background
logotype
image1 image2 image3

Islom Konferensasi Tashkiloti

Savol: Hurmatli «Dinda savolim bor...» to'plami xodimlari, kitobingizda xalqaro Islom tashkilotlari (masalan, Islom Konferensiyasi Tashkiloti) haqida ham ma'lumot berib borsangizlar.

Javob: Islom Konferensasi tashkiloti (IKT) - hukumatlararo xalqaro Islom tashkiloti hisoblanadi. Unga 1969 yili Islom mamlakatlari davlat va hukumat boshliqlarining Rabot (Marokash) shahrida bo'lgan birinchi uchrashuvida asos solingan. Islom mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining 1972 yili Jidda (Saudiya Arabistoni) shahridagi uchinchi anjumanida ta'sis etilgan va Nizomi qabul qilingan.

Hozirgi paytda IKT 57 ta musulmon mamlakatni, shu jumladan, Falastin Ozodlik Tashkilotini birlashtirgan. O'zbekiston Respublikasi ham 1996 yildan boshlab IKTga a'zo bo'lgan. Tashkilot 1975 yildan buyon Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida kuzatuvchi maqomiga ega.

IKTning rahbariy organlari - har uch yilda bir marta chaqiriladigan davlat va hukumat boshliqlari konferensasi, har yili yoki zarur hollarda favqulodda chaqiriladigan tashqi ishlar vazirlari konferensasi hamda Bosh kotib rahbarligida faoliyat olib boradigan kotibiyatdir.

Islom Konferensasi Tashkilotining faoliyati musulmon mamlakatlariga iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotda, ilmiy-texnikaviy ishlarda yordam ko'rsatishga yo'naltirilgan. Tashkilot kotibiyati tarkibida ijtimoiy-iqtisodiy, fan va texnika, xalqaro munosabatlar, axborot, inson huquqlari va boshqa bo'limlar ishlab turibdi. Shuningdek, u Islom dinini targ'ib qilish, masjidlar qurish, maktab va shifoxonalarga yordam ko'rsatish kabi xayriya ishlari bilan ham shug'ullanadi.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.