background
logotype
image1 image2 image3

Agar Allohga boshqa ehtiyojingiz bo‘lmasa...

Mahmud G‘aznaviy Islomni yoyish uchun Hindistonga 18 marta safar qilgan. Shu safarlarning birida qo‘shin shiddatli qarshilikka duch keldi. Bu og‘ir holdan qutulish uchun sulton Allohga shunday niyoz etdi: "Ey robbim, sen yordam beruvchisan, bizlarga yordam ber. Agar ushbu jangda g‘olib chiqsam, qo‘lga kiritgan o‘ljamning hammasini faqirlarga tarqataman".

Mahmud G‘aznaviy bu jangda g‘alaba qozonib, qo‘lga kiritilgan xazinalarni g‘arib-miskinlarga tarqata boshlabdi. Lekin, sultonning yonidagi vazirlar bu holdan xursand bo‘lmay, sultonga:

— Sultonim, nimalar qilyapsiz? Shuncha boylikni faqir-fuqaroga tarqatiladimi? Ular buning qiymatini bilarmidi? Davlatning esa bu xazinalarga ehtiyoji bor, — deb fikr bildiribdilar.

Sulton Mahmud bu so‘zlarni tinglagach, ikkilanib qolib, zamona olimiga bu holni anglatibdi. Olim Mahmud G‘aznaviyga bunday maslahat beribdi:

— Sultonim! Bu yerda ikkilanadigan narsaning o‘zi yo‘q. Juda oddiy tanlov oldida turibsiz. Agar Allohga boshqa ishingiz tushmaydigan bo‘lsa, marhamat vazirlaringiz aytganini qilib, o‘ljalarni xazinaga joylang. Agar Allohga yana ishingiz tushadigan bo‘lsa, so‘zingiz ustidan chiqib, o‘ljani faqirlarga ulashing.

Hikmat: Qiyinchilik damlarda berilgan va’dalar yengillik damlarda unutilmasligi lozim. Yana qiyinchilik kunlar kelmaydi deb hech kim kafolat bera olmaydi.

Turk tilidan Islom Abdulmajid tarjimasi


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.