background
logotype
image1 image2 image3

Gadoylikdan olimlikkacha


Buyuk hind ulamolaridan Anvarshoh Kashmiriy yoshliklarida ota-onadan yetim qolib, Dehlidagi Shoh Jahon qurdirgan masjidda gadoylik qilgan ekanlar. Bir kuni u kishining oldilariga bir odam kelib so‘rabdi:
— O‘g‘lim, turishingdan juda zakovatli bolaga o‘xshaysan. Ilm o‘qimadingmi?
— Ilm o‘qitgani mening ota-onam yo‘q. 
— Men hamma xarajatlaringga kafil bo‘laman, ilm o‘qiysanmi?
O‘sha kishi bolakayni Mahmud Devbandiy huzuriga ilm o‘rganishga olib borgan ekan...

* * *

Anvarshoh Kashmiriy aytadilar: «Men 137000 kitob o‘qidim. Farazan, agar Devband kutubxonasini kimdir yoqib, kul qilib yuborsa ham zarracha parvo qilmayman. Chunki u yerdagi kitoblarning hammasini yodlab olganman».

* * *

Anvarshoh Kashmiriy Hajga borganlarida bir kishida «Nurul izoh» kitobiga «Maroqul faloh» hoshiyasini yozgan olimning o‘z dastxati bilan qoldirgan nodir nusxani ko‘rib, egasidan so‘ragan ekanlar:
— Shu kitobni menga bir yilga bersangiz. Keyingi yil Hajgacha men bu kitobni Devbandda bostirib sizga qaytaraman.  
— Kitobni berolmayman. Musannifning o‘z dastxati bilan qolgan...
— U holda bir kechaga berib turing.
Hazrat bir kechaga 500 sahifalik ushbu kitobni o‘qib, yodlab olgan ekanlar. Keyin uni Devbandda bostirib, keyingi yili Hajga olib kelib solishtirishsa, oldingi kitobdagi xatolarni ham tuzatilgan holda chop qilingan ekan...

* * *

Anvarshoh Kashmiriy aytadilar: «Alloh taolo menga shuncha zehn ato etdi-yu, lekin Qur’oni karimni yodlashni nasib etmadi. Har yili Ramazonda 30 kun e’tikof o‘tirib, Qur’oni karimni karimni xatm qilaman, deb niyat qilaman. 30 kun ichida 30 sahifa Qur’on o‘qiy olaman xolos. Bir oyatni o‘qishim bilan Alloh taolo mening ko‘z o‘ngimda cheki yo‘q dengiz paydo qiladi. U yerdagi durlarni teraman deb, shu darajada kirishib ketamanki, natijada yana xatm qilolmay qolaman.  Shuning uchun ham men Kalomullohni yodlay olmadim».

* * *

Anvarshoh Kashmiriy «Sahihi Buxoriy»ga «Fayzul Boriy» degan sharh yozib mashhur bo‘lib ketgan vaqtlarida dunyoning eng mashhur ulamolari (ular orasida Misr muftiysi Rashid Rizo ham bor edi) 300 nafar arab olimlari bilan Dehlidagi Shoh Jahon masjidiga Anvarshoh Kashmiriyni ziyorat qilgani kelgan ekanlar. 300 nafar olim bilan so‘rashib chiqqanlaridan so‘ng hazrat devorga suyanib, yig‘lagan ekanlar. Shunda Rashid Rizo yig‘i sababini so‘raganda, u zot:
— Bir paytlar men shu yerda gadoylik qilardim. Bir necha marta kaltak ham yeganman. Bir paytlar menga non bermagan bu go‘shada ilm sababidan bugun dunyoning eng zabardast olimlari qo‘limni o‘pdi...
Alloh u kishidan rozi bo‘lsin!


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.