background
logotype
image1 image2 image3

Allohni tanishni o‘rgatgan cho‘pon

Abdulloh ibn Muborak bir kuni yo‘lda ketayotib, bir qancha qo‘yi bor bir cho‘pon bolaga ko‘zi tushdi. Unga rahmi keldi va «bechora, yoshligi cho‘ponlikda o‘tsa, katta bo‘lganda Alloh taoloning toat-ibodati va ma’rifatiga qanday erishadi» deb o‘yladi. So‘ng o‘ziga «boray-da, unga Alloh taoloni tanishi uchun biron nima o‘rgatay» deb, bolaning yoniga bordi va dedi:
— Bolajonim, Alloh taoloni taniysanmi?
— Qul qanday qilib o‘z sohibini tanimasligi mumkin?
— Alloh taoloni nima ila taniysan?
— Bu qo‘ylarim orqali taniyman.
— Qo‘ylaring orqali Allohni qanday taniysan?
— Agar cho‘pon bo‘lmasa, bu qo‘ylar hech narsa qila olmaydi. Bularga suv va o‘t beradigan, bo‘rilar va boshqa xavflardan qo‘riqlaydigan bir kishi kerak. Shundan tushundimki, bu koinot, insonlar, jinlar, hayvonlar, jonivorlar va qushlarning bir qo‘riqlovchi zotga ehtiyoji bor. Bu maxluqotlarni qo‘riqlashga Alloh taolodan boshqasi qodir emas. Shunday qilib, Alloh taoloni bu qo‘ylarim orqali tanidim.
— Alloh taoloni qanday tasavvur qilasan?
— Hech narsaga o‘xshamaydi deb bilaman.
— Unday ekanini qaerdan bilasan?
— Yana, shu qo‘ylarim orqali.
— Qanday?
— Men cho‘ponman. Ularning qo‘riqchisiman. Ular mening tasarrufim ostida. Ularga diqqat ila qarayman. Ular na menga o‘xshaydi, na men ularga. Oddiy bir cho‘pon qo‘ylariga o‘xshamas ekan, qanday qilib Alloh taolo qullariga o‘xshasin?!
— To‘g‘ri aytasan, o‘g‘lim. Ilmdan biron nima o‘rganganmisan?
— Bu sahrolarda qanday qilib ham ilm o‘rganar edim.
— Xo‘p, boshqa yana nimani o‘rganding?
— Uch ilmni o‘rgandim. Qalb ilmi, til ilmi va badan ilmi.
— Bular nima? Men bularni bilmayman.
— Qalb ilmi shuki, Alloh taolo menga qalb berdi va o‘zining muhabbati va ma’rifatining joyi qildiki, bu qalb bilan Uni taniyman. Alloh taoloning suyuklilariga u yerdan joy beraman. Allohni sevmaganlarga u yerdan joy bermayman va undaylardan uzoq bo‘laman. Til ilmi shuki, Alloh taolo menga til berdi va uni zikr qilmoq va o‘zining ismini aytmoq yeri qildi. U bilan o‘zini zikr qilmoqni, o‘zini eslatadigan so‘zlarni so‘zlamoqni va o‘zini eslatmaydigan so‘zlarni so‘zlamaslikni, bunday narsalardan uzoq bo‘lmoqni ishora etdi. Badan ilmi shuki, menga badan berdi va uni o‘ziga xizmat qilish yeri qildi. Shunday ekan, badanim bilan unga xizmat qilaman, Alloh taologa xizmat bo‘lmagan narsalarni esa badanimdan uzoqlashtiraman.
— Ey bolajonim, sen menga o‘rgatgan narsalaring avvalgi va keyingi ilmlardir. Ey farzand, menga nasihat qil.
— Ey kishi, olim bo‘lganligingiz uchun hol bunday, agar ilmni Alloh taolo roziligi uchun o‘rgangan bo‘lsangiz, insonlardan umid qilishni va so‘rashni to‘xtating. Agar, ilmni dunyo uchun o‘rgangan bo‘lsangiz, jannatga kirmaysiz.

Manba: «Jomiul Karomatul avliyo», «Islom olimlari ensiklopediyasi».
Turkchadan Islom Abdulmajid tarjimasi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.