background
logotype
image1 image2 image3

Internet orqali nikoh va taloq joizmi? O‘ziga o‘zi nikoh o‘qisa bo‘lmaydimi?

Savol: Telefon yoki internet tarmog‘i orqali nikohlanish yoki taloq berish joizmi? Odam o‘ziga o‘zi nikoh o‘qisa ham bo‘ladimi?

Javob: Nikoh insoniy aloqalar ichidagi eng muqaddas aloqadir. Chunki u Allohning amriga muvofiq, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilaroq bir necha mo‘min-musulmonlarning ishtiroki va guvohligida amalga oshiriladigan muqaddas aloqadir. Shuning uchun ham boshqa insoniy aloqalardan farqli o‘laroq, nikoh aqdi tuzishning o‘ziga yarasha rukn va shartlari bor. Agar mazkur rukn va shartlar amalga oshmasa, nikoh sahih bo‘lmaydi.

Nikohning ruknlari

Nikohning rukni iyjob va qabuldir. Iyjob deb bir tomonning nikohlanish to‘g‘risidagi taklifiga aytiladi. Qabul deb esa o‘sha taklifga rozi bo‘lib, uni qabul qilishga aytiladi.
Masalan, bo‘lajak kuyov yoki uning vakili bo‘lg‘usi kelin yoki uning vakiliga (yoki valiysiga) guvohlar huzurida: «Men seni nikohimga oldim», deyishi «iyjob» bo‘ladi.
Kelin bu taklifni qabul qilib, «Rozi bo‘ldim», deb javob bersa, mana shu javob «qabul» bo‘ladi.

Bu taklifning avval kim tomonidan bo‘lishi shart emas. Masalan, kelin-kuyovni nikohlayotgan imom «Siz, Falonchi qizi Falonchi, o‘z ixtiyoringiz bilan Falonchi o‘g‘li Falonchiga nikohlanishga rozimisiz?» deb so‘rashi hamda «Siz, Falonchi o‘g‘li Falonchi, o‘z ixtiyoringiz bilan Falonchi qizi Falonchini nikohingizga oldingizmi?» deb so‘rashi iyjob bo‘ladi, kelinning «Roziman» yoki kuyovning «Nikohimga oldim» deyishi qabul bo‘ladi.

Kelin ham, kuyov ham bir-birining lafzini eshitishi shart.

Iyjob va qabul valiylar yoki vakillar orqali ham bo‘lishi mumkin.

Ikki guvoh – ikki mukallaf, musulmon erkak yoki bir erkak va ikki ayol hozir bo‘lib, birgalikda kelin-kuyovning so‘zlarini eshitishlari shartdir (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining «Kifoya» kitobidan).

Nikohning sharti

Nikohning sharti esa bitta bo‘lib, mahr berishdir. Mahrning eng kam miqdori 10 dirham (zakot nisobining yigirmadan biri) deb belgilangan. Mahrning eng kam miqdori bor, ammo ko‘piga chegara yo‘q (Mahr to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotni fiqhga oid kitoblardan o‘rganiladi).

Oila qurayotgan har bir mo‘min-musulmon uchun shar’iy nikohdan o‘tish farzdir. Kimki mazkur nikohdan o‘tmasa, boshqa har qanday vositalar bilan oila qursalar ham, shar’an er-xotin bo‘la olmaydi. Shuning uchun ko‘pchilik ulamolar nikohni ibodat sanaganlar. Ibodatga esa bepisandlik bilan, yengil qarab bo‘lmaydi. Bu borada hazil-mutoyiba qilish, masxarabozlik qilish mumkin emas. Aks holda kishining iymoniga futur yetishi mumkin. Afsuski, hozirgi kunda ba’zi kimsalar bu qadar jiddiy masalaga yengil-elpi, bepisandlik bilan qaraydilar. Aslida ular kim va nima bilan o‘ynashayotganlarini bilmaydilar, buning oqibatini tasavvur ham qilmaydilar. Ana shunday johil kimsalar hozirgi kunda keng ommalashib ketayotgan aloqa vositalari, jumladan, telefon yoki internet orqali bir-biri bilan topishib, bevosita uchrashmay turib, oila qurib yuboryapti. Eng achinarlisi shuki, o‘zini musulmon hisoblayotgan bunday kimsalar virtual muloqot orqali shar’iy nikohdan o‘tganini da’vo qilmoqda va mana shu aloqani haqiqiy, shar’iy nikohning o‘rniga o‘tadi deb hisoblamoqda. Bu bilan ular nafaqat o‘zini, balki diniy ilmi kam bo‘lgan millionlab yoshlarni ham yo‘ldan ozdirib, halokatli jar tomon yetaklashyapti. Bunday salbiy holatlarga indamasdan tomoshabin bo‘lib o‘tiraversak, bularning kasofati millionlab yosh vatandoshlarimizga ham salbiy ta’sir o‘tkazib, kelajakda achinarli va ayanchli oqibatini ko‘rsatmay qo‘ymaydi. Xalqimizda «Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin» degan hikmat bor. Har bir ishning o‘z egasi va mutaxassisi bor.

Aqdi nikoh harom bilan halolni bir-biridan ajratuvchi muqaddas aloqadir. “Aqd” so‘zining ma’nosi tugundir, nikoh aqdi deganda nikoh tuguni tushuniladi. Demak, nikoh – avval bir-biriga begona, nomahram ikki insonni bir oila qilib, bir-biriga mahram qilib, ikki tomon qudalarni bir-biriga qarindoshlik rishtalari bilan bog‘lovchi muborak vositadir. Shunday ekan, nikoh aqdini bog‘lash nihoyatda mas’uliyatli va sharafli vazifadir. Binobarin, bu ishni nafaqat yetuk mutaxassis, balki taqvodor, parhezkor, ibodatli, halol-pok hayot kechiradigan, axloq-odobda barchaga namuna bo‘ladigan, duogo‘y, mo‘‘tabar insonlar ado qilib bog‘lasalar maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bunday insonlar oila qurayotgan yoshlarga dinimizning ahkomlarini, shariatimizning oila, nikoh, er-xotin munosabatlari, hayz, nifos, taloq va idda kabi masalalarga oid hukmlarini, kelin-kuyovning vazifa, burch, mas’uliyat va huquqlarini tushuntirib o‘tadilar.

Payg‘ambarimiz solllallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
إذَا وُسِّدَ الأَمْرُ إلى غَيْرِ أَهْلِهِ فَانْتَظِرِ السَّاعَةَ  . رواه البخاري.
«Ish o‘z egasidan boshqaga topshirilsa, qiyomatni kutaveringlar».
Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Demak, yuqorida aytib o‘tilgan ruknlar, shartlarni, tartib-qoidalarni pisand qilmay, guvohsiz, mahrsiz, hammadan yashirincha, ota-onaning roziligisiz, o‘zboshimchalik bilan nikoh o‘qitib olayotganlar ko‘zlarini ochishsin, sal hushyor bo‘lib, sergak tortishsin. O‘zlaricha dunyoning turli chekkasida turib ham, birorta aloqa vositasi orqali ulanib, nikoh o‘qitib olayotganlar, hech kim bilmasin qabilida ish tutib, savodsiz bo‘lgan holda o‘zini o‘zi nikohlab olayotganlar nikohdek muhim ishni o‘z egasiga, o‘z ahliga, ilmli, taqvoli imomga topshirmay, duch kelgan odamga aytib, bu amallari bilan avvalo o‘z oilalarida qiyomatni qoim qilyapti. Bunday yashirincha, shoshma-shosharlik bilan qurilayotgan «oila»larning oradan hech qancha o‘tmay buzilishi tabiiy holdir. Yoki mana shunday ahvolda oila qurib, so‘ng baxtli-saodatli hayot kechirayotganlar bormi?

Hozirgi kunda internetda turli ijtimoiy tarmoqlar juda keng tarqalib, ommaviylashib boryapti. Bu tarmoqlarga ulanish, ularga a’zo bo‘lish juda oson. Ulanish uchun birorta rasmiy ma’lumot talab qilinmaydi. Shuning uchun aksariyat yoshlar bu tarmoqlarga turli taxalluslar, antiqa nomlar bilan, duch kelgan surat yoki rasmlar bilan a’zo bo‘lib olishyapti. Natijada xohlagan odam o‘sha tarmoqlardagi istalgan guruhga qo‘shilib olishi, istagan sahifasiga kirishi, kimligini bildirmay, istagan odami bilan tanishib olib, gaplashish, u yerda yozilgan gaplarga munosabat bildirib, xohlaganicha fikr-mulohaza bildirishi mumkin.

Internetning ishlash tamoyillarini, ijtimoiy tarmoqlardan ko‘zlangan asl maqsadlardan mutlaqo bexabar, chalasavod kimsalar haqiqiy ismi va qiyofasi ko‘rinmaganiga aldanib, o‘zicha «endi menga hamma narsa mumkin», deb o‘ylashadi. Ularning deyarli hammasi bir-birini aldab, haqiqiy ism-sharifini yozmay, boshqa birorta nom yoki taxallus tanlab oladi, o‘zining suratini qo‘ymay, boshqa birorta surat yoki rasm qo‘yadi. Xullas, o‘ziga oid haqiqiy ma’lumotlarni qo‘ya olmaydi, chunki ularni qo‘ysa, ko‘zlagan maqsadiga erisha olmaydi. Shuning uchun qachon qarasangiz, qaddu basti kelishgan yosh, navqiron, go‘zal yigit-qizlarning suratini, mashhur odamlarning ismini qo‘yishadi va shu yo‘l bilan sodda, go‘l odamlarni osongina qarmoqqa ilintirishadi. Hozirgi kunda ana shunday tarmoqlardan biri bo‘lgan «Odnoklassniki.ru» sayti a’zolari o‘rtasida virtual nikoh o‘qitish nihoyatda avj olib ketdi. «Ko‘r ko‘rni qorong‘ida topadi» deydi dono xalqimiz. Bugungi kunda qalb ko‘zi ko‘rlar ham bir-birini ana shunday virtual aloqalar orqali topmoqda.

Ustozimiz, fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bunday nikohlarni durust emas deb fatvo berganlar, lekin aloqa vositalari orqali qo‘yilgan taloqning voqe bo‘lishini ham aytib o‘tganlar. Zero, taloq voqe bo‘lishi uchun er o‘zining xotiniga har qanday yo‘l yoki vosita orqali (to‘g‘ridan-to‘g‘ri, eshittirib, eshittirmasdan, uzoqda turib, maktub orqali yoki vositachi odam yoki aloqa vositalari orqali, jiddiy yoki hazillashib) ajrashish niyatini ma’lum qilsa kifoya.

Nikoh – umr savdosi, deyishadi. Ammo bu savdoning foyda-zarari insonning ikki dunyosiga ta’sir qiladi. Shuning uchun nikohda hazil-huzul, yengil-elpilik ketmaydi. O‘z taqdiriga, birovlarning taqdiriga yengil qaragan odamgina nikohni oddiy narsa deb bilib, o‘zini har hunarga solishi mumkin. Nikoh o‘yinchoq bo‘lmaganidek, taloqni ham o‘yinchoq qilmaslik kerak. Aks holda bu narsa nafaqat oilaning ajrashuvi bilan, balki qarindoshlik rishtalarining uzilishi, farzandlarning tirik yetim bo‘lishi, jamiyatda fahsh va zinoning ko‘payishi, oxiratda esa og‘ir azob-uqubatlar bilan jazolanadi.

Alloh taolo barchamizga xayrli nikoh, baxtli oila, shirin turmush ato etsin!

Is'hoq Muhammad | ummat.uz


2004-2017 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.