background
logotype
image1 image2 image3

Badnazarlik

Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy “Hayo va pokdomonlik” kitobida shunday hikoya qiladi: 
Payg’ambar s.a.v. aytadilar: “Begona ayolga qarashlik shayton o’qlarining ichida zaharlanganidir”
(O’q tegib o’ldirmasa-da, zahari albatta qalbni o’ldiradi)
Nomahramga tasodifan birinchi marta nigoh zararli emas, agar uni olib qochilsa. Birinchi qarashda ham unga lazzat bilan qarash haromdir.
Shaytonning eng kuchli qurollaridan biri haromni go’zal qilib ko’rsatishdir. Zero, uzoqdan qaraganda ko’p narsalar go’zal ko’rinadi.
Dunyoda qilingan birinchi gunohga ham badnazarlik sabab bo’lgan edi. O’shanda Qobilning ko’nglida Hobilning xotini go’zalligi uchun yomon niyat paydo bo’lgan edi.



BADNAZARLIKNING OQIBATI

 

Ibni Javziy “Talbisi iblis” degan kitobida hikoya qiladi:
“Abdulloh ibn Jalol aytadi:
“Bir kuni oldimdan chiroyli nasroniy qiz o’tib ketayotgandi, unga qaradim. Shunda Abu Abdulloh Balxiy oldimdan o’tayotib, bu yerda nima ish bilan mashg’ul ekanligimni so’radi. Men:
- Hazrat, anau hushsurat jussani qarang. O’ylanib qoldim, Alloh taolo shunday chiroyli chehrani qanday qilib do’zaxga tashlab yuborarkin…
Shunda u zot ikki kiftim orasiga urib:
- Mana shu qilgan gunohingning natijasini yillar o’tib ketgandan keyin ham ko’rasan, - dedilar. 
40 yildan so’ng, murattab qori bo’laturib, Qur’onni unutib yubordim…”



KIM ZINO QILSA, UNIYAM ZINO QILISHADI

 

Qonun:
Har mukofotning ajri ham o’z jinsidan bo’lgani kabi, har gunohning jazosi ham o’z jinsidan bo’ladi. Zinokorning qiyomatdagi jazosi zinokorlarning farjidan chiqadigan suyuqlikdir. Uning bu dunyodagi jazosini esa Rasululloh s.a.v. va’id sifatida bayon qiladilar:
“Kim zino qilsa, uning ham zinosini qiladilar, agarchi devoriga ishqalab ketib bo’lsa ham…”
Ya’ni, kim zino qilsa, uning mahramlari – onasi, opa-singlisi, xonadonidagi yaqinlarini ham zino qiladilar. Hech bo’lmagan taqdirda uning devori tagida zino qilib ketadilar…

Hazrat Dovud alayhissalom Sulaymon alayhissalomga shunday nasihat qilgan ekanlar:
“O’g’im, sher bilan ajdahoning orqasidan yurgin-u, hargiz ayol kishining ortidan yurma.”

Hazrat Umar r.a. aytadilar:
“Agar ayol va erkakning ikkita chirigan suyagini xilvat joyga qo’ysangiz, hatto suyagi ham tortishadi.”



BADNAZARLIKDAN SAQLANISH YO’LLARI

 

1. Alloh taolo aytganidek, ko’zni pastga qaratish.
2. Uylanish.
3. Alloh taoloning uni ko’rib turganini eslash.

Bir ulug’ zotning oldiga shogirdi kelib so’rabdi:
- Ustoz men bozorda savdo qilaman. Ayollarga ham savdo qilib turaman, ularga qarashning iloji yo’q, savdo ham qilmaslikning iloji yo’q. Men bu darddan qanday qutulay?
Shayx shunday davo uslubini tavsiya qilgan ekan: qo’liga bir stakan sutni to’ldirib, shunday debdi:
- Bu sutni falon shaxning oldiga olib borasan. Sharti shuki, uni shu bozor hududidan olib borasan. Manzilga yetguningcha, undan bir tomchi ham to’kilmasligi kerak. Ortingda mana bu polvon odam poylab boradi. Agar sutdan ozroq to’kilsa ham u seni do’pposlaydi.
Shogird uni nazorat qilib ketayotgan barzangi polvonning zarbasidan qo’rqib, sutni to’kmasdan manzilga olib boribdi. So’ng ustozi huzuriga borib, maqtanibdi:
- Ustoz, sutni bir tomchi ham tushirmay shaxga olib bordim.
- Yo’lda ayollarni ko’rdingiz.
- Vallohi, sutga va ustimda turgan polvonga havotirlanib, ularni ko’rmabman.
- Sen ustingda turgan bir bandaning zarbidan qo’rqib gunohni tark qilasan-u, nega seni yaratib qo’ygan Allohning nazoratidan qo’rqmaysan?
 
Olimlar badnazarlikning oldini oladigan quyidagi tavsiyalarni qilishadi:
4. Biron ayol kishi oldingizdan o’tib ketayotganda unga qaramasdan, hunuk bir odamni tasavvur qilish.
5. O’sha ayolning o’lib, chirib ketgan holatini tasavvur qilishlik.
 
Yorqinjon qori ma’ruzalari asosida tayyorlandi.

2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.