background
logotype
image1 image2 image3

Bir o‘rtog‘im kesak yeyishini, shusiz yomon ahvolga tushib qolayotganini gapirdi...

Savol: Bir o‘rtog‘im kesak yeyishini, shusiz yomon ahvolga tushib qolayotganini gapirdi, men uni bu ishdan qaytardim. «Inson tuproqdan yaralgan, shuning uchun Islomda kesak yeyish haromdir», dedim. Men to‘g‘ri qildimmi? Balki o‘rtog‘im tibbiy jihatdan bemorligi tufayli shunga ehtiyoj sezayotgandir?

Javob: Inson ozuqa yo davo sifatida iste'mol qiladigan barcha narsa uning ruhi va jismiga ta'sir etishi muqarrar. Shuning uchun ham Islom yeb-ichish masalasiga jiddiy e'tibor beradi. Islom xalqum pokligini, halol yeb, halol kasb etishni insonga eng ulug‘ farz etib, jism va ruhga zarar beruvchi barcha narsa iste'molini harom deb e'lon etgan. Toha surasining 81-oyatida shunday deyiladi: «Sizlarni bahramand qilgan pok rizqlarimizdan yenglar va ularga (shukr qilmaslik bilan) haddan oshmanglarki, u holda ustingizga Mening g‘azabim tushar. Mening g‘azabim kimning ustiga tushar ekan, u muhaqqaq halok bo‘lur».

Mujtahid ulamolarimiz tuproq yeyishni man qilganlar.

«Jung» kitobida «Tutun (chekish) tuproq yeyish kabi harom», deyilsa, «Fatovoi Qozixon» asarida «Tuproq yeyish karihdir. Zero, uning iste'moli zararlidir. Zararli narsani iste'mol qiluvchi o‘zining qotilidir», deyiladi. Shuningdek, «Majmu'-ul fatovo» va «Fatovoi Sirojiya»larda ham tuproq yeyish nojoizligi ta'kidlangan. Demak, tuproq yeyishning nojoizligi sababi uning inson jismiga zararidir.

Shar'an harom narsalar iste'molining, jumladan, tuproq yeyishning tibbiy zarurati bo‘lsa, buni faqat xoziq tabiblar tavsiya qilganlarida va shunda ham uning evazi bo‘lmasa, shar'an joiz, deyiladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat qiladilar: «Alloh taolo dardlaringiz shifosini sizlarga harom qilgan narsalarda qilmagan».

Siz o‘rtog‘ingizni tuproq yeyishdan qaytarish bilan dinimiz asoslaridan biriga - nahiy munkarga amal qilish darajasiga noil bo‘lgansiz.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.