background
logotype
image1 image2 image3

Qiz bolaning aybi nima?

Savol: Bir og'aynimning birinchi farzandi qiz tug'ildi. Musulmon bo'laturib bunga jahli chiqib ketdi, hatto yangi ko'z yorigan xotini va farzandini ko'rgani tug'ruqxonaga ham bormadi. Uning shu ishi to'g'rimi?

Javob: Yo'q, to'g'ri emas. Inson tabiatan qiz boladan ko'ra o'g'il bola tug'ilishini ko'proq umid qiladi. Alloh taolo unga o'g'il farzand nasib etishini, xossatan, birinchi farzandini o'g'il qilishini yoqtiradi. Bu tuyg'u Alloh taolo qiz farzand berganida g'azab va norozilik darajasiga etmasa, gunoh emas.

Inson Alloh taolo unga bergan farzandini agar qiz bo'lsa ham, aslo yomon ko'rishi mumkin emas. Qiz tug'ilganida xafa bo'lish, o'g'il tug'ilganida xursand bo'lish yaramaydi. Farzand Alloh taolo bergan ne'matdir. Ota ezgulik ularning qaysi birida ekanini bilmaydi. Otalar pushaymon qilib: «Shu o'g'lim tug'ilmasa bo'lmasmidi?!» deyiladigan o'g'illar qancha! Otalariga xayru barokat bo'lgan qizlar qancha!

Qiz bola tug'ilganida g'azablanish johiliyat davrining, Alloh taolo insonlarni Islom ne'mati bilan musharraf qilgunicha bo'lgan pallaning eng yomon odatlaridan bo'lgan.

Afsuski, johilona bu odat ko'p yurt va jamiyatlarda hamon saqlanib qolmoqda. Qizlarni yomon ko'rishadi. Xotini qiz tug'sa, uradiganlar va qo'yib yuboradiganlar ham bor. Ba'zilar qiz tuqqan xotinni ayblashadi va o'g'il tug'masa, «qiztug'ar», deb haqoratlashadi. U nodonlar ona qorni faqat pusht unadigan joyligini, o'g'il va qiz aslida erkak urug'idan bo'lishini, nasl ayolning emas, erkakning nasli ekanligini bilmaydilar. Agar ta'na qilish durust bo'lsa, o'zlarini ta'na qilishsin.

Farzandni Alloh taolo berishini unutmaslik kerak. Sho'ro surasining 45-50-oyatlari mazmuni shunday: «Osmonlar va yer tasarrufi Alloh ixtiyoridadir. Istaganini yaratadi. Istagan bandasiga faqat qiz va istagan bandasiga faqat o'g'il beradi. Yoki ba'zi bandalariga o'g'il va qiz qo'shib beradi. Istagan bandasini bepusht qiladi. U barcha narsani bilguvchi va istagan narsasiga qodir Zotdir».

Farzandni Alloh beradi. U ba'zilarga faqat qiz ato qiladi. Ba'zilarga faqat o'g'il beradi. Ba'zilarga qiz ham, o'g'il ham beradi. Ba'zilarga hech farzand bermay, bepusht qiladi. Bunga rozi bo'lish iymonga bog'liq. Kishi iymonli bo'lsa, Alloh unga nimani istasa, bersa ham, bermasa ham va nima bersa ham, shunga rozi bo'ladi. Allohning bergani fazlidir. Bermasa, adlidir. Inson g'aybni bilmaydi. Narsalarning sirlarini va oqibatini idrok qilolmaydi. Ularni tanho Alloh taolo biladi. Banda ma'qullashi va Alloh taologa bo'ysunishi lozim. Barcha holda Allohning hukmiga rozi bo'lishi kerak.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.