background
logotype
image1 image2 image3

Nikohga doir qaytariqlar

Samura ibn Jundubdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylanmaslikdan qaytardilar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir musulmonning ikkinchi musulmon kishi savdosi ustiga savdo qilishdan va sovchi yuborganning ustidan sovchi yuborishdan qaytardilar». (Imom Termiziy rivoyatlari)

Ali ibn Abu Tolib rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xaybar kuni ayollarni mut’a qilishdan va eshak go‘shti yeyishdan qaytardilar». (Mut’a - biror ayolni ma’lum muddatga va kelishilgan mablag‘ evaziga muvaqqat nikohga olish. Keyinchalik buning makruhligiga fatvo berilgan bo‘lib, faqat shia mazhabida mavjud).
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Ali ibn Abu Tolib rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xaybar g‘azoti kuni muvaqqat (siyg‘a) nikohni bekor qilib, xonaki eshaklar go‘shtini yemoqdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Jobir (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayolning o‘z ammasi yoki xolasining ustiga nikohlanmog‘ini man qildilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umar (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «shig‘or» dan qaytardilar». (Shig‘or - bir kishining o‘z qizini (yoki singlisini) birovga uning qiziga (yoki singlisiga) uylanish sharti bilan erga berishidir. Bunda har ikki tomon ham mahr bermaydi).
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Eri huzurida bo‘lgan ayolning erining iznisiz ro‘za tutmog‘i halol emas hamda ayol erining uyiga uning ruxsatisiz biror kishining kirmog‘iga   izn  bermasin   va  erining  buyrug‘isiz  biror  narsani  sarf  ilmasin,   chunki   o‘sha   sarf   qilingan   narsaning   yarmi   erinikidir», dedilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Ibn Shihob rivoyat qiladilar. Alloh taoloning «Ularga uylanishga rag‘bat qilasizlar», degan qavlidan murod shuki, Alloh taolo yetim qizlarga ularning moli va jamoli uchun uylanishni man qiladi, ya’ni yetim qizlar agar go‘zal bo‘lsalar, ularga shar’iy mahr bermasdan uylanishdan, agar xunuk bo‘lsalar, ularning moli qo‘ldan ketmasin, deb o‘zlari uylanmay, birovga ham erga bermay zulm qilishdan qaytaradi.
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Ibn Abbosning (r.a.) mavlosi Abu Ma’bud rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ayol yonida mahrami bo‘lmasa safarga chiqmasin va yonida mahrami bo‘lmagan ayol oldiga nomahram kirmasin», dedilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.