background
logotype
image1 image2 image3

Uxlayotgan kishi ko‘rayotgan tush haqiqati to‘g‘risida din nima deydi?

Savol: Uxlayotgan kishi ko‘rayotgan tush haqiqati to‘g‘risida din nima deydi? Rost tush bilan fosid tush farqini qanday bilish mumkin? Aytishlaricha uxlash asnosida ruh jasadni juz'iy shaklda tark etar ekan. Va u kezib yurib, uxlayotgan kishi tushini ko‘rar ekan.

Javob: Rasululloh (s.a.v.) aytganlar: «Tushlar uchtadir: Solih tush - Allohdan bashoratdir. Xafa qiladigan tush - shaytondandir. Yana kishi o‘ziga gapiradigan tush ham bordir».

Bu hadis kishiga Alloh azza va jalla tarafidan yaxshi, solih tushlar bashorat bo‘lib kelishini ifodalayapti. Yana shunda tushlar ham borki, ular egasini xafa, mahzun qiladi. Bunday tushlar shaytondandir. Arab tilida bunday tushlar  «hulm» deb ham nomlanadi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: «Hulm - shaytondandir. Agar sizlardan biringiz hulm-tush ko‘rsa, Allohdan panoh so‘rasin va chap tomoniga tuflasin. Shunda albatta bu tush zarar qilmaydi».

Uchinchi qism tushlar ham borki, bunda kishi kunduzi tashvishlanib yurgan ishini tushida ko‘radi. Yana aloq-chaloq ko‘riladigan tushlar ham bo‘lib, «Al-Manor» tafsirida aytilishicha, uyqu paytida miya turli o‘y va hayollar tasavvur qilganidan bu xil tush paydo bo‘lib, muayyan maqsadni ko‘zlamaydi.

Rost-solih tush ba'zi narsalarning sodir bo‘lishidan oldin inson o‘sha narsani  idrok etishining bir turidir. Bunda inson u narsaning aynan o‘zini (bu juda nodir hol), yoki ta'vil etishga muhtoj misolini ko‘radi. Ammo bu tush fitriy tayyorgarlikni talab etadi. Rasulullohdan (s.a.v.) shunday hadis kelgan: «Sizlarning tushi rostrog‘ingiz, so‘zi rostrog‘ingizdir». Agar kishining so‘zi doim rost bo‘lsa, ko‘pincha tushi ham rost bo‘ladi. Go‘yo nafs uyquda ham, uyg‘oqlikda ham sohibining xususiyatlarini o‘zlashtirgan bo‘ladi. Shuning uchun ham «Sodiqlarning uyqusi ilmi yaqiyndir», deyiladi. Bu so‘z Payg‘ambarning (s.a.v.): «Mo‘minning tushi payg‘ambarlikning qirq oltidan bir qismidir», degan hadislariga bog‘liqdir.

Bular dinning tushga nisbatan munosabati. Savolning ikkinchi qismiga kelsak, Imom Ar-Roziyning tafsirlarida quyidagi fikrlar mavjud: «Insoniyat nafsi nurli ruhoniy javhardan iborat. Agar u badanga bog‘lansa, hamma a'zoda ziyo hosil bo‘ladi. Bu hayot deb nomlanadi». Shundan kelib chiqib aytamizki, o‘lim paytida bu nurli javhar badanning zohiridan ham botinidan ham uziladi. Va o‘lim yuzaga keladi. Ammo uyqu paytida esa, u ba'zi tomonlama badan zohiridan uziladi, lekin ziyosi badan botinida qoladi. Shundan isbot bo‘lyaptiki, o‘lim va uyquning jinsi bitta. Illo o‘lim to‘liq uzilish bo‘lsa, uyqu esa ba'zi tomonlama noqis uzilishdir».

Uyqu va tush mavzusi juda keng bo‘lib, bunga ayrim olimlar alohida kitoblar ta'lif etganlar.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.