background
logotype
image1 image2 image3

Ali Tantoviy. “Odamlar nima deydi?...”

Kun juda issiq bo‘ldi. Ko‘chaga ko‘ylakchan chiqdim. Qarshimdan bir tanishim kelib qoldi. Salom berar-bermas, jiddiy turib:
— Nimaga bunday qildingiz?! — dedi. Bu savoldan dovdirab qoldim.
— Nima qilibman?
— Axir kastimsiz yuribsiz-ku? Bunday yurish sizga yarashmaydi. Odamlar nima deydi?
Javob qilmay, o‘ylanib qoldim. Demak, men odamlarga po‘rim, savlatli ko‘rinishim uchun shu jaziramada ham ko‘chaga kastim kiyib chiqishim kerak ekan-da!
Tevarakka razm soldim. Ilk ko‘rganim baland poshnali tufli kiyib olgan bir ayol edi. Bunday tuflida yurish qiyin. Ishonmasangiz, marhamat, oyog‘ingiz uchida yuz qadamcha yurib ko‘ring. O‘zini bunday qiynashda qanday ma’no bo‘lishi mumkin?
Tramvayda o‘rindiqlar bo‘shligiga qaramay, tik turib ketayotgan ayolga ko‘zim tushdi. O‘tirishga taklif qilsalar-da, ko‘nmas edi. U juda tor kiyim kiyib olgan, o‘tira olmayotganining boisi ham shu. So‘rashingiz mumkin: o‘zini nega bunaqa azoblaydi? Chindan ham, sho‘rlik ayol ichdan azoblanib turgan bo‘lsa ham, zohiran odamlarga chiroyli ko‘rinmoqchi bo‘ladi.
Ba’zi yigitchalar sochini tartibga keltirishga yarim soat ovora bo‘ladi. So‘ng shabada esishidan yoki avtobusda biror adashgan qo‘l tegib ketib, bu antiqa ko‘rgazmani yo‘qqa chiqarishidan kunbo‘yi qo‘rqib yurishadi.
Hech kuzatganmisiz, ayrim ayollar mehmonlarni, dugonalarini ochiq chehra bilan qarshilashadi. Tabassum, muloyim gap-so‘z, chiroyli odob ko‘rsatishadi. Eri bilan muomalasida esa, boshqacha...
Ba’zilar ko‘chaga chiqsa, begonalar uchun ziynatlanadi, liboslarning eng chiroylisini kiyadi. Turmush o‘rtog‘iga esa sochlari hurpaygan, kir-chir kiyim bilan yuzlanaveradi.
Mabodo uyga biron-bir kishi keladigan bo‘lib qolsa-chi? Dasturxon tartib berib bezatiladi. Qaerdadir yashirib qo‘yilgan tovog‘u likoblar, gulu rayhonlar saf-saf qilib teriladi. Yotoqxonadagi divanlar, kashtali yopinchiqlar ham odamlar ko‘rishi uchun.
To‘y-marosimda ham xo‘jako‘rsinga yelib-yugurishlar, mashaqqat chekishlar ko‘p. Barcha o‘ylarimiz bir kunda o‘tadigan to‘y haqida bo‘ladi.
Odamlar ko‘rib: “Alloh yorlaqasin, juda zo‘r!" deyishlari uchun sep-sidirg‘a yig‘amiz. Nikoh marosimida to‘y-tomoshani dabdabali qilishga urinamiz. Mollarni uvol qilish bilan shaytonni xursand qilamiz. Bir-ikki soatga kiyiladigan kelin libosiga qancha-qancha pul sarflaymiz. Ba’zilarning to‘y dasturxoniga qo‘yadigan pista-bodom puliga o‘rtacharoq to‘yni o‘tkazsa bo‘ladi.
Bular hammasi nima uchun? Kelin-kuyovning foydasi uchunmi? Savob uchunmi? Yo‘q! Unda nima uchun? Odamlarga maqtanish uchun!
Biroq biz har qancha sarfalasak, bizdan ham ko‘proq sarflaydiganlar topilaveradi. Odamlar esa: “Falonchi mana bunday to‘y qilgan edi”, deya gapirishini tashlamaydi. Ta’ziyalarimizda ham isrof oz emas.
Qo‘shnimiz boy-badavlat bo‘lsa-yu, bizning oylik maoshdan boshqa daromadimiz bo‘lmasa, shundayam past ketmaymiz: agar u ming dollarlik qandil, muzlatgich, kir yuvadigan mashina, yo gilam sotib olsa, biz ham sotib olishimiz kerak. Yo‘qsa, odamlar gap qiladi.
Xulosa shuki, turishimiz, o‘tirishimiz, yeyishimiz, kiyinishimiz, kundalik sarf-harajatlarimiz odamlar xohlaganidek bo‘lishi kerak. Bo‘lmasa, odamlarning teskari tiliga tushib qolamiz...
Axir biz qachon o‘zimiz uchun yashaymiz? Biz qachon aql chegarasida tura olamiz? Oramizda mana shu iskanjalarni sindiradigan aqlli, baquvvat kishilar bormi?!
Shunday irodali, imoni komil bo‘lishni istaganlarga, mana, ulug‘lardan qolgan nasihat: har kim, avvalo, diniga ergashsin, biror harom ish qilmasin; so‘ng aqliga ergashsin, nimani yaxshi deb bilsa, shuni qilsin, ko‘rpasiga qarab oyog‘ini uzatsin. Boylarning boyi bo‘lsa ham, zaruriy xarajatga pul sarflasin, isrofdan qochsin. Odamlarning gaplaridan qo‘rqmay yashasin...

Yorqinjon Fozilov,
Salohiddin Nuriddinov tayyorlashdi.
“Hidoyat” jurnalining 2008 yil 6-sonidan olindi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.