background
logotype
image1 image2 image3

Farzand tug'ilishi biz er-xotinga qanday vazifalarni qo'yadi?

Savol: Alloh bizga farzand ato etdi. Farzand tug'ilishi biz er-xotinga qanday vazifalarni qo'yadi?

Javob: Bola tug'ilganidan so'ng qilinishi lozim bo'lgan sunnat va mustahab ishlarning muhimlari quyidagilar:

1. Go'dak tug'ilganidan xushxabar berish va u bilan qutlash mustahabdir. Zero, xushxabar musulmonni quvontiradi va xursand etadi. Inson farzandi tug'ilsa yo ayolining homiladorligi bilinsa ham, xursand bo'lishi
mustahabdir.

Maryam surasining 7-oyati mazmuni shunday: «Yo Zakariyo! Biz sizga Yahyo deb ismlangan bola ato qilishimiz xushxabarini beramiz. Bu nom bilan oldin hech birni atamaganmiz».

Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga va uning ayollariga ham farzand xushxabarini bergan.

Hasan Basriy rahimahullohdan tabrik borasida shunday rivoyat qilinadi: u zotning oldilarida farzand ko'rgan bir kishi o'tirardi. Huzurlariga yana bir kishi keldi va unga: «Otliq sevintirsin», deb tabrikladi. Shunda Hasan Basriy: «U otliqmi yoki eshakboqarmi - qayoqdan bilasan?» dedilar. «Unda nima deyishimiz kerak?» dedi u odam. «Alloh farzandingizni muborak qilsin, bergan Zotga shukurli bo'ling, farzandingiz kamolga yetsin va uning yaxshiligi sizga nasib etsin, deb ayting», dedilar Hasan Basriy.

2. Chaqaloq tug'ilganidan keyin birinchi eshitadigan so'zi azon bo'lishi uchun o'ng qulog'iga azon, chap qulog'iga iqomat aytish mustahabdir.

3. Chaqaloq tug'ilgach, otasi yo boshqa fozil kishi xurmo yo shunga o'xshash narsani chaynab, uni chaqaloq og'ziga surishi ham mustahab. Zero, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobai kiromlardan bir nechalarning farzandlariga shunday qilganlar. Abu Bakr Siddiqning qizlari Asmoning o'g'illari Abdulloh ibn Zubayr (Alloh taolo ularning barchalaridan rozi bo'lsin) tug'ilganlarida Payg'ambarimiz shunday qilganlar. Asmo unga Makkada homilador edilar va Madinaga hijrat qilib Quboga kelishlari bilan Abdullohni tug'dilar. Uni Rasululloh huzurlariga olib borganlarida, Rasululloh xurmo keltirishlarini so'radilar va xurmoni chaynab uni og'ziga tufladilar. Shunday qilib, uning qorniga birinchi kirgan narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak tupuklari bo'ldi. So'ng xurmo bilan og'zini surdilar va haqiga duo qildilar, unga baraka tiladilar. Abdulloh Madinadagi muhojirlarning Islomda tug'ilgan birinchi chaqalog'i edi.

4. Bola tug'ilganida unga yaxshi nom qo'yish sunnatdir. Nom qo'yishni yetti kundan kechiktirish noma'qul. Imom Muslim Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Bu kecha bir o'g'il ko'rdim, uni otamning ismi bilan Ibrohim deb nomladim». Rasulullohning bu o'g'illari Maryam Qibtiyya roziyallohu anhodan tug'ilgan edi. U cho'rilari edi. Musulmon bo'lgan edi. Imom Muslim Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Payg'ambarimiz sollallahu alayhi va sallam marhamat qiladilar: «Alloh azza va jallaga eng suyukli ismlaringiz Abdulloh va Abdurahmondir». Boshqa hadislarida aytadilar: «Payg'ambarlarning nomlarini oling!» Ismlarni buzib aytish makruh bo'ladi.

5. O'g'il bolani xatna qilish sunnatdir. Uni kechiktirish makruh. Xatna barcha payg'ambarlarning sunnatidir.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.