background
logotype
image1 image2 image3

Qurbonlik ibodatining qanday hukmlari bor?

Savol: Qurbonlik ibodatining qanday hukmlari bor?

Javob: Qurbonlik qilish zakot, sadaqai fitr kabi moliyaviy ibodatdir.

Zulhijja oyining o‘ninchi kuni hayit namozi o‘qilganidan boshlab, to o‘n ikkinchi kunining shomigacha qurbonlik so‘yish vaqtidir.

Kumush zakotining nisobidagi mablag‘a yo zaruriy ehtiyojidan ortiqcha, qiymati kumush nisobi miqdoriga yetadigan mulkka ega bo‘lgan muqim musulmonga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi.

Yashayotgan turar joyi, kerakli (uy ichida, ishda va hayitda kiyish uchun) kiyimlari, uy anjomlari, mehnat qurollari zaruriy ehtiyojga kiradi.

Qurbonlik so‘yish vaqtining oxiridagi boylik holati qurbonlikning vojib bo‘lishi uchun hisobga olinadi. Ya'ni, kambag‘al kishi qurbonlik so‘yish vaqtining oxiriga kelib kumush nisobi miqdoricha boylikka ega bo‘lsa, unga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi, agar boy kishi o‘sha vaqtda kambag‘al bo‘lib qolsa, unga qurbonlik so‘yish vojib bo‘lmaydi.

Qiymati kumush zakoti nisobiga yetadigan yeri bo‘lgan, ammo o‘zi ijarada yashayotgan musulmonga qurbonlik so‘yish vojibdir.

Qurbonlik uchun besh yoshga to‘lgach tuya, ikki yoshga to‘lgan qoramol, olti oyga to‘lgan qo‘y, bir yoshli echki yaraydi.

Qurbonlik niyatida tovuq, kurka kabilarni so‘yish makruhdir.

Tuya va qora mollarni yetti kishi yo bundan kam kishi birlashib qurbonlikka so‘yishlari joiz. Ammo ulardan birining niyati go‘sht olish bo‘lsa, barchalarining qurbonligi bekor bo‘ladi. Zero, qurbonlikning rukni go‘sht olish emas, mol so‘yishdir. Yetti kishi bir bo‘lib so‘yilgan qurbonlikgo‘shtini kilolab tortib teng taqsimlab olishlari lozim bo‘ladi.

Ko‘zi ko‘r, qulog‘i, shoxi, dumining uchdan bir qismidan ko‘pi kesib tashlangan hayvonlar qurbonlikka yaramaydi. Qurbonlikka so‘yilgan hayvonning terisini qassobga xizmat haqqi sifatida berish mumkin emas.

Qurbonlik so‘yishi vojib bo‘lgan kishi qurbonlikni vaqtida so‘ymasa, keyin uning qiymatini sadaqa qilishi vojibdir.

So‘yilgan qurbonlikning uchdan birini sadaqa qilish uchdan birini yedirish, uchdan birini keyin yeyishga olib qo‘yish mustahab. Serfarzand bo‘lsa, hammasini o‘z farzandlari uchun qoldirishi mustahabdir.

Qurbonlik qiluvchi so‘yishni bilsa, o‘zi so‘yadi. Bilmasa, birovga buyurib, o‘zi uning oldida turadi.

Qurbonlik molining terisi sadaqa qilinadi yo ro‘zg‘orda ishlatiladigan kigiz, palos kabi narsalarga almashtiriladi. Agar sotib yuborilsa, puli sadaqa qilinadi.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.