. Buxoroda ajoyib doctor tanishimiz bor edi. Do’stlar bilan kelishib, ana shu insonning uyida dam olishni rejalashtirdik. Sobiq ittifoq davrida insonlarning dinga bo’lgan e’tiborini hamam bilardi. Ayniqsa, tibbiyot sohasidagilar “din-afyundir!” shioriga qattiq amal qilishgan. Lekin biz qo’ngan manzil egasi sharoitlarimizni dinimizga moslab berdi.
Kechqurun xonadon sohibi bilan suhbatlashib o’tirganimizda, sheriklarimdan biri so’rab qoldi:
-Kechirasiz, diyonatli doktorlarni kam ko’rganmiz. Siz ancha-muncha ilmli ko’rinasiz. Islom dinini o’rganishingizga nima sabab bo’lgan?
Bu savol doktor oshnamizni bir oz o’ylatib qo’ydi va xayollarni uzoq-uzoqlarga olib ketdi:
-Qiblagohimiz oilada to’ng’ich farzand bo’lganlar. Bir ukalari bo’lgan. Allohning taqdiri bilan aka-uka otasiz qolishganida, padari buzrukvorimizga oilani boshqarishdek ulkan vazifa yuklatilgan. Otam turmush taqazosi bilan madrasada ilm ololmasdan, oilani boqish uchun yoshlikning qaynoq davrlarini zahmatu mehnatga alishdilar. Biroq bir oiladan, bir ilmli chiqishi kerak, deb amakimning sarf-harajatini ko’tarib, Misr Arab madrasasiga berdilar. Amakim bir necha yillar o’qib olim bo’lib yetishdilar. Afsuski, qatag’on davri boshlanganida, otilishi kerak bo’lgan kishilarning ro’yhatida amakim ham bor edi.
Bir kuni uyda o’tirganimizda NKVDning odamlari kelishdi. Ular o’sha paytda kimni olib ketishsa, uning janozasiga tayyorgarlik ko’rilardi. Otam darvoza oldiga borib, ularga o’zlarini amakimning ismlarini aytib tanishtirdilar. Hozir kiyinib chiqay, deb uyga kirdilar. Biz amakim bilan otamni kutib o’tirardik. Otam kelib amakimga shunday dedilar:
-Uka, sizga Alloh taolo o’z ne’mati – ilmni ato qildi. Odamlarning sizda katta haqlari bor. Hozir men sizning o’rningizga ketaman, bolalaringizga qo’shib, mening farzandlarim ham sizning zimmangizda. Bir amallab Allohning ilmini saqlab qolasiz va uni odamlarga yetkazasiz, degan umidim bor. Agar ko’rishmasak, qiyomatda diydor bor. Allohga omonat!
Oxirgi so’zlari shu bo’ldi. Otamni olib ketganlar shu kunning o’zidayoq bir tepalikka olib chiqib otib tashlashibdi. Amakim boshqa ism bilan salomat qoldilar. Menga ilm berdilar, farzandlari olim bo’ldi, odamlar ham u kishining ilmidan bahramand bo’lishdi!”
Aka-ukachilikni qarang-ki, din uchun jon ham almashtirib yuborilsa. Balki bu aka-ukachilik rishtalaridan ko’ra mustahkamroq bo’lgan Allohning arqonini ishlab qolish uchun fidoiylik emasmi? Bugungi kunlarimizgacha dinimizning yetib kelishida man shunday qurbonlar bo’lgan. Olimlikka da’vo qilmasa-da, Islomni ko’pgina ilmlardan ko’ra yaxshiroq tushunishgan, iymonlari haqiqiy bo’lgan.

Hayrulloh Hamidov

2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.