background
logotype
image1 image2 image3

Egasini qidirgan yurak...

Yigit nim qorong‘ulikda yurib borar ekan, yumshoq, bir narsaga qoqildi. Egilib qaradi... Yo Allohim, o‘zing omonlik ber... oyoqlarining orasida makonidan ustalik bilan sug‘urib olingan bir yurak turardi. Rasmlardagi kabi tirik va qonli... Yigit go‘yo sehrlangandek bo‘lib, uni hovuchlariga oldi va dahshatdan aqldan ozayozdi: yurak duk-duk urar va issiqqina edi.

Yigit, xuddi qo‘llariga yopishib, boshqa bir a’zosi holiga aylangan yuraqdan qutulishni istar, biroq o‘zi anglayolmagan tuyg‘ular unga to‘sqinlik qilayotganday his etar edi. Bir muddatdan so‘ng o‘zini sal bosib olib, yurakning egasini topish uchun eng yaqindagi uyning eshigini qoqdi va zanjir oralig‘idan qaragan yosh qizga:

— Bu yurak sizniki emasmi? — deya so‘radi. — Hozirgina topib oldim...

Qiz uyatchan bir ovozda:

— Men yuragimni uch oy oldin uchratganim bir bevafoga berdim. Qo‘shni uydan so‘rang, balki ularnikidir, — dedi.

Qiz ko‘rsatgan uy ko‘zni qamashtirar darajadagi hashamatli edi. Eshikni ochgan xizmatkorlar uni yuqori qavatda o‘tirgan uy sohibiga olib bordilar.

Yigit yumshoq gilamlarning ustiga tomchilayotgan qonlarni oyoqlari bilan yopishga urinar ekan:

—  Bu yurak siznikimi? — dedi. — Hali ham dukillayapti... Uy sohibi qo‘lidagi billur qadahdagi sharobdan xo‘rillatib bir qultum ichdi va tilla tishlarini ko‘rsatib:

—  Men yuragimni dunyoga sotganman, ukovsi. Qo‘shni uyda bir majzub (jazbaga berilgan, Alloh ishqida aqlini yo‘qotgan) bor. U biladi buning egasini, — dedi.

Tezda soviy boshlagan va borgan sayin sekin urayotgan yurakni qo‘shni pastqamgina uydagi cholga yugurib olib borgan yigit hovliqib:

— Bu siznikimi? Tezroq ayting, bo‘lmasa, hali zamon to‘xtab qoladi, — deya iltijo qildi.

Chol o‘qiyotgan Qur’oni Karimni sekin yopar ekan:

—  Men yuragimni hamma narsam bilan birga Allohga berdim, bolam, — deya kulimsiradi. — Qo‘lingdagining egasini nega ota-onangdan so‘ramayapsan?

—  E, ular har ikkalovi ham qarib-qartaydi. Yosh bolaga o‘xshab hadeb xarxasha qilaverganlaridan, uch kun oldin janjal ko‘tarib, ularni tashlab chiqib ketdim, — dedi yigit.

— Tashlab chiqib ketding?! Demak, tashlab qo‘ydingmi?!

Yigit bu gaplar qarshisida loqayd ko‘rinar edi. Holbuki, qari kishi kutilgan javobni ancha oldin olib bo‘lgan edi. U ildam qadamlar bilan yigitning yoniga keldi va ko‘ylagining ikki yoqasidan ushlab, yirtib yubordi.

Yigitning chap ko‘kragida qo‘llarida tutib turgani yurak kattaligidagi bir qonli bo‘shliq bor edi...

“Qalbimizning nuri” kitobidan (tarjimon Abdulloh Murod Xolmurod o‘g‘li)


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.