background
logotype
image1 image2 image3

25 bayt uchun jannat kafolati

Payg’ambarimiz SAVning chevaralari, hazrati Husayn r.a.ning o’g’illari Zaynulobidiyn r.a. Madinada yashab turgan paytlarida o’sha paytdagi ummaviy xalifa Hishom ibn Abdulmalik haj ziyoratiga kelibdi. Baytullohga kirarkan, odamlar xalifani tanimasligidan va hojilarning ko’pligidan hech kim unga hajarul asvadga yaqinlashishiga imkon bermabdi. Xalifa Ka’baning yaqiniga ham yo’lolmabdi. Xalifaning a’yonlari unga yuqoriroqdan joy qilib, odamlarni tomosha qilish uchun baland minbar yasab berishibdi. Shu paytda hazrat Zaynulobiddiyn r.a. ziyoratga kiribdilar. Odamlar esa u kishining kelganini ko’rib, Ka’ba tomon yo’l ochib berishibdi. Hishom u zotni tanibdi.
Shunda xalifaning shomlik vaziri ushbu hurmatga sazovor inson kimligini so’rabdi. Xalifa hazrat Zaynulobiddiyn r.a.ga bo’lgan adovati sabab hamda agar vazir u zotning Rasululloh SAVning avlodi ekanini bilsa, unga og’ib ketmasin, deb “bilmayman” debdi. Buni eshitgan Farazdax degan shoir tutoqib ketib, Rasulullohning chevarasi haqida 25 bayt qasida ijod qilib, o’qib beribdi:
“Alloh taolo yaratgan dunyodagi eng yaxshi odamning farzandi shu zot bo’ladi. Xalifaning u kishini tanimasligi uning sha’niga zarar yetkazmaydi. Sen tanimasang-da, jonsiz Ka’baning tanishini, uni quchoq ochib kutib olishini ko’rmadingmi? U shunday xonadon farzandiki, Jabroil alayhissalom ularning uyiga vahiy tashigan. Ularning saxovati shu darajadaki, oldiga kelgan odamga hech qachon “yo’q” demagan...”
Shunda Hishom go’zal satrlar uchun Farazdaxni mukofotlash o’rniga, uni qamoqqa buyuradi. Buni Zaynulobiddiyn r.a.ga yetkazganlarida u zot bisotlaridagi bor hamma boylikni – 12 000 tilloni shoirga olib borib berishni buyuribdilar. Farazdaxga ushbu hadyani olib borishganida u:
“Men bu zotni pul uchun maqtamadim. Agar pul uchun maqtaganimda xalifani maqtardim. Menga 12000 emas, 120000 tillo berardi. Men u kishini bir og’iz so’z uchun maqtadim: “Qiyomatda bobolari oldiga borib, bu odam xonadonimizning bir iti edi” – deb guvohlik bersalar, shu menga kifoya”.
Zaynulobiddiyn r.a.ga pulni qaytarib olib borganlarida, u zot shunday degan ekanlar:
“Menki o’sha maqtalgan buyuk xonadon vakili ekanman, endi berilgan hadyani hech qachon qaytarib olmayman. Buni Farazdaxga eltib bering. Qiyomatdagi omonatga men kafilman.”
Tobeinlar shoir Farazdaxni tirikligidayoq jannatiyligi bashorat etilgan zot sifatida e’tirof etadilar...
 
Yorqinjon qori ma’ruzalari asosida tayyorlandi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.