background
logotype
image1 image2 image3

Alloh rizoligi uchun

Hazrati Ali (k.v.) jang asnosida dushman jangchilaridan birini yerga yiqitib, o‘ldirmoqchi bo‘lib turganlarida, yigit u zot (k.v.)ning yuzlariga tupurdi. Hazrati Ali (k.v.) darhol dushmandan qo‘llarini tortib, qilichlarini tushirdilar va:

– Seni o‘ldirishdan voz kechdim, ketaver, ozodsan, – dedilar.

Yigit bu holdan shoshib qoldi, hayron bo‘lib so‘radi:

– Imkoning bo‘la turib meni nima uchun o‘ldirmading? Seni bundan nima qaytardi?

– To sen yuzimga tupurmaguningcha jang qilishdan, seni o‘ldirishdan maqsadim Alloh rizoligini qozonish edi. Tupurganingdan keyin esa senga nisbatan g‘azabim keldi. Endi seni o‘ldirsam, bu ishni Allohning rizosi uchun emas, o‘z nafsim uchun qilgan bo‘lib qolardim. Shuning uchun seni o‘ldirmadim, – deb javob berdilar hazrati Ali (k.v.).

Allohning arsloni atalmish zot (k.v.)ning mardligi, aslligi qoshida jaholat mahv bo‘ldi – yigit imon keltirib, musulmonlar safiga qo‘shildi.

Zumrad Foziljon qizi tayyorladi

“Irfon” taqvimining 2009 yil, 1-sonidan olindi.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.