background
logotype
image1 image2 image3

Qizni ko‘rish mumkinmi?

SavolAllonasib qilsayaqinda uylanmoqchimanAmmo bo‘lg‘usi kelinning faqat suratini ko‘rdimU bilan ko‘rishishim shariatga to‘g‘ri keladimi?

JavobNomahram erkak va nomahram ayolga qarash shar'an haromdir. Shuning uchun nomahramlardan ko‘zni tiyish erkagu ayolga birday vojibdir. Nur surasining 30-31-oyatlari mazmuni shunday: «Mo‘min erkaklarga ayting: ko‘zlarini tiysinlar va avratlarini saqlasinlar! Bunday qilish gunohdan saqlanishlari uchun yaxshidir. Alloh taolo amallaridan xabardordir. Mo‘mina ayollarga ayting: ko‘zlarini tiysinlar va avratlarini saqlasinlar».

Ammo uylanmoqchi bo‘lgan yigitning bo‘lajak qaylig‘ini (va aksincha) ko‘rishi, niyati sovchilik bo‘lishi sharti bilan joiz va kerak. Bu haqda hadislar ko‘p. Imom Muslim «Sahih»larida Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh (s.a.v.) bir ayolga uylanmoqchi bo‘lgan kishidan: «Uni ko‘rdingmi?» deb so‘radilar. U: «Yo‘q», dedi. «Bor-da, uni ko‘r», dedilar».

Imom Ahmad, Abu Dovud va Hokim Jobir ibn Abdullohdan (r.a.) rivoyat qiladilar. Rasululloh (s.a.v.) shunday dedilar: «Agar sizlardan biringiz bir ayolga sovchi yubormoqchi bo‘lsa, u ayolning nikohiga bois joylarini ko‘ra olsa, ko‘rsin».

Uylanmoqchi bo‘lgan yigit qizning faqat yuzi va ikki kaftini ko‘rishi mumkin. Undan boshqa joylarni ko‘rishi mumkin emas. Barcha mujtahid ulamolarning istinboti shu. Zero, yuz go‘zallikni ko‘rsatsa, ikki kaft badan salohiyatini ko‘rsatadi. Yigit qizning og‘zi va badanining hidini, sochining go‘zalligini bilishni istasa, onasi yoki singlisini yuborib bilish imkoniga ega.

Eng yaxshisi, uylanmoqchi bo‘lgan yigit qizni unga sovchi yubormasdan ilgari ko‘rsin. Agar yoqmasa, qizga ozor yetkazmaydi, sovchi yubormaydi. Qizni ko‘rish uchun uning roziligi yo bilishi shart emas. Yigit qizni bildirmay va u sezmagan holda ko‘rishi mumkin. Shu yaxshi. Imom Ahmad va Tabaroniy Abu Humayd Sodiydan (r.a.) rivoyat qiladilar. Rasululloh (s.a.v.): «Agar sizlardan biringiz ayolga sovchi yuborgan bo‘lsa, u ayol bilmasa-da, uylanish niyatida uni ko‘rishi gunoh bo‘lmaydi», dedilar.

Sovchilar bir bitimga kelishganidan so‘ng yigit va qiz yaqinlarining roziliklarini bildirish uchun fotiha o‘qish marosimi ma'qul marosim. Ammo fotiha o‘qish nikoh hisoblanmaydi. Lekin uylanajak yigitning bo‘lajak kelin bilan tanho qolishi, u bilan sayohatga chiqishi, bir-birlarinikiga borib-kelib turishlari, tunlarni birga bedor o‘tkazishlari ko‘p musulmonlar odat qila boshlagan ajnabiy, buzuq odatlardandir. Bu odatlarga ergashayotgan ba'zi musulmonlar baxtli oila ko‘rish uchun shu yo‘l bilan yigit va qiz bir-birining fe'l-atvorini o‘rganadi, tanishadi, deydilar. Bu maqsad voqelikka va asosga suyanmagan bir xayoldir. Chunki u paytda yigit ham, qiz ham aslida o‘zlarida yo‘q bo‘lgan yaxshi fe'llarni borday qilib ko‘rsatishga tirishadi. Haqiqat esa jimjima va hiylalar ko‘tariladigan, ulardagi haqiqiy fe'l-atvor bir-birlariga oshkor bo‘ladigan to‘ydan keyin namoyon bo‘ladi. Va tez orada ularning har birining ko‘ngli soviydi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yigit va qiz oila qurishning hamma bosqichlarida, ya'ni sovchilik, to‘y va qo‘shilish chog‘larida shar'iy yo‘l va hukmlarga rioya etishlari Alloh taoloning tavfiqi va roziligi bilan ularga baxtli oilaviy hayotni kafolatlaydi. Ammo musulmon bo‘lmaganlarning yomon odatlarini tutganlar ko‘p holda baxtsiz bo‘ladilar.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.