background
logotype
image1 image2 image3

Namozga doir fatvolar – 2-qism

141-FATVO

Iqtido qiluvchi ikki erkak bo‘lsa, imomning ortida turishlari lozim. Bordi-yu, imomning ikki yonida turib o‘qishsa ham namozlari joizdir.

«Olamgiriya»

142-FATVO

Agar turli jins va yoshdagi namozxonlar bir jamoatda bo‘lib qolsalar, imom orqasidagi saflarga katta yoshdagi erkaklar, ularning ortidagi saflarga norasida o‘g‘il bolalar, ularning ortidagi safga xunasalar turib, ular ortidan ayollar, ular ortidan norasida qizlar saf tortgaylar.

«Olamgiriya», «Sharhi Tahoviy»

143-FATVO

Ayollarning masjidga qatnab erkaklar jamoatiga qo‘shilib namoz o‘qishlari makruxdir. Keksa yoshdagi ayollarning bomdod, shom, xufton namozlariga kelishlari bundan mustasno. Lekin «Kofiy» kitobida: «Buzg‘unchilik tufayli bugungi kunda ayollarning barcha namozlarga kelishi makruh, deb fatvo berildi» deyilgan.

«Olamgiriya», «Kofiy», «Tabyin»

144-FATVO

Erkaklar safiga kirib namoz o‘qigan bitta ayol uchta erkak kishining namozi buzilishiga sabab bo‘ladi: o‘ng, chap va orqa tomonidagi namozxonlar. Boshqalarning namozi buzilmaydi. Ikkita ayol to‘rtta kishining namozini buzadi: o‘ng, chap va orqadagi ikki kishi. Uchta ayol bo‘lsa ularning ikki yonidagi ikki kishi bilan birga ayollarning ortidagi uch kishi bilan yana saf oxirigacha uch nafardan kishilarning namozi buziladi.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Tatarxoniya»

145-FATVO

Iqtido qilgan odam «Attahiyyot»dan keyingi salavot yoki duoni o‘qib bo‘lmasdan turib imom salom berib yuborsa, u ham salom berib namozdan chiqaveradi. Ruku' va sajdadagi tasbehtarni uch marta aytmay turib imom boshini ko‘tarsa, muqtadiy ham unga tobe bo‘lib boshini ko‘taraveradi.

«Olamgiriya», «Qozixon»

146-FATVO

Imomdan oldin ruku'dan yoki sajdadan boshini ko‘tarib yuborgan odam darhol ruku' va sajda holatiga qaytishi lozim. Bu bilan ruku' yoki sajdani ikki bor qilgan bo‘lmaydi.

«Olamgiriya», «Xulosa»

147-FATVO

Namozda shunday beshta amal borki, ularni imom bajarmasa muqtadiy ham bajarmaydi - ikki hayit namozidagi qo‘shimcha takbirlar, uch, to‘rt rak'atli namozlardagi birinchi qa'da (o‘tirib «Attahiyyot» o‘qish), tilovat sajdasi, sajdai sahv, duoi qunut. Yana to‘rt amal borki, imom bajarsa ham muqtadiy bajarmaydi - biror sajdani ortiqcha qilsa, hayit namozidagi takbirlar soniga qo‘shsa, janoza namozida 5-takbir aytsa, beshinchi rak'atga sahvan turib ketsa. Agar imom esiga tushib, 5-rak'atga sajda qilmay turib qaytib salom bersa, muqtadiy ham birga salom beradi. Bordi-yu, imom sajda qilsa, muqtadiy unga qo‘shilmaydi, balki salom beradi. Imom beshinchi rak'at sajdasini qilmay turib muqtadiy salom berib qo‘ysa, har ikkisining namozi ham buziladi.

«Olamgiriya», «Vajizi Kardariy», «Xulosa»

148-FATVO

Namozga kech kelib qo‘shilgan kishi (masbuq), agar imom tovush chiqarib (jahriy) qiroat qilayotgan bo‘lsa «tahrima takbiri»ni aytib iqtido qiladi. Lekin «sano» o‘qimaydi. Namoz oxirida qolgan qismini o‘qish oldidan sano bilan «auzu»ni o‘qib qiroat qiladi. Imom tovushsiz qiroat qilayotganda iqtido qilgan odam «sano» o‘qiydi. Abu Yusuf (rh.) «Auzu»ni sanodan keyin ham, qiroatdan oldin ham o‘qiydi, degan ekanlar.

«Olamgiriya», «Vajiz», «Zahiriya», «Qozixon»

149-FATVO

Masbuq imom salom berishi bilanoq qolgan qismini o‘qish uchun turib ketmay, imom boshqa sunnat yoki nafl namozga turib ketishini yoki mehrobdan yuz o‘girib ketishini kutib turadi. Zero, imom sajdai sahv qilib qolishi ehtimoli ham bo‘lishi mumkin.

«Olamgiriya», «Bahrur-roiq»

150-FATVO

Imom oxirgi qa'da (o‘tirish)da «Attahiyyot»dan keyingi salavot va duolarni o‘qiyotganida masbuq faqat «tashahhud»ni o‘qiydi. Vaqti ortib qolsa, «tashahhud»ni takroran o‘qiydi, ya'ni «ashhadu allo iloha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh»ni qayta-qayta o‘qib turadi. Masbuq «Attahiyyot»ni bir marta sekin-asta, cho‘zib o‘qib, imom bilan birga tugatishga harakat qiladi, degan ulamolar ham bor.

«Olamgiriya», «Vajiz», «Qozixon» «Xulosa»

151-FATVO

To‘rt rak'atli namoz tugagach, qavm imomga: «Uch rak'at o‘qidingiz», - desa, imom: «to‘rt rak'gt o‘qidim» desa, qaraladi. Imom shubhasiz, ishonch bilan o‘z so‘zida turib olsa, namoz qayta o‘qilmaydi. Aks holda qavmning so‘zi e'tiborga olinib, namoz qayta o‘qiladi.

«Olamgiriya», «Qozixon»

152-FATVO

Agar necha rak'at namoz o‘qilgani to‘g‘risida namozxonlar o‘rtasida tortishuv paydo bo‘lsa, imom qaysi tomonga qo‘shilsa, o‘sha tomonning so‘zi e'tiborga olinadi, garchi imom qo‘shilgan tomonda faqat bir kishi bo‘lsa ham.

«Olamgiriya», «Qozixon»

153-FATVO

Namozni tik turib o‘qiydigan kishi uzr bilan o‘tirib o‘qiydigan kishiga iqtido qilishi joiz bo‘lganidek qomati rost kishi bukri kishiga iqtido qilishi joizdir.

«Qozixon»

154-FATVO

Imom qavmdan o‘rta bo‘yli odam barobarida baland joyda namoz o‘qishi makruhdir. Aksincha, imom pastlikda, qavm tepalikda o‘qisalar makruh emas. Bu Imom Karxiydan naql qilingan.

«Qozixon», «Navodir»

155-FATVO

Imomning ikki oyog‘i mehrobdan tashqarida bo‘lishi kerak. Ammo namozxon ko‘pligidan izdihom hosil bo‘lgan bo‘lsa, imom mehrob ichiga kirib o‘qishi ham joiz.

«Qozixon»

156-FATVO

Muqtadiyning bo‘yi imomga qaraganda uzunroq bo‘lib sajdada imomdan oldinroq joyga sajda qilsa ham namozi durust. Zero, muqtadiyning oyoklari imom oyoqlaridan oldinga o‘tib ketmasligi shart. Ammo boshi sajdada o‘tib ketsa, zarari yo‘q.

«Qozixon»

157-FATVO

Namozga kechroq kelgan kishi imomni ruku'da turganda topsa, tik turgan holda «takbiri tahrima»ni aytib, so‘ngra ruku'ga engashishi kerak. Bordi-yu, engashgan holdatakbir aytsa namozi durust bo‘lmaydi.

«Qozixon»

Izoh: Zero, takbiri tahrima tik holda aytilishi shart. Engashgan holda aytilgan takbir na tahrima va na ruku' uchun o‘tmaydi.

158-FATVO

Imom ruku'da turganida iqtido qilgan kishi tik holda ruku' uchun takbir aytsa ham «takbiri tahrima» uchun aytgan hisobiga o‘tadi. Ammo «tahrima» uchun bir takbir, ruku' uchun yana bir takbir aytsa yanada yaxshi.

«Qozixon»

159-FATVO

Birinchi «qa'da»da muqtadiy «Attahiyyot»ni o‘qib bo‘lmasdan imom uchinchi rak'atga turib ketsa, u bilan birga turib ketmasdan «abduhu va rasuluh»gacha o‘qib, so‘ngra turishi kerak. Ammo namoz oxirida «Attahiyyot»dan keyin salavot yoki duoni o‘qib bo‘lmasidan oldin imom salom berbib yuborsa, muqgadiy ham bilan birga salom beraveradi.

«Qozixon»

160-FATVO

Muqtadiy vitr namozida duoi qunutni o‘qib bo‘lmay turib imom ruku'ga ketsa, qunutni chala qoldirib, u bilan birga ruku' qilaveradi. Bordi-yu, qunut duosini oxirigacha yetkazsa ruku'dan imom bosh ko‘tarib yuborish ehtimoli bo‘lmasa qunutni oxirigacha yeki ulgurgan joyigacha o‘qiydi.

«Qozixon»

161-FATVO

Imom ruku'dan turgan paytda unga iqtido qilgan kishi «takbiri tahrima»ni aytib, ruku' qilgach, imom bilan birga ikki sajda qilsa ham shu rak'atni topmagan bo‘ladi. Lekin imom bilan o‘qigan boshqa rak'atlari durust bo‘lib, imomdan so‘ng o‘sha qolgan rak'atni o‘qiydi.

«Qozixon»

Izoh: Jamoatga kech kelgan kishi imomni qaysi holatda topsa, «takbiri tahrima»ni aytib o‘sha joyidan boshlab imom bilan namozni davom ettirishi lozim. Arkonlari but ado etilgan rak'atlar hisobga o‘tadi. Boshqalarining qazosi o‘qiladi.

162-FATVO

Imom birinchi sajdadan boshini ko‘tarmay turib muqtadiy boshini ko‘tarib imom sajdada ekanini bilgach, boshini sajdaga qo‘ysa, bu yerda ikki mas'ala bor. Birinchidan, muqtadiy imom birinchi sajdada deb bilgan holda boshini qayta qo‘yishda bu birinchi sajda deb niyat qilgan bo‘lsa, namozi durust. Bordi-yu, imomdan oldin bosh ko‘targanda, imom ikkinchi sajdaga bosh qo‘ygan ekan, deb bilib qo‘ygan bo‘lsa, ya'ni ikkinchi sajdaga bosh qo‘ydim, deb niyat qilgan bo‘lsa, shu paytda imom boshini ko‘tarib, ikkinchi sajdani qilganini ham anglamagan bo‘lsa, muqtadiyning namozi buziladi. Ammo anglab, ikkinchi sajdani qo‘shsa namozi durust bo‘ladi.

«Qozixon»

163-FATVO

Hayit namoziga kech kelib, imomni ruku'da topsa, «takbiri tahrima»ni aytib, sano aytmay ruku' qiladi va ruku'dagi tasbehlar o‘rniga uch takbirni aytadi. Zero, tasbeh aytish - sunnat, hayit namozining oltita takbiri - vojib. Ikkisi bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolganda vojib ado etiladi.

«Qozixon»

164-FATVO

Imom jamoat namozi adosidan so‘ng sunnat yoki nafl namoz o‘qimoqchi bo‘lsa imomlik kilgan joyidan (mehrobdan) boshqa joyga o‘tib o‘qishi lozim. Agar jamoatga qarab o‘tirmoqchi bo‘lsa, qiblaning o‘ngi, o‘zining chapi bilan aylanishi mustahab amallardandir.

«Qozixon»

Izoh: Muqtadiyga ishtiboh bo‘lmasligi uchun imom boshqa joyga o‘tib olishi yoki yoniga boshqa bir-ikki namozxonni chorlab olishi lozim.

165-FATVO

Namozga kech kelgan ikki masbuq imom salomidan keyin namozning qolgan qismini alohida mustaqil ravishda o‘qib olishlari kerak. Mabodo biri ikkinchisiga iqtido qilsa, iqtido qilganning namozi buziladi.

«Qozixon»

166-FATVO

Masbuq namoz oxirida imom bilan birga sahvan salom berib qo‘ysa, unga sajdai sahv lozim bo‘lmaydi. Bordi-yu, imomdan keyin salom bersa, sajdai sahv qiladi. Zero, imom salomidan keyin masbuq mustaqil namozxonga aylanadi.

«Qozixon»

167-FATVO

Imom peshin namozini to‘rt rak'at o‘qib o‘tirib, so‘ngra sahvan beshinchi rak'atga tursa va shu paytda bir kishi kelib unga iqtido qilsa, iqtidosi durust. Lekin imom beshinchi rdk'atga sajda qilib qo‘ysa, imomning farz namozi buzilmaydi, chunki u «qa'dai axir»ga o‘tirgan. Keyingi rak'atlari naflga o‘tadi. Ammo masbuqning namozi buziladi. Zero, nafl o‘qiguvchiga farz o‘qiguvchi iqtido qilishi joiz emas. Qa'daga o‘tirmagan bo‘lsa, hammasining namozi buziladi.

«Qozixon»

168-FATVO

Imom shom namozida uchinchi rak'at oxirida o‘tirish o‘rniga to‘rtinchi rak'atga turib ketsa, muqtadiy imom sajda qilmay turib, «tashahhud»ni o‘qib, salom bersa namozi buziladi.

«Qozixon»

169-FATVO

Masbuq ulgurmay kech qolgan joyini birinchi navbatda o‘qib olib, so‘ngra imom bilan qolgai qismini o‘qisa namozi buzilmaydi. Lekin sunnatga xilof ish qilgani uchun makruh hisoblanadi.

«Qozixon»

170-FATVO

Zimmasida sajdai sahv bo‘lgan imom ham, yakka o‘quvchi ham sajdai sahvdan oldingi o‘qiydigan «tashahhud»dan keyin salavot va duoni o‘qimaydi.

«Qozixon»

171-FATVO

Imom ruku'da turganida safga bir noma'lum kishi kelib qo‘shilayotganini sezib, ruku'ga ulgursin deb, bir-ikki tasbeh qo‘shib o‘qisa zarari yo‘q. Ammo unga tanish odam uchun ruku' yoki qiroatni cho‘zish mumkin emas.

«Qozixon»

172-FATVO

Jum'a kuni imom xutba o‘qib turganida bir namozxonning yodiga bomdod namozini o‘qimagani tushsa, darhol turib ikki rak'at bomdod farzini o‘qib oladi. Bunday paytda xutbani tinglash vojibligi soqit bo‘ladi. Zero, xutbadan keyin o‘qib ulgurmaydi.

«Qozixon»

173-FATVO

Namozning ichida bir rak'at kam o‘qigandek tuyulib, shubha qilsa, ehtiyotan bir rak'at qo‘shib qo‘yadi. Ammo namozni o‘qib bo‘lganidan keyin biror rak'at kam o‘qidim deb shubha qilsa, namozni qayta o‘qimaydi.

«Qozixon»

174-FATVO

Imomga bir-ikki rak'at keyin kelib iqtido qilgan masbuq imom namozining oxirida salavot va duo o‘qib o‘tirishini kutsa, oldidan odamlar o‘tib gunohkor bo‘lishidan qo‘rqsa, «tashahhud»ni o‘qigach, kutmasdan qiyomga turib, qolgan joyini o‘qishi mumkin.

«Qozixon»

175-FATVO

Namozda ovoz bilan yoki o‘zi eshitadigan darajada gapirib qo‘yish namozni buzadi. Bu xoh qasddan bo‘lsin, xoh unutish bilan, xoh xatolik yuzasidan bo‘lsin, xoh oz, xoh ko‘p so‘zlasin, baribir namoz buziladi. Ovozini chiqarmay, faqat tilini qimirlatib gapirsa namoz buzilmaydi.

«Olamgiriya», «Muhit»

176-FATVO

Namoz ichida uxlab qolgan paytida gapirsa ham namoz buziladi. Ba'zi ulamolar buning aksini aytgan bo‘lsalar-da, lekin namozning buzilishi amalga tatbiq uchun tanlangan.

«Olamgiriya», «Navozil»

177-FATVO

Xufton namozining ikki rak'atini o‘qib bo‘lgach, bu taroveh namozi deb o‘ylab, salom berib qo‘ysa, shuningdek, peshinning ikki rak'atidan keyin bu jum'a deb o‘ylab, salom berib qo‘ysa yoki muqim to‘rt rak'atli namozning ikki rak'atidan keyin o‘zini safarda deb o‘ylab, salom berib qo‘ysa, namozini qaytadan o‘qiydi. Ammo mazkur holatlarda namozning oxiri deb o‘ylab salom berib qo‘ysa, namozi buzilmaydi, balki davomini o‘qib, oxirida «sajdai sahv» qiladi.

«Olamgiriya», «Qozixon»

178-FATVO

Namoz o‘qiyottan kishiga namozdan tashqaridaga odam qiroatda yordam bersa, ya'ni esiga kelmay qolgan joyini esiga solsa yoki xato o‘kigan joyini tuzatib qo‘ysa va bu yordamni namozxon qabul qilsa, namozi buziladi.

«Olamgiriya», «Munyatul-musalliy»

179-FATVO

Imom qiroatda yordamga muhtoj bo‘lgan taqdirda muqtadiy darhol yordam berishga shoshilmasligi lozim, balki o‘ziga biroz qo‘yib berib, agar o‘zi uhdasidan chiqmasa yoki sukut saqlab qolsa, shundagina yordam berish lozim bo‘ladi. Lekin imom ham, agar namozga yarasha qiroat qilgan bo‘lsa, qavmni yordam berishga majbur qilmasligi, balki ruku'ga ketaverishi mumkin.

«Olamgiriya», «Muhit», «Kofiy»

180-FATVO

Namozda ingrasa, oh tortsa yoki ovoz bilan yig‘lasa, qaraladi - agar jannat, do‘zax kabi uxraviy narsalarni o‘ylab shunday qilgan bo‘lsa, namozn buzilmaydi. Bordi-yu, og‘riq, kasallik, biror musibat tufayli bo‘lsa namozi buziladi.

«Olamgiriya»

181-FATVO

Sajdagohdagi chang yoki tuproqni namoz ichida puflab ketkazsa, qaraladi - agar ovozsiz va harflarsiz nafas chiqargan bo‘lsa namoz buzilmaydi. Aks holda namoz buziladi.

«Olamgiriya», «Xulosa»

182-FATVO

Namoz ichida it, mushuk, qo‘y, echki kabi hayvonlarni qo‘risa yoki o‘ziga chorlasa, qaraladi - agar harf hosil bo‘ladigan ovoz bilan bo‘lsa namoz buziladi, harfsiz bo‘lsa buzilmaydi.

«Olamgiriya», «Zaxira»

183-FATVO

Yo‘talish, ingrash, oh tortish kabilar uzr bilan beixtiyor bo‘lsa, aksirganda yoki kekirganda garchi harf chiqsa ham buzilmaganidek namoz buzilmaydi.

«Olamgiriya», «Muhit»

184-FATVO

Namozda qiroatga ovozini sozlash uchun yo‘talsa yoki imom qiroatda adashganda uni ogohlantirish uchun yoxud o‘zini namozda ekanini bildirish uchun yo‘talsa namozi buzilmaydi.

«Olamgiriya», «Tabyin»

185-FATVO

Namozda qiroatni Qur'oni karim kitobidan o‘qib qilsa, Abu Hanifa (rh.) nazdida namoz buziladi. Zero, Kitobni ko‘tarib turish, uni varaqlash, unga ko‘z tashlash ko‘p harakatni talab qiladi. Ko‘p amal va harakat esa, namozni buzuvchi omillardan. Shunga ko‘ra, agar Kitobni biror narsa ustiga qo‘yilsa, varaqlamasa yoki mehrob devoriga yozilgan bitikdan o‘qib qiroat qilsa namoz buzilmaydi. Lekin Abu Hanifa (rh.)ning namoz buzilishiga yana boshqa dalili ham bor. U ham bo‘lsa Kitobdan o‘qish - bu ta'lim olish, o‘rganish demakdir. Bu esa, namozning amallaridan emas. Demak, Kitobni ko‘tarib o‘qiydimi yoki qo‘yilgan holda o‘qiydimi barobardir. Qaysi holatda bo‘lsa ham namoz buziladi. Shu javob sahih deb topilgai. Ammo Abu Yusuf va Muhammad (rh.)lar nazdida namozda Qur'on kitobidan o‘qib qiroat qilish jtjz. Yana Qur'onni yod biluvchi kishi Kitobdan o‘qib qiroat qilsa namozi buzilmaydi, debdurlar.

«Olamgiriya», «Kofiy»

186-FATVO

Mehrob devoriga fiqh kabi Qur'ondan boshqa narsalar yozilgan bo‘lib, namozxon uni ma'nosini tushinib yoki tushunmagan holda o‘qisa Imom Muhammad (rh.)dan boshqa mujtahidlar namoz buzilmaydi, deganlar.

«Olamgirin», «Tabyin», «Zaxira», «Hidoya»

187-FATVO

Namozda keraksiz ish va harakat (amali kasir) qilib qo‘ysa namoz buziladi. Uning miqdori to‘g‘risida uch xil ta'rif bor. Birinchisi - ikki qo‘l bilan qilinadigan ishlar. Masalan: salla o‘rash, ko‘ylak kiyish, ishton bog‘ini bog‘lash, kamondan o‘q otish. Ammo ko‘ylak yoki shalvarni yechish, do‘ppi kiyish yoki uni yechish kabi bir qo‘l bilan qilinadigan ishlarni ikki qo‘l bilan bajarsa ham namoz buzilmaydi. Ikkinchisi - namozxon o‘zini ko‘p ish qilib yuborgandek sezsa, shuning o‘zi «amali kasir»dir, degan rivoyat bor bo‘lib, u Abu Hanifa (rh.) ra'ylariga ham yaqindir. Uchinchisi - namozxonning harakatlarini uzoqdan ko‘rgan kishi u namozdan tashqarida deb bilsa. Ammo shak qilsa hisob emas. Bu ta'rif ko‘pchilik ulamolar tomonidan ma'qullangan.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Qozixon», «Xulosa»

188-FATVO

Namoz ichida bir saf miqdorida yursa namozi buzilmaydi. Agar ikki saf oldinga yurmoqchi bo‘lsa, oldin birinchi safgacha yurib borib, biroz to‘xtab, so‘ngra ikkinchi safga yurib borishi kerak. Birdaniga ikki saf mikdorida yursa namozi buziladi.

«Olamgiriya», «Qozixon»

189-FATVO

Namozda yuzning o‘zini u yoq-bu yoqqa bursa, garchi makruh bo‘lsa-da, namoz buzilmaydi. Ammo ko‘kragi bilan birga burilsa, namoz buziladi.

«Olamgiriya», «Zohidiy»

190-FATVO

Namoz ichida ilon va chayon o‘ldirsa namoz buzilmaydi. Ammo hech kimga ziyon yetkazmaslik ehtimoli bo‘lsa, ularni o‘ldirishga harakat qilish makruhdir. Kimgadir aziyat yetkazish xavfi bo‘lganda esa, ularni masjid ichida quvib yurib, hatto imomning oldidan o‘tib bo‘lsa ham o‘ldirish joiz.

«Olamgiriya», «Navozil», «Xulosa», «Muhit»

Ming bir fatvo

Shamsiddinxon Boboxon, Abdulaziz Mansur

 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.