background
logotype
image1 image2 image3

Namozga doir fatvolar – 5-qism

291-FATVO

Qulog‘i kar odam sajda oyatini o‘qisa, o‘zi eshitmasa ham sajda vojib bo‘laveradi. Harfma-harf hijjalab o‘qigan odamga sajda vojib bo‘lmaydi.

«Olamgiriya», «Xulosa», «Sirojiya»

292-FATVO

Imom sajda oyatini o‘qisa, o‘zi ham, eshitganu eshitmaganlar ham sajda qiladilar. Lekin imom maxfiy qiroat qilinadigan namozlarda sajda oyatini qiroat qilmasligi mustahabdir.

«Olamgiriya»

293-FATVO

Namozda o‘qilgan sajda oyati uchun namoz ichida sajda qilinmagan bo‘lsa, namoz tashqarisida uning qazosi yo‘qdir. Tarki vojib qilgani uchun gunohkor bo‘ladi. Buning uchun istig‘for aytishdan o‘zga chora yo‘qdir.

«Olamgiriya», «Sirojiya», «Kofiy»

294-FATVO

Namoz ichida sajda oyatini o‘qib, sajda qilgandan keyin namozni salom bilan tugatib, turgan joyida o‘sha oyatni qayta o‘qisa, yana bir marta sajda qilishi kerak bo‘ladi. Ba'zi ulamolar salomdan keyin gapirib qo‘ygan bo‘lsa deb shart qo‘ygan ekanlar. Bordi-yu, namoz ichida oyati sajdani o‘qib, sajda qilmay salom bergandan keyin yana o‘sha oyatni o‘qisa, bitta sajda kifoya qiladi.

«Olamgiriya», «Qozixon»

295-FATVO

Sajda oyatini ado etish uchun o‘rnidan turib, qiyomdan sajdaga borish, sajdadan keyin ham o‘rnidan tik turib, so‘ngra o‘tirish mustahab amallardandir. Sajda niyatini dilida qiladi, tilida "Allohga tilovat sajdasini qilyapman" deb qo‘ysa kifoya.

«Olamgiriya», «Zahiriya», «as-Siroj al-vahhoj»

296-FATVO

Namozdan tashqarida sajda oyatini o‘qisa, darhol sajda qilish shart emas, balki qachon sajda qilsa ham qazo emas, ado hisoblanaveradi, Ammo, namoz ichida sajda oyatini o‘qisa, darhol sajda qilishi kerak bo‘ladi. Sajda qilmay qiroatni cho‘zib yuborib, so‘ngra sajda qilsa, qazosini bajargan bo‘ladi. Ayrim fuqaholar nazdida uch oyat yoki undan ortig‘i qiroatni cho‘zganidir.

«Olamgiriya», «G'iyosiya», «Tatarxoniya», «al-Bahr ar-roiq»

297-FATVO

Qiroat qilganda sajda oyatini qoldirib o‘qish makruhdir. Agar sajda oyatidan oldinroq joyda to‘xtatsa yoki faqat sajda oyatini o‘qish bilan kifoyalansa makruh emas. Lekin boshqa oyatlardan ham qo‘shib o‘qishlik mustahabdir.

«Olamgiriya», «Muxtasar», «Qozixon»

298-FATVO

Sajda oyatini odamlar eshitadigan joyda o‘qishga to‘g‘ri kelib qolsa, qaraydi: agar ular sajda qilishga tayyor bo‘lib, ularga mashaqqat tug‘dirib qo‘ymasligini bilsa, ovozini chiqarib o‘qisa bo‘laveradi. Ammo, ular tahoratsiz bo‘lishsa yoki eshitsalar-da, sajda qilmasliklari mumkin ekanini bilsa yoxud tahoratli bo‘lsalar ham sajda qilish o‘sha paytda ularga malollik paydo qilishini bilsa, maxfiy o‘qishi lozim bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Xulosa»

299-FATVO

Bir joyda bitta sajda oyatini ko‘p marta takroran o‘qisa ham bir marta sajda qilish vojib bo‘ladi. Bir joyda 14 ta sajda oyatidan nechtasini o‘qisa, o‘sha miqdorda sajda qilish vojib bo‘ladi. Eshituvchi nechta joyda eshitganiga va necha xil sajda oyatini eshittaniga qarab sajda qiladi.

«Muxtasar al-Viqoya»

300-FATVO

Shukr sajdasi xususida mujtahidlarimiz ixtilof qilganlar. Ya'ni biror ne'matga erishganda, farzand yoki nabira ko‘rganda, yo‘qolgan narsasi topilganda, dardidan shifo topganda, kutgan kishisi safardan sog‘-salomat kelganda, biror tashvishidan forig‘ bo‘lganda va hokazo xursandchilik soatlarida Allohga shukrona qilish maqsadida bitta sajda qilib qo‘yishni Abu Hanifa (rh.) keragi yo‘qdeb sanaganlar. Ammo Abu Yusuf bilan Imom Muhammad (rh.)lar uni savobli ishlardan deb hisoblaganlar. Ulamolar shunga fatvo berganlar.

«Olamgiriya», «Tatarxoniya», «as-Siroj al-vahxoj»

301-FATVO

Namozni tik turgan holda o‘qishga ojizlik qilgan kishi o‘tirgan holda o‘qishi mumkin. Ojizlik deganda tik tursa o‘ziga biror zarar yetadigan yoki kasali zo‘rayishidan yoxud tuzalishi kechikishidan qo‘rqadigan, tursa boshi aylanib ketadigan bemorlar tushuniladi. Ammo tik turishida hiyol mashaqqat hosil bo‘ladigan bo‘lsa, bu uzr hisoblanmaydi. Shuning uchun birozgina tik turishga qodir bo‘lsa ham namozni tik turgan holda boshlab, ruku' paytigacha toqat qila olmasa, xohlagan paytida o‘tirib olib, namozni davom ettirishi mumkin.

«Olamgiriya», «Kofiy», «Xulosa»

302-FATVO

Biror narsaga suyanib yoki hassaga tayanib tik turishi mumkin bo‘lsa-da, namozni o‘tirib o‘qishi joiz emas. Albatta, gik holda o‘qishi kerak bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Tabyin»

303-FATVO

Uzr bilan namozni o‘tirib o‘qiydigan odam o‘ziga qulay bo‘ladigan holatda o‘tirishi mumkin. Agar devorga yoki biror insonga suyanib o‘tirishga ehtiyoj sezsa, suyanib o‘tirishi lozim. Ammo yotib olishi mumkin emas.

«Olamgiriya», «Zaxira», «Tabyin»

304-FATVO

Tik turish, ruku' va sajda qilishga qodir bo‘lmagan kishi namozni o‘tirgan holida imo-ishora bilan o‘qiydi. Ruku'dan ko‘ra sajda ishoratida boshini pastroq egadi. Agar ruku' bilan sajdada boshi bir xil egilsa durust bo‘lmaydi.

«Olamgiriya», «Qozixon», «al-Bahr»

305-FATVO

Tik turishga qodir, lekin engashib ruku' va sajdaga egilishga ojiz kishi namozni tik holda imo-ishora bilan o‘qisa ham bo‘ladi. Lekin o‘tirgan holda o‘qigani yaxshidir. «Sajdai sahv»ni ham imo-ishora bilan bajaradi.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Muhit»

306-FATVO

Imo-ishora bilan namoz o‘qiydigan kishi sajdaga egilish uchun biror taxta, yostiq kabi narsalarni baland qo‘yib olishi durust emas. Shunday taqdirda ham boshini ruku'dan ko‘ra sajdada pastroq ega olsa, namozi durust bo‘ladi, lekin narsa qo‘yib o‘qimagani ma'qul. Ammo boshini egmagan holda biror narsani peshonasiga ko‘tarib sajda qilsa, namozi durust bo‘lmaydi. Yerga yostiq qo‘yib olib, unga sajda qilishi mumkin.

«Olamgiriya», «Xulosa», «Muzmarot»

307-FATVO

Peshonasida jarohati bor kishi namozni uzrim bor, deb imo-ishora bilan o‘qishi mumkin emas. Balki burni bilan sajda qilib o‘qishi kerak.

«Olamgiriya», «Zaxira»

308-FATVO

Namozni o‘tirib o‘qishga ham qudrati yetmaydigan odam oyoqlarini qibla tomonga uzatgan holda orqasi bilan yotib, boshi ostiga yostiq qo‘yib oladi. O'ng yoki chap yoni bilan qiblaga qarab yotib olishi ham mumkin. Lekin oldingisi - avlodir.

«Olamgiriya», «Kofiy», «as-Siroj al-vahhoj»

309-FATVO

Sog‘lom odam namoz asnosida uzrli bo‘lib qolsa, ya'ni, tik tura olmaydigan xastalikka uchrasa, o‘tirgan holda imo-ishora bilan o‘qishni boshlaydi. O'tirishga ham majoli yetmasa, yotgan holatida davom etadi.

«Olamgiriya», «Tabyin»

310-FATVO

Uzr bilan o‘tirib namoz o‘qiyotgan odam tuzalib qolsa, namozni tik turgan holda davom ettiradi. Bu Abu Hanifa bilan Abu Yusuf (rh.)lar so‘zidir.

«Olamgiriya»

311-FATVO

Imo-ishora bilan namoz o‘qiyotgan odam namoz ichida tuzalib qolsa, qaraladi - agar ruku' yoki sajdadan keyin bo‘lsa namozini boshidan qayta o‘qiydi. Bordi-yu, ruku', sajda qilmagan bo‘lsa, o‘qishni davom ettiraveradi.

«Olamgiriya», «Hidoya», «Javhara»

312-FATVO

Boshi bilan ham imo-ishora qilib namoz o‘qishga qodir bo‘lmagan kishi ko‘zlari yoki qoshlari bilan imo-ishora qilib o‘qishga o‘tmaydi. Balki namoz o‘qimay turadi. Sog‘aygach yoki kasali yengillagach, qaraladi - agar bir kechayu kunduzdan ortiq namoz o‘qiy olmagan bo‘lsa, qazosini o‘qimaydi. Agar undan kam bo‘lsa o‘qiydi.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Zahiriya»

313-FATVO

Bemor namozxon qiroat, tasbeh va tashahhudni xuddi sog‘lom odamdek o‘qiyveradi. Faqat o‘tirib-turish, ruku', sajdalarda farq qiladi. Bordi-yu, mazkurlarni o‘qishga ham toqati yetmasa, ularni o‘qimay, faqat imo-ishora bilan kifoyalanadi.

«Olamgiriya», «Tatarxoniya»

314-FATVO

Bemor kishi qiblaga o‘girilib olishga kuchi yetmasa yoki yordam beradigan odam ham topa olmasa, qaysi tomonga qarab namozini o‘qisa ham bo‘laveradi. Keyin qayta o‘qimaydi. Ammo qiblaga qaratib qo‘yadigan odam bo‘la turib, undan yordam so‘ramay, boshqa tomonga qarab o‘qigan namozi durust emas.

Shuningdek, bemor yotgan to‘shak nopok bo‘lsa va uni o‘zi almashtira olmasa, yordam beradigan odam ham bo‘lmasa, o‘sha to‘shakda namozini o‘qiyveradi. Biroq, odam topsa, albatta, undan yordam so‘rashi shart. Aks holda namozi nodurust hisoblanadi.

«Olamgiriya», «Muhit»

315-FATVO

Besh vaqt namoz vaqti o‘tgunga qadar hushsiz yotgan odam keyin o‘sha namozlarning qazosini o‘qimaydi. Majnunlikka (ruhiy kasallikka) uchragan kishining hukmi ham xuddi shunday.

«Olamgiriya», «Tabyin»

316-FATVO

Besh vaqt namoz vaqti o‘tgunga qadar aql-hushsiz, mast yotgan odam keyin qazosini o‘qiydi. Shuningdek, dori, nasha, qoradori yoki boshqa giyohlar iste'mol qilishi natijasida bir kecha va kunduz aql-hushsiz yotgan odamdan ham namozlar soqit bo‘lmaydi.

«Olamgiriya», «Xulosa»

317-FATVO

Ramazon oyida ro‘za tutsa, darmoni qurib, namozni tikka holda o‘qiyolmaydigan, ro‘za tutmasa tik turib o‘qiy oladigan odam ro‘za tutib, namozni o‘tirgan holda o‘qishi kerak bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Muhit»

318-FATVO

Ayol kishi bemorlikdan o‘zi tahorat qila olmasa, erining zimmasiga uni tahorat qildirib qo‘yish tushmaydi. Balki tayammum bilan namozini o‘qiyveradi.

«Olamgiriya», «Qozixon»

319-FATVO

Bemor agar tik turib namoz o‘qisa, peshobi yoki jarohatidan yiring oqib ketadigan bo‘lsa, namozni tark qilishi durust emas.

«Olamgiriya», «Sirojiya»

320-FATVO

Boshini baland ko‘tarishga dushmandan xavfi bor odam, chodirdan tashqari loy yoki yomg‘ir yog‘ayotgan bo‘lsa, chodirning pastligidan tik turib o‘qishning ilojini topmaydigan odamlar namozni o‘tirgan holda o‘qishlari mumkin.

«Olamgiriya»

321-FATVO

Kishi bemorligida qazo qilgan namozlarini sog‘aygach, o‘tirib yoki imo-ishora bilan emas, balki sog‘lom kishidek ruknlarni to‘la bajargan holda o‘qishi shart.

«Olamgiriya», «Muhit»

322-FATVO

Bemor kishi sog‘lom vaqtida o‘qimagan qazo namozlarini sog‘aygach, o‘z holiga qarab, o‘tirgan holda yoki imo-ishora bilan o‘qishi mumkin.

«Olamgiriya», «Sirojiya»

323-FATVO

Agar namozxon hatto namoz o‘qiyotganida bir odam yonida o‘tirib olib qachon ruku' va qachon sajda qilishi kerakligini aytib turmasa namoz o‘qiy olmaydigan darajada faromushxotir bo‘lsa, shunday qilib ham namozni o‘qiyvergani yaxshi.

«Olamgiriya», «Kunya»

324-FATVO

Jum'a namoziga chiqa olmagan bemor imomning forig‘ bo‘lishini kutib, undan keyin peshin namozini o‘qigani yaxshidir. Jum'a namozi o‘qilayotgan vaqtda peshin o‘qish makruhdir.

«Olamgiriya», «Muzmarot»

325-FATVO

Shar'an musofir nomini olib, ayrim imtiyozlarga ega bo‘lishi uchun kishi eng kamida uch kecha va kunduzlik yo‘lni bosib o‘tishni niyat qilib yo‘lga chiqqan bo‘lishi kerak. Yilning eng qisqa kunlaridagi uch kunlik yo‘l odamning piyoda yoki tuyaning yurish tezligi bilan o‘lchanadi. Musofirga beriladigan imtiyozlar - to‘rt rak'atli farz namozlarning ikki rak'atga aylanishi, Ramazon ro‘zasini tutish-tutmaslik ixtiyori, poyafzalga uch kechayu kunduz mash tortish mumkinligi, jum'a va ikki hayit namozlarining soqit bo‘lishi kabilardir.

«Olamgiriya», «Sirojiya», «Tabyin»

326-FATVO

Uch kecha va kunduzlik masofa ertadan kechgacha yo‘l yurish bilan belgilanmaydi. Safar masofasi tongda yo‘lga chiqib peshin vaqti kirgunicha yo‘l bosib, so‘ngra bir joyda dam olib, tunab, yana ertasi tongda yo‘lga chiqib, peshingacha yurib, uchinchi kuni ham shu tariqa yo‘l yurish bilan o‘lchanadi. Farsax yoki kilometr bilan o‘lchash sharg emas. Zero, har bir yo‘lningo‘ziga xos qulayligi va qiyinchiliklari bor.

«Olamgiriya», «al-Javhara», «al-Bahr»

Izoh: Shunga ko‘ra, safar masofasini km bilan belgilashda ulamolar o‘rtasida qadimdan ixtiloflar mavjud. Ba'zilar buni 80, boshqalar 90, ayrim ulamolar 100 km. deb hisoblaydilar.

327-FATVO

Musofirning ko‘zlagan manziliga ikkita yo‘l bo‘lib, biri uzoq, ikkinchisi yaqin. Uzog‘i uch kechayu kunduzlik, yaqini ikki kechayu kunduzlik yo‘l bo‘lsa. Uzog‘i bilan yursagina musofir hisoblanadi.

«Olamgiriya», «Qozixon»

328-FATVO

Uch kechayu uch kunduzlik yo‘lni ulov bilan ikki kunda bosib o‘tgan bo‘lsa ham musofir hisoblanib, to‘rt rak'atli farz namozlarni qasr (ikki rak'at) o‘qiydi.

«Olamgiriya», «Javhara»

329-FATVO

Musofir odam qasr o‘qishi, ya'ni, to‘rt rak'atli farz namozlarni ikki rak'at qilib o‘qishi vojibdir. Bordi-yu, to‘rt rak'at o‘qib, ikki rak'atdan keyin o‘tirgan bo‘lsa, namozi durust hisoblanadi. Lekin keyingi ikki rak'at naflni qo‘shib, salomni kechiktirgani uchun gunohkor bo‘ladi. Oldingi qa'daga o‘tirmagan bo‘lsa namozi buziladi.

«Olamgiriya», «Hidoya»

330-FATVO

Safarda sunnat namozlarini o‘qimaslikka ba'zi ulamolar ruxsat bergan bo‘lsa-da, xavf-xatarli joylarda o‘qimaslik, barqaror, tinch joylarda o‘qishlik avlodir.

«Olamgiriya», «Vajizi Kardariy»

331-FATVO

Musofir namozlarni qasr qilib o‘qishni uyida niyat qilgan vaqtidan boshlab emas, balki yo‘lga tushib, shahri yoki qishlog‘ining chekka uylari ortida qolgan joydan boshlaydi. Safardan qaytganda ham xuddi shu joyga kelganidan keyin qasrni to‘xtatib, to‘la o‘qishga o‘tadi.

«Olamgiriya», «Muhit», «Tatarxoniya»

332-FATVO

Uch kechayu uch kunduzlik yo‘lga chiqishni niyat qilmay safarga chiqsa-yu, bir oylik yo‘l bosib o‘tgan bo‘lsa ham shar'an musofir hisoblanmaydi. Masalan, otini qidirib uzoq masofagacha izlab borgan odam qancha ko‘p yo‘l bosgani bilan niyatsiz bo‘lgani uchun musofir bo‘lmaydi. Ammo uyiga qaytishda musofirga aylanadi. Zero, safar masofasidagi uyiga borishni niyat qildi.

«Olamgiriya», «Tabyin»

333-FATVO

Musofir safar masofasini bosib o‘tgach, biror shahar yoki qishloqda eng kami o‘n besh kun turishni niyat qilgan holda to‘xtasa, musofirlik imtiyozlari soqit bo‘ladi. Shuningdek, safar masofasini bosib o‘tmay turib biror joyda o‘n besh kun turishni yoki uyiga qaytishni niyat qilsa ham muqimga aylanib, musofirlik imtiyozlaridan xoli bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Hidoya»

334-FATVO

Sahro va dashtu biyobonlarda chodir tikib yashaydigan ko‘chmanchi qabila kishilari agar bir joyda o‘n besh kun va undan ortiq turishni niyat qilsalar, Abu Yusuf (rh.)dan qilingan ikki xil rivoyatdan biriga ko‘ra, ular muqimga aylanadilar.

«Olamgiriya», «Hidoya»

335-FATVO

Bir shaharga kelgan musofir ishim bitgan kuni qaytaman, degan niyat bilan bir necha yil turib qolsa ham muqimga aylanmaydi.

«Olamgiriya», «Tahzib»

336-FATVO

Musofir 15 kun yoki undan ortiq vaqt ikki manzilda turishni niyat qilsa, qaraladi - agar o‘sha ikki joy o‘ziga mustaqil makonlar bo‘lib, biri ikkinchisiga tobe bo‘lmasa, muqimga aylanmaydi. Agar 15 kun kunduzi bir qishloqda, tunda ikkinchi qishloqda bo‘laman, deb niyat qilsa, tunaydigan qishloqqa kirishi bilan muqimga aylanadi.

«Olamgiriya», «Muhit»

337-FATVO

Hoji Makka shahriga Zilhijja oyining birinchi kuni kirib kelib, 15 kun yoki ortiqroq turaman, deb niyat qilgani bilan muqim bo‘lib qolmaydi. Zero, oyning sakkizinchi kuni Minoga, to‘qqizinchi kuni Arafotga chiqib ketishi kerak. Demak, 15 kun bir joyda kechmay, bo‘linib qoladi. Shuninguchun musofirligicha qolib, namozlarni qasr qilib o‘qiyveradi.

«Olamgiriya», «al-Bahr»

338-FATVO

Savdogar bir shaharga borib, hojatimni ado etgunimcha 15 kun turaman, deb niyat qilsa, muqimga aylanmaydi. Zero, ertaroq hojati bitsa, yurtiga qaytishi aniq. Demak, 15 kun turishiga ishonchi mustahkam emas. Binobarin, niyat ham barqaror emas.

«Olamgiriya», «al-Bahr»

339-FATVO

Birovga tobe holda safarga chiquvchilarning musofir yoki muqimga aylanishi ularning rahbariga bog‘liq. Ya'ni, uning niyati va qaroriga qarab, bularning holi o‘zgarib turadi. Masalan, shogirdlar ustoziga, xotinlar erlariga, mardikor xo‘jayiniga qarab ish ko‘radilar. O'zlaricha musofir yoki muqim bo‘lishni niyat qilishlari mumkin emas.

«Olamgiriya», «Muhit»

340-FATVO

Musofir namoz ichida turib, shu shaharda 15 kun yoki undan ortiq turishni niyat qilsa, namozini qasr qilmay, to‘rt rak'at o‘qiydi. Bunda uning yakka o‘qiyotgani yoki imomga iqtido qilib o‘qiyotgani yoxud masbuq ekanining farqi yo‘q.

«Olamgiriya», «Muhit»

Ming bir fatvo

Shamsiddinxon Boboxon, Abdulaziz Mansur

 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.