background
logotype
image1 image2 image3

Xulu’ ham taloqmi?

Savol: Yaqinda taloqning "xulu'" degan xili borligini eshitdim. Iltimos, shu haqda to‘laroq ma'lumot bersangizlar.

Javob: "Xulu'" - taloqning bir turi. Baqara surasining 229-oyati mazmuni bunday: "Ey musulmonlar! Agar er-xotinning Alloh taolo ko‘rsatgan shar'iy hududga rioya etolmasliklaridan xavfsirasangiz, xotinning eridan ajralish uchun eriga mol berishida va erning uni olishida gunoh yo‘qdir".

Xotin eriga pul yoki mol berib taloq olishi, o‘zini undan xalos qilishi gunoh emas.

Islom dinida birinchi xulu' Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida sodir bo‘ldi. Imom Buxoriy, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishlaricha, Sobit ibn Qays Ansoriyning xotinlari (Alloh taolo ulardan rozi bo‘lsin) Payg‘ambarimiz alayhissalomning oldilariga kelib murojaat qildi: "Yo Rasululloh! Men Sobit ibn Qaysni na xulqda, na dinida ayblamayman. Ammo Islomda noshukrlik qilishni yomon ko‘raman". Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan so‘radilar: "Unga bog‘ini qaytarib berasanmi?" Ayol: "Ha", deb javob bergach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sobit ibn Qays roziyallohu anhuga: "Bog‘ni olgin-da, uni bir taloq qo‘ygin", dedilar. Sobit ibn Qays u xotinga uylanganlarida mahriga xurmo bog‘ini bergan edilar.

Bu o‘rinda shuni bilish muhim: ayolning taloq uchun hali olmagan mahridan kechishi yo olgan mahrini eriga qaytarib berishi o‘z xohishi bilan bo‘lishi lozim. Niso surasining 4-oyati mazmuni bunday: "Xotinlarga mahrlarini rozilik bilan bering. Agar ular mahrlaridan biror narsani o‘zlari rozi bo‘lib sizga qaytarsalar, uni yeng, bunda gunoh va balo yo‘q".

Azob yoki qiynoq ta'sirida xotini mahridan kechgan er xursand bo‘lmasin. Alloh taolo e'tiborida bu xotinning huquqlari erning zimmasidan tushmaydi. U er ikki bor - xotiniga zulm qilib, azoblagani uchun bir hisob bersa, xotinining haqqini yegani uchun yana bir hisob beradi.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.