background
logotype
image1 image2 image3

Tahorat qanday olinadi?

Savol: Yaqinda namoz boshladim. Har gal masjidda tahorat olayotganimda boshqalarning amalini ko'rib, meniki komil bo'lmayotganga o'xshab tuyulaveradi. «Dinda savolim bor...» kitobi orqali tahoratning barcha tartib-qoidalarini batafsil tushuntirib berolmaysizlarmi?

Javob: Bajonidil. Eng avvalo, tahorat olish uchun suv yerdan kiyim-boshga sachramaydigan joy tanlash lozim. Zero, poklanish uchun tahorat qila turib kiyim-boshni bulg'ab olish mantiqqa zid. Xalo va suv bilan tozalanadigan joyda tahorat qilish yaramaydi. Yuzni qiblaga qilib tahorat olish odobdandir.

Tahorat olishni boshlashdan avval ikki qo'l yenglarini tirsakdan o'tkazib shimarib olish lozim. Niyat qilish va tasmiya («Bismillahir rohmanir rohim») aytish tahoratning sunnatlaridandir. Obdastadan tahorat qilinsa, obdasta chap qo'l bilan ushlanadi.

Avval qo'llar oshig'i bilan qo'shib uch bor yuviladi va xilol qilinadi (ya'ni, barmoqlarni ort tomonlaridan bir-biriga kirgiziladi). So'ngra og'iz chayiladi. Bunda o'ng qo'l hovuchi bilan og'izga suv olinadi va g'arg'ara qilib, tomoqqa yetkazilib og'iz chayqaladi.

Og'izdagi suv tashlangach, tishlar misvok bilan tozalanadi. Misvok o'ng qo'l bilan ushlanadi. Boshbarmoq va jimjiloq uning ostidan, qolgan uch barmoq yuqorisidan tutadi. Avvalo o'ng yuqori tishlarga uch bor, so'ng o'ng pastki tishlarga uch bor misvok ishqalanadi. Chap tomon tishlari ham shu tartibda misvok bilan tozalangach, til ustiga ham bir marta misvok tekkizib qo'yiladi. Misvok bo'lmasa, o'ng qo'lning bosh va ko'rsatkich barmoqlari bilan tishlar aytilgan tartibda tozalanadi va til ustiga ko'rsatkich barmoq tekkiziladi. Misvokdan so'ng og'iz yana g'arg'ara qilinib, tomoqqa yetkazilib ikki bor chayiladi.

Keyin burun uch bor chayiladi. Bunda ham o'ng qo'l hovuchiga suv olinib, burunga, dimoqqa yetguncha tortiladi va chap qo'l bilan qoqiladi.

So'ng yuz yuviladi. O'ng qo'l hovuchi bilan peshonaning o'ng tarafiga ohista suv quyilib (bunda ko'zlarni yummaslik kerak), peshonaning soch ungan joyi, iyak osti va ikki quloq yumshoqlari oralig'ida biror joyni qoldirmay, yuz uch bor yuviladi. Yuz yuvishda siyrak soqolli kishilar soqollarining ostiga suv yetkazishlari lozim.

Yuz uch bor yuvilgach, qo'llar yangidan namlanib, soqoli borlar soqoliga ikki qo'l bilan mash tortadilar va xilol qiladilar. Ya'ni, soqol ikki qo'l bilan quloqlar oldidan boshlab uchigacha siypalanadi va chap qo'l bilan tutamlab, o'ng qo'l barmoqlari bilan, kafti soqolga qilinib, tagidan bir bor taraladi.

So'ng qo'llarni tirsak bilan yuvishga o'tiladi. Avval o'ng qo'l tirsagigacha yaxshilab ishqalanadi. Bundan o'ng hovuchga suv to'ldirilib tirsakka oqiziladi va chap kaft bilan ishqalanadi. Chap qo'l ham bilagu tirsaklari bilan shu ravishda uch bora yuviladi.

Keyin boshga bir marta mash tortiladi. Boshga mash tortish uchun bosh kiyim olingach, ikki qo'l kaft va barmoqlari yangidan namlanadi, ikki qo'lning bosh va ko'rsatkich barmoqlaridan o'zga barmoqlari jipslashtirilib, o'rta barmoqlaridan keyingi ikki kichik barmoqlari yonlari bilan bir-biriga tekkiziladi va boshning tepa qismi old tomonidan orqasiga qarab (kaftlarning jimjiloq tomonidan yarmi boshga tegib) bo'yingacha siypalanadi. So'ng kaftning boshga tegmagan qismi bilan boshning ikki yoni to peshonagacha siypalanadi.

Boshga mash tortishda hech joyga tegmagan ko'rsatkich barmoqlar bilan quloqning hamma ichki tomoni, bosh barmoqlar bilan orqasi to'la siypalanadi.

Keyin bo'yinga mash tortiladi. Bo'yinga mash tortish uchun qo'llarni yangidan namlash mustahabdir. Bo'yinga mash tortish joyi vadajon - ikki jon tomiridir. Qo'llarning uch kichik barmoqlarining orqa tomoni bo'yinningjon tomirlariga tekkiziladi, xolos. Xalqumgacha tortilmaydi.

Oyoqni yuvish qo'lni yuvishdek, barmoqlardan boshlanadi. Avval o'ng oyoq barmoqlaridan suv quyib, to'pig'i bilan bir bor yuvilgach, chap qo'l jimjilog'i bilan o'ng oyoq jimjilog'ining ost tomonidan boshlab barmoqlar orasidan bir-bir o'tkazilib xilol qilinadi. So'ng yana ikki bor mazkur tartibda yuviladi. Chap oyoq ham o'ng oyoqni yuvish tartibida yuviladi, lekin chap oyoqni xilol qilish (chap jimjilog'i bilan) bosh barmoq ostidan boshlanib jimjiloqda tugatiladi.

Tahorat qilishda bajarilishi lozim bo'lgan amallar uzluksiz, ya'ni bir joyda, o'rtaga boshqa ishlar qo'shilmay bajarilishi kerak. Oqar suvlarda tahorat olinganda og'iz va burun suvlari ariqqa tashlanmaydi. Tahorat qilishda behuda so'zlarni so'zlamaslik lozim.

Tahoratda yuzni, ikki qo'lni tirsak bilan, ikki oyoqni to'piq bilan (yuqorida aytilgan tartibda) bir bor yuvish va boshning to'rtdan biriga mash tortish farzdir.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.