background
logotype
image1 image2 image3

Qur'onni xatm qilish muddatlari, uni tilovat qilish maqbul bo‘lgan o‘rinlar

Savol: Yaqinda Qur'on o‘qishni o‘rganib oldim. Uni xatm qilish muddatlari, uni tilovat qilish maqbul bo‘lgan o‘rinlar haqida bilmoqchi edim.

Javob: Qur'on o‘quvchi kishi tilovatni tark qilmasligi, bu ishda bardavom bo‘lishi lozim. Salaf ulamolarimizning Qur'onni xatm qilish odatlari turlicha edi. Ba'zilari ikki oyda, ba'zilari har oyda, boshqalari har o‘n, sakkiz yoki yetti kunda Qur'onni xatm qilib turishardi. Ko‘pchilikning odati shu edi. Olti, besh, to‘rt yoki uch kunda xatm qiluvchi ulamolar ham bo‘lgan.

Qur'on o‘qishni qachon boshlab qachon xatm qilish vaqti qorining ixtiyoridadir. Masalan, Usmon roziyallohu anhu bir haftalik xatmlarida juma kechasi boshlab, payshanba kechasi tugatar edilar. Abu Homid G‘azzoliy «Ihyou ulumid-din» kitoblarida: «Xatmlarning afzali tungi xatm va kunduzgi xatm. Kunduzgi xatm dushanba kuni bomdod namozining ikki rakatida yoki undan keyin tugatiladi. Tungi xatm juma kuni shom namozining ikki rakatida yoki undan keyin tugatiladi», deb aytganlar.

Qur'on qiroati uchun eng yaxshi vaqt namozdagi vaqtdir. Namozdan tashqari qiroat esa, kechasi bo‘lgani yaxshiroq. Kechaning ikkinchi yarmida bo‘lgani avvalida bo‘lganidan yaxshiroq. Shom va xufton orasidagi tilovat ham suyuklidir. Ammo kunduzgi tilovatlarning eng yaxshisi bomdod namozidan keyingisidir. Qaysi vaqt bo‘lmasin, Qur'on tilovat qilishning karohiyati yo‘q. Hatto namoz o‘qish man qilingan paytlarda ham tilovat qilinaveradi.

Yolg‘iz xatm qiluvchi qori xatmni namozda tugatishi mustahabdir. Ammo namozdan tashqarida ko‘pchilik bo‘lib xatm qilish kecha yoki kunduzning avvalida bo‘lgani yaxshi. Xatm kunida ro‘za tutish ham mustahab. Faqat man qilingan kunlarda ro‘za tutilmaydi. Tobeinlardan Talha ibn Musarraf, Musayyib ibn Rofi' va Habib ibn Abu Sog‘itlar Qur'onni xatm qiladigan kunlari ro‘zador bo‘lur edilar. Xatm majlislarida Qur'on o‘qishni biladiganlar ham, bilmaydiganlar ham hozir bo‘lishi mustahabdir.

Qatoda, rahmatullohi alayh, aytadilar: «Anas ibn Molik roziyallohu anhu qachon xatm qilsalar (ya'ni, Qur'oni karimni o‘qib tugatsalar), ahli ayollarini to‘plab, duo qilardilar». Hakim ibn Utbadan qilingan sahih rivoyatda u kishi aytadilar: «Menga Mujohid bilan Abda ibn Abu Lubobani yuborishibdi. Ular, biz Qur'onni xatm qilishni xohlaymiz, chunki Qur'on xatm qilinganida duolar ijobat bo‘ladi, deb aytishdi» (Ibn Abu Dovud rivoyati).

Ba'zi sahih rivoyatlarda: Qur'on xatm qilinganida rahmat yog‘ilib turadi, deb aytilgan.

Qur'on xatm qilinganida tazarru' va iltijo bilan, qabul bo‘lishiga ishongan holda duo qilish mustahabdur.

Humayd A'raj roziyallohu anhu aytadilar: «Kim Qur'on o‘qib, so‘ngra duo qilsa, uning duosiga to‘rt ming farishta omin, deb turadi» (Doramiy rivoyati).

Abu Muso Ash'ariydan, roziyallohu anhu, rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qur'onni yodlaganingizdan keyin mahkam tutinglar. Allohga qasamki, Qur'on arqoni yechilgan tuyadan ham tezroq qochadi», dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Anasdan, roziyallohu anhu, rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Menga ummatimning savoblari ko‘rsatildi. Ular orasida kishi masjiddan chiqarib tashlagan axlat (uchun berilgan savob) ham bor edi. Yana menga ummatimning gunohlari ko‘rsatildi. Bir kishiga Qur'ondan biror sura yoki oyatni yodlash nasib etgach, so‘ng uni unutib yuborganidan kattaroq gunohni ko‘rmadim», dedilar (Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari).

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.