background
logotype
image1 image2 image3

“Al-Jomi’ as-Sahih”dan

Odam bolasi ikki vodiy to'la mol-dunyosi bo'lsa ham, mol-dunyo to'la uchinchi vodiyni orzu qiladi. Uning qornini faqat tuproqgina to'ldira oladi. Alloh taolo tavba qilgan bandasining tavbasini qabul qilgaydir.

***
Bu mol-dunyo degan narsa hayvon ko'zini o'ynatadigan ko'm-ko'k, shirin o't-o'lan kabi fusunkor va lazzatlidir. Kimki nafsini tiyib, ehtiyojiga yarashasini olsa, barakali bo'ladi va kimki ochko'zlik qilib, ehtiyojidan ortig'ini olsa, bebaraka bo'ladi. Bunday odam mechkay hayvon kabidir, mehnat qiladigan qo'l tilamchi qo'ldan yaxshidir.

***
Halollik yo'qolib ketganda qiyomat bo'lmog'ini kutavergil!

***
Haqiqiy boy – nafsi to'q odamdir.

***
Olloh taolo o'z rahmatini yuz bo'lak qilib yaratib, to'qson to'qqiz bo'lagini o'zida saqlab qoldi. Uning bir bo'laginigina yerga nozil qildi. Olloh taoloning yerga nozil qilgan ana shu bir bo'lak rahmati tufayli butun borliq o'zaro rahmdillik qilg'aydir. Hattoki ot ham bolasini mayib qilib qo'yishdan cho'chib, tuyoqlarini ehtiyotkorona ko'tarib boradi.

***
Har bir ezgu amal sadaqadir.

***
Mo'min mo'min uchun bir-birini suyab turagan ikki bino yanglig' bo'lmog'i zarur.

***
Oralaringizda eng yaxshingiz – xulqi go'zalingizdir.

***
Olloh taolo biror bandasini (qilgan amali solihlari tufayli) sevgaydir. Jabroil alayhissalomga nido qilib: "Olloh falon bandasini sevdi, sen ham uni sevgil!" – degaydir. Jabroil alayhissalom ham o'shal bandani sevgaydirlar. So'ng Jabroil alayhissalom osmon ahliga nido qilib: "Olloh taolo falon bandasini sevdi, siz ham sevingiz!" – degaydir. Osmon ahli ham o'shal bandani sevgaydir. Shundan so'ng yer ahlida unga nisbatan muhabbat paydo bo'lgaydir.

***
Musulmon odamning so'kmog'i – buzuqlik, urushmog'i – kofirlikdir.

***
Kishilar kimning yomonligidan qo'rqib qochsa, o'sha odam eng yomon odamdir.

***
Har bir qo'pol, quruq, gerdaygan, beqanoat va dimog'dor odam ahli do'zaxidir.

***
Hech bir yokim hech narsa o'ziga yetadigan aziyatga Olloh taolodek sabr qila olmagay! Mushriklar uning o'g'li bor, deb da'vo qiladilar, ammo u ularni ofiyat qilib, rizq ato qilg'ay.

***
Osonlashtiringiz, qiyinlashtirmangiz, xotirjam qilingiz, bezdirmangiz!

***
Mo'min odam o'zini bir kavakdan ikki marta ilon chiqib chaqmog'iga yo'l qo'ymas.

***
Kishi jannatda o'ziga suyukli odam bilan birga bo'ladi.

***
Ish noloyiq odamlarga topshirilganda qiyomat bo'lmog'ini kutaver.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.