background
logotype
image1 image2 image3

Bersang - o‘zingga, yig‘sang - o‘zgaga

Basra shahrida bir xasis kishi bor edi. U nodonlik bilan oltin-kumush yig‘ishga mukkasidan ketgandi. Hotam Tay saxovat va karam ko‘rsatishda qancha nom qozongan bo‘lsa, u dinor va dirham yig‘ishda undan mashhurroq edi. Ushbu xasis va pastkash kishi ko‘p mashaqqat chekib, bitta-bittalab oltin yig‘ar edi. U katta bir xazina to‘plagach, ularni yerga ko‘mdi. Bu ochko‘z yana shunga teng keladigan boylikni to‘niga gir aylantirib tikib olgan edi. Yashirgan behisob oltinlari o‘sha shum hirsli kishining ko‘ziga hatto kunduz kunlari ham osmondan yaraqlagan yulduzlar kabi ko‘rinar edi. U o‘zicha, tanimga quvvat, tanimga quvvatgina emas, balki jonimga sihat ham ana shu oltinlarim tufayli deb o‘ylardi.

Ittifoqo, bir kuni u savdo-sotiq qilish uchun daryo sohiliga keldi. U yerda savdo qilgan molidan tushgan harom pullarga taom olib yedi. Shundan so‘ng, qo‘lini yuvmoqchi bo‘lib daryo labiga engashdi. Ammo to‘niga tikkan oltinlari og‘irlik qilib, uni suvga tortib ketdi. Xasis kishi ana shu yomon fe’li tufayli daryoga cho‘ka boshladi. U suvdan chiqmoqchi bo‘lib, iztirob bilan chunon talpinar, birov kelib qutqarar degan umidda baqirib-chaqirar edi. Lekin odamlar yordamga yetib kelgunga qadar u daryo tubiga cho‘kib bo‘ldi. Chunki uning oltindan bo‘lgan langari behad og‘ir ediki, shu sababli suv tubida sadaf ichidagi gavhardek mangu tik turib qoldi.

Uning joniga ofat yetkazgan narsa, albatta, o‘zi yiqqan siymu zar edi. Shuningdek, uning yashirib qo‘ygan xazinasi ham talon-taroj bo‘ldi. Oltin-kumush yig‘ish oqibatda mana shunday mudhish voqea bilan tugadi.

Sen bunday jirkanch ishlardan qo‘lingni tort! Ularga zinhor mayl ko‘rsatma, chunki bu fano dengizi – dunyo doimo dahshatli to‘lqin ichidadir.

 Alisher Navoiyning «Lisonut-tayr» asaridan


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.