background
logotype
image1 image2 image3

Ka'ba tarixi qachon boshlangan?

Savol: Har yili bir necha ming yurtdoshlarimiz haj ibodatini ado etib qaytishadi. Alhamdulillah, menga ham o'tgan yili haj ibodatini ado etish muyassar bo'ldi. Hamrohlarimdan Ka'bai muazzamanining tarixini so'ragan edim, jo'yali javob ololmadim. Iltimos, shu haqda ma'lumot bersangiz.

Javob: Tarixchilar Ka'bai muazzama Ibrohim alayhissalom davrlaridan oldin bino qilinganini aytishadi.

Ka'bai muazzamani dastlab farishtalar bino qilganlar, so'ng Odam alayhissalom, so'ng o'g'illari Shis alayhissalom, so'ng Ibrohim alayhissalom uni tiklaganlar. Muhaddis va muarrix imom Azroqiy (837 m. y. vafot etgan) bu haqda qayd etganlar.

Ibrohim alayhissalom davrlaridan shu kungacha Ka'bai muazzamaning qayta tiklanishi davrini beshga bo'lish mumkin: birinchi - Ibrohim alayhissalom o'g'illari Ismoil alayhissalom bilan tiklashlari. Bu haqda Qur'oni karim Baqara surasining 127-oyatida xabar berilgan. Uning mazmuni shunday: «Ibrohim o'g'li Ismoil bilan birga Baytullohning poydevorini bino qilib, «Parvardigoro, bizlarning bu xolis amalimizni O'zing qabul qil», deganlarini eslang».

Ikkinchi - Payg'ambarimiz alayhissalom ba'satlaridan besh yil oldin Quraysh qabilasining tiklashi. Qurayshliklar Ka'bai muazzamani qayta tiklashga va uning binosiga faqat halol pullarini sarflashga kelishib olganlaridan so'ng uni buzishga botina olmadilar, qo'rqdilar. Valid ibn Mug'ira «Buzishni men boshlab beraman», deb qo'liga cho'kich olib, uning ustiga chiqdi va o'ziga taskin beruvchi so'zlarni aytib, ikki rukn tomonidan buza boshladi. Qolganlar «Bu kecha ko'ramiz, agar Valid ibn Mug'iraga biror narsa bo'lmasa, Alloh rozi bo'lgan bo'ladi, biz ham buzishamiz, agar unga zarar qilgan bo'lsa, buzilganini to'g'rilab qo'yamiz», deyishdi. Tong otgach, Validning yana buzishga kelayotganini ko'rishdi va qolganlar ham u bilan birga Ka'bai muazzamani asosiga yetguncha buzishdi. Har bir qabila uni qayta ko'tarishga tosh to'plab, binoni Hajarul asvad o'rnigacha ko'targanlaridan so'ng Hajarul asvadni kim joyiga qo'yishi masalasida tortishib urishishgacha bordilar. So'ng kengashib masjid eshigidan birinchi kirgan kishini bu masalada hakam qilishga rozi bo'ldilar. Birinchi bo'lib Muhammad ibn Abdulloh kirdilar. Barchalari bundan rozi bo'lib, u zoti sharifni hakam qildilar. U zoti sharif bir kiyim keltirishni so'radilar. Uni olib kelishgach, Hajarul asvadni olib unga qo'ydilar. So'ng ularga «Har bir qabila bu kiyimning bir tarafidan tutib ko'tarsin», dedilar. Hajarul asvadning o'rniga yetishganda Sarvari olam qo'llari bilan uni olib joyiga o'rnatdilar. U zot bu oqilona tadbirlari bilan Ka'bai muazzamani tiklash sharafiga erishishga intilgan arab qabilalari o'rtasida alanga olishga sal qolgan mojaroga barham berdilar.

Uchinchi - Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhuning (1-73 hijriy sana) tiklashlari. Imom Muslimning «Sahih»larida rivoyat qilinishicha, Yazid ibn Muoviya (25-64 h.s.) zamonida shomliklarning yurishi natijasida Ka'bai muazzamaga o't tushdi. Ibn Zubayr uni haj mavsumi bo'lib, hojilar kelgunicha isloh qilmadilar. Haj mavsumi kelgach, yonlaridagiga maslahat solib shunday dedilar: «Menga Ka'ba xususida maslahat bering. Uni buzib qayta tiklayinmi yo shu holida tuzatayinmi?» Ibn Abbos roziyallohu anhu: «Menimcha shu holida tiklaylik. Insonlarning musulmon bo'lganiga, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ba'satlariga guvoh bo'lgan xona va toshlarga tegmaylik», dedilar. Ibn Zubayr roziyallohu anhu: «Agar biringizning uyingiz yongan bo'lsa, uni yangilamay qo'ymasdi. Bu axir Xonai Ka'ba-ku. Men uch marta istixora qilaman. So'ng qaror qilaman», dedilar. Uch bora istixora qilganlaridan so'ng Xonai Ka'bani buzishga qaror qildilar. Kishilar Xonai Ka'bani buzishga chiqqan birinchi kishiga zarar yetishidan qo'rqib undan uzoqlashdilar. Uni buzishga chiqqan kishiga hech narsa bo'lmaganini ko'rgan odamlar kelib, uni asosigacha buzdilar.

Ibn Zubayr: «Men Oysha roziyallohu anho onamizdan eshitganman. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Kishilar yaqinda kufrdan Islomga o'tmaganlarida va mablag'im oz bo'lmaganida Ka'bani yana besh ziro' ko'tarib, unga kishilar kiradigan bir eshik va chiqadigan bir eshik qilardim». Menda hozir mablag' bor. Odamlardan qo'qmayman», dedilar hamda unga Hajarul asvadgacha besh ziro' qo'shdilar va buni asos qilib unga xonani ko'tardilar. Ka'baning balandligi 18 ziro' bo'lgach, buni past hisoblab, yana 10 ziro' qo'shdilar va ikki eshik: birini kiradigan, ikkinchisini chiqadigan qildilar. Bu 64-hijriy yilda bo'ldi.

To'rtinchi: Abdulmalik ibn Marvon roziyallohu anhuning (26-87 h.s.) tiklashlari. U kishi Hajjojni Makkani qamal qilishga yuborganlarida Hajjoj manjaniq (zambarak kabi qurol) bilan Ka'ba devorlarini vayron qildi. U Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu ustidan g'alaba qozongach, Abdumalik ibn Marvon bilan Ka'bani tiklash borasida maslahatlashdi. Abdumalik binoning Abdulloh qo'shgan qismini buzib, qurayshliklar tiklagan asosda qoldirishga ko'rsatma berdilar. Hajjoj binodan olti ziro' va bir qarich olib tashladi va uning g'arbiy eshigi ostini berkitdi. Va qolgan qismini o'zgarishsiz qoldirdi. So'ng xalifa Abu Ja'far Mansur roziyallohu anhu (158 h.y. olamdan o'tgan) Xonai Ka'bani Ibn Zubayr bino qilgan holida qaytarmoqchi bo'lganda Molik ibn Anas roziyallohu anhu: «Sizdan keyin keladigan podshohlarga ham uni buzib-tiklash o'yin bo'lib qolmasin», deb qaytardilar.

Beshinchi: Sulton Murodxonning 1540 m. yilda tiklashi. Qattiq va uzoq yomg'ir yog'ishi natijasida katta sel kelib Masjidul Haromning ko'p qismini suv bosdi. Xonai Ka'baning eshigidan suv kirib, uning devorlarining yarmiga yetdi va uning shimoliy devori, sharqiy va g'arbiy devorlarining bir qismi, shifti quladi, odamlar qalbini qo'rquv egalladi. Sulton Murodxon uni zudlik bilan tikladi. Ka'bai muazzama bugun shu holatdadir.

Ka'bai muazzamaning atrofi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Abu Bakr roziyallohu anhu davrlarida ochiq edi, devorlar bilan o'ralmagan edi. So'ng hazrat Umar roziyallohu anhu Ka'ba yonlarida joylashgan uylarni sotib olib sahnini kengaytirdilar va kishi bo'yidan pastroq devor bilan o'radilar. Uning sahnini hazrat Usmon roziyallohu anhu, Ibn Zubayr roziyallohu anhu, Valid ibn Abdumalik ham yana kengaytirdilar. Valid ibn Abdumalik marmar ustunlar tikladi. Undan so'ng Mansur va Mahdiy ham Ka'bai muazzama sahnini kengaytirdilar. Shu bilan uning sahnini kengaytirish to'xtadi. Oli Saud hukmdorligi davrida Ka'bai muazzama atrofi hozirgi ko'rinishda yanada obod etildi.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.