background
logotype
image1 image2 image3

Baxtli bo‘lish siri

Bir kishining o‘g‘li bo‘lib, u: “Men baxtsizman”, deb takrorlayverardi. Ota baxtli bo‘lish sirini bilib kelish uchun o‘g‘lini davrining eng katta donishmandi huzuriga yubordi. Yigit cho‘lda qirq kun yo‘l bosib, ko‘zlagan manziliga – tepalik ustidagi hashamatli saroyga yetib bordi. Ichkariga kirib qarasa, donishmandning huzuriga kelganlar juda ko‘p bo‘lib, ular bir-birlari bilan suhbatlashgancha navbatlarini kutishar edi. Nihoyat yigit ham navbati kelgach, donishmandning oldiga kirdi va baxtli bo‘lishning sirini so‘radi.

– O‘g‘lim, hozir senga buni tushuntirib o‘tish uchun vaqtim yo‘q, – dedi donishmand. – Shuning uchun hozir chiqib, saroyimni tomosha qil. Ikki soatdan keyin yonimga kel, qolganini o‘shanda gaplashamiz.

Shunday deya yigitning qo‘liga qoshiq tutqazdi, unga ikki tomchi yog‘ tomizib, tayinladi: “Sayr davomida qo‘lingdagi yog‘ga hushyor bo‘l, to‘kib yuborma!”

Yigit donishmandning aytganini qilib, qo‘lidagi yog‘dan ko‘z uzmasdan saroyning ichkari-yu tashqari – barcha joylarini aylanib chiqdi. Ikki soatdan keyin qaytib kelgach, donishmand so‘radi:

– Saroyni kezdingmi?

– Ha, juda katta ekan, – javob berdi yigit.

– O‘g‘lim, devorlardagi ajoyib suratlarni ko‘rdingmi? Gulzorimni, undagi rango-rang gulu chechaklarni-chi? Ularning xush islaridan bahra oldingmi? Kutubxonadagi noyob kitoblarga-chi, e’tibor berdingmi?..

Yigit butun diqqati qo‘lidagi yog‘da bo‘lgani uchun ham sayr davomida bulardan hech birini ko‘rmaganini aytdi. Shunda donishmand:

– Unda qayta chiq va atrofingdagi barcha go‘zalliklarni yayrab tomosha qil. Chunki o‘tirgan uyini yaxshi tanimagan kishi baxtning siriga yeta olmaydi, – dedi va bu safar ham yigitning qo‘liga yog‘ solingan qoshiqni tutqazdi.

Yigit endi saroydagi jamiki narsalarni, butun go‘zalliklarni katta zavq va hayajon bilan tomosha qildi. Donishmandga ham taassurotlarini ana shu maroq bilan hikoya qilib berdi. U gapini tugatgach, donishmand:

– Yaxshi, hammasini ko‘ribsan, – dedi. – Lekin men senga omonat qilib bergan yog‘ qani?

Shundagina yigitning esiga tushib, shoshganicha qo‘lidagi qoshiqqa qaradi – yog‘ to‘kilib bitgan edi. Donishmand esa tabassum bilan shunday dedi:

– Xijolat tortma, o‘g‘lim, baxtli bo‘lishning siri dunyoni bor mo‘‘jizalari, hayotni butun go‘zalliklari bilan birga ko‘ra olishda. Agar kishi jismidagi qusurlar, hayotdagi yetishmovchiliklar haqida o‘ylayversa, xuddi sen qo‘lingdagi yog‘ solingan qoshiqqa andarmon bo‘lganing kabi hayot go‘zalliklaridan bebahra qolaveradi. Baxtli bo‘lish sirini esa, qo‘lingdagi yog‘ solingan qoshiqni unutganingdagina to‘la his qila olasan!

Madina Muhammadsolih qizi tayyorladi

“Irfon” taqvimining 2010 yil, 3-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.