background
logotype
image1 image2 image3

Namozga doir fatvolar – 1-qism

90-FATVO

Namozning farzlaridan biri - bu qibla, ya'ni Makkai mukarrama shahridagi Ka'ba (Baytulloh) tomonga yuzlanish. Makka aholisi uchun qibla Ka'baning o‘ziga bevosita va bilvosita yuzlanish, deb ittifoq qilingan. Ammo Makkadan uzoqda yashovchi musulmonlar oldingi paytlarda yulduzlar va boshqa taxminlar asosida qiblani aniqlaganlar va masjidlar qiblasini ham shunga ko‘ra belgilaganlar. Masalan, bizning diyorimiz uchun Shayx Abu Mansur Moturidiy (q.s.)ning qibla to‘g‘risida bergan fatvosi asos qilib olingan. Ul zot shunday degan ekanlar: «Yozning eng uzun kunida Quyosh botgan joyni belgilab qo‘y! So‘ngra qishning eng qisqa kuni Quyosh botgan joyni ham aniqlab, belgilab qo‘y! Shu ikki alomat o‘rtasidagi oraliqni uchga bo‘lib, o‘ng tomoningga ikki hissasini, chap tomoningga bir qissasini taqsimlab, o‘rtasiga yuzlangsang, shu qibladir».

«Qozixon»

Izoh: Hozirgi ilm-fan taraqqiy etgan davrda, falakiyot va jug‘rofiya ilmlari chuqur o‘rganilib kelinayotgan bizning asrimizda qadim zamondagi taxminiy ma'lumotlar bilan qanoatlanish ma'qul emasligini hisobga olib, hozirgi vaqtda faqat kompas va qiblanamo kabi asboblar yordamida qiblani aniqlash tavsiya etiladi.

91-FATVO

Dushman, yirtqich, o‘g‘ri kabilardan xavfi bor odam xohlagan tomoniga yuzlanib namoz o‘qishi mumkin. Ammo kemada xavfsiz paytda faqat Ka'ba tomonga yuzlaniladi.

«Olamgiriya»

92-FATVO

Begona joyda qiblani aniqlayolmay turganida ikki kishi qibla bu yoqda deb guvohlik bersa, qaraladi - agar u ikkisi shu joylik bo‘lsa, so‘zlariga amal qilish shart. Bordi-yu, ular bu yerlik bo‘lmasa, so‘zlariga parvo qilmay, o‘zining ijtihodi (qasdi) bilan bir tomonni qibla deb e'tiqod qilgan holda namozini o‘qiyveradi. Keyin qibla boshqa tarafda ekani ma'lum bo‘lsa ham, o‘qigan namozini qayta o‘qimaydi.

«Qozixon», «Olamgiriya», «Xulosa»

93-FATVO

Chuqur yerto‘la, baland tog‘ va qirlarda ham Ka'ba tomonga yuzlanib o‘qish joiz. Zero, Ka'baning qibla hisoblanish hududi Yerning yettinchi qavatidan osmonning yettinchi qavatigachadir. Shuning uchun Ka'ba tomida o‘qilgan namoz ham joiz, deyilgan.

«Olamgiriya», «Musharot»

94-FATVO

Begona joydagi masjidga kirib, mehrobi bo‘lmagani uchun qiblani aniqlay olmasdan bir tomonni qibla deb qasd qilib o‘qigandan keyin qiblada adashgani ma'lum bo‘lsa, so‘ramagani uchun namozni qayta o‘qiydi. Adashmagan bo‘lsa, namozi durust.

«Olamgiriya», «Qozixon»

95-FATVO

Bir kishi sahroda qiblani bir tomonga qasd qilib namoz o‘qib turganida boshqa bir odam kelib qiblani qasd qilmay shak bilan unga iqtido qilib namoz o‘qidi. Keyin qiblaga to‘g‘ri yuzlanganlari ma'lum bo‘lsa ikkisining namozi ham durust. Ammo qibla xato chiqsa, imomning namozi durust, qasdsiz iqtido qilgan kishining namozi nodurust.

«Olamgiriya», «Xulosa»

96-FATVO

Qaysi namozni o‘qishga kirishayotganini dilida niyat bilan idrok etib turishi shart. Masalan, birov bexos «Qaysi namozni o‘qiyapsan» - deb so‘rab qolsa, hech o‘ylanib o‘tirmasdan to‘g‘ri javob qila olsa, qilgan niyati hisobga o‘tadi. Necha rak'atligini ham niyat qilishi yaxshi, lekin shart emas. Farzdan boshqa namozlarda faqat namoz o‘qishni niyat qilishning o‘zi kifoyadir.

«Olamgiriya», «Sharhi Viqoya», «Qozixon»

97-FATVO

Imom mabodo boshqa namozxonlarga imomlik qilishni emas, yakka namoz o‘qishni niyat qilsa ham unga iqtido qilganlarning namozi durust bo‘laveradi. Ayollarga imomlik qilganda esa, niyat shart.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Muhit»

98-FATVO

Imomga iqtido qilish niyat qilinadi. Imom «takbiri tahrima»ni aytmay turib iqtidoni niyat qilsa ham joiz deyilgan. Lekin imom «Allohu akbar» degandan so‘ng iqtidoni niyat qilish afzaldir.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Muhit»

99-FATVO

Agar «shu turgan Abdulloh ismli imomga iqtido qildim», - deb niyat qilib namoz o‘qigandan keyin imom Abdulloh emas, Nasrulloh ekani ma'lum bo‘lib qolsa zarari yo‘q.

«Olamgiriya», «Tabyin»

100-FATVO

Namozni farz deb o‘qiyotgan bo‘lsa-yu, «Farz» so‘zining ma'nosini bilmasa yoki namozning farz ekanini bilmay o‘qib yurgan bo‘lsa o‘qigan namozi durust bo‘lmaydi.

«Olamgiriya», «Kunya», «Qozixon»

101-FATVO

Namoz boshlanganda kelgan namozxon imomning farz yoki taroveh o‘qiyotganini bilmagani uchun «Agar xufton namozi bo‘lsa iqtido qildim. Taroveh namozi bo‘lsa iqtido qilmadim», - desa, namozi durust bo‘lmaydi, garchi xufton o‘qilayotgan bo‘lsa ham.

«Olamgiriya»«Xulosa»

102-FATVO

Abu Hanifa (rh.) so‘ziga ko‘ra, asr namozining qazosini peshin namozining qazosi deb niyat qilish durust emas. Shuningdek, zimmamdagi to‘rt rak'at qazosini o‘qiyman, deb niyat qilishi ham durust emas. Yana bir kecha-kunduz ichida bir vaqt namozni o‘qiyolmagan bo‘lsa, uning aniq qaysi namoz ekanini tayin qilib ksyin qazosini o‘qishi kerak. Agar eslay olmasa besh vaqt namozning hammasini qaytadan o‘qishi kerak.

«Qozixon», «al-Muntaqo»

103-FATVO

Namozni boshida farz deb boshlab, keyin namoz davomida nafl o‘qiyapman, degan niyat bilan o‘qib tamomlasa yoki boshida nafl deb niyat qilib, namoz davomida farz o‘qiyapman, degan niyat bilan o‘qib tamomlasa namoz boshidagi niyati e'tiborga olinadi.

«Qozixon»

 

104-FATVO

Peshin vaqti chiqqanidan bexabar peshin namozini niyat qilib o‘qisa - namozi durustdir. Zero, vaqt chiqishi bilan psshin namozining qazosi zimmasiga tushadi. Qazo namozni ado namoz niyati bilan o‘qish esa joizdir.

«Qozixon»

105-FATVO

Agar namozxon «takbiri tahrima»ni imomdan oldin aytib qo‘ysa, imomga iqtido qilgan bo‘lsa, namozi durust emas. Iqtido qilmagan bo‘lsa yakka o‘quvchi sifatida namozni boshlagan bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Muhit»

106-FATVO

Namoz qiyomida uzrsiz bir oyoqda turib o‘qish makruhdir. Agar uzri bo‘lsa zarari yo‘q.

«Olamgiriya», «Javhara», «Sirojiya»

107-FATVO

Namozda avrat hisoblanadigan a'zolarni o‘zgalardan berkitish farz. Ammo namozxonning o‘zidan berkitishi shart emas. Masalan, lozimsiz uzun kuylak kiyib o‘qiyotgan kishi engashib ruku' qilganda yoqadan avratiga ko‘zi tushsa namozi buzilmaydi.

«Olamgiriya»

108-FATVO

Farz namozlarini zaruratsiz buzish joiz emas. Zarurat deganda biror kishi suvga g‘arq bo‘layotgan, yirtqich hayvon hamla qilayotgan, yordam so‘rab chaqirayotgani kabi holatlar nazarda tutilgan. Nafl namozlarda namozda ekanini bilmagan odam chaqirsagina namozni buzib javob qilinadi. Namoz o‘qiyotganini bilib turib ota-onasidan biri chaqirsa ham javob bermasligi mumkin.

«al-Fath ar-Rahmoniy»

109-FATVO

Namozda avrati ochilib ketsa, darhol yopib olsa zarari yo‘q. Ammo bir rukn miqdorida ochiq qoldirsa namozi buziladi.

«Olamgiriya»

110-FATVO

Erkak kishi ko‘ylak, lozim, salla bilan namoz o‘qishi mustahab hisoblanadi. Ammo faqat bir uzun ko‘ylak bilan o‘qisa ham makruh emas. Lekin bir lozimning o‘zi bilan o‘qishi makruhdir.

«Olamgiriya»

111-FATVO

Namoz uchun kiyim, badan, joynamoz pok bo‘lishi shart. Ularda bir dirham miqdorida najosat bo‘lsa namoz buziladi. Kiyimida bir dirham miqdoridan ortiq g‘aliz najosat borligini ko‘rib qoldi. Lekin qachondan beri shunday ekanini bilmaydi. Shu kiyim bilan o‘qigan biror namozini qaytadan o‘qimaydi.

«Olamgiriya»

112-FATVO

Kiyimdagi najosat bilan joynamozdagi najosatni qo‘shganda dirham miqdoricha bo‘ladigan bo‘lsa namozni buzmaydi.                  

«Olamgiriya», «Xulosa»

113-FATVO

Agar kalish yoki unga o‘xshash oson yechiladigan oyoq kiyimini yechib, ustiga oyoqlarini qo‘yib namoz o‘qisa zarari yo‘q. Bunda oyoq kiyimining osti pok yoki nopokligining daxli yo‘q.

«Olamgiriya»

114-FATVO

Qatnov yo‘l ustida, molxona, axlatxona, qassobxona (qushxona), g‘uslxona, hammom, qabriston kabi joylarda va Ka'ba tomida namoz o‘qish makruhdir. Yaylov, bo‘ryo, gilam kabi narsalar ustida namoz o‘qishning zarari yo‘q.

«Olamgiriya», «Qozixon»

115-FATVO

To‘qqizta vaqt borki, o‘sha paytlarda qazo namozi, janoza, tilovat sajdasi joiz, lekin nafl namoz o‘qish joiz emas: Bomdod namozining - farzidan oldin (sunnati bundan mustasno), farzdan keyin to Quyosh chiqqunga qadar, asr namozidan keyin shomgacha, shom namozidan oldin, jum'a namozining (arabcha) xutbasi paytida, ikki hayit namozining (arabcha) xutbasi paytida, Quyosh, Oy tutilganda o‘qiladigan namoz xutbasi o‘qilayotganda.

«Qozixon»

116-FATVO

Makruh vaqtlarda nafl namozini boshlab qo‘ygan odam namozni buzishi va keyin qazosini o‘qishi kerak.

«Qozixon»

117-FATVO

Ikki vaqt namozini qo‘shib bir vaqtda o‘qish bizning hanafiy mazhabimiz bo‘yicha faqat ikki joyda joiz: Birinchisi - arafa kuni Arafotda peshin bilan asrni peshin paytida, ikkinchisi - Muzdalifada shom bilan xufton namozlari xufton vaqtida ketma-ket o‘qiladi. Ammo shoifiiy mazhabida safar, kasallik, yomg‘ir kabi uzrlar bilan mazkur namozlarni jam qilib bir vaqtda o‘qilaveradi.

«Qozixon»

118-FATVO

Sajda qilishga peshonasi va burnida uzri bo‘lsa, yuzini yoki iyagini yerga tekkazib sajda qilishi joiz emas. Bunday odam o‘tirgan holda sajda niyati bilan boshi bilan imo-ishora qiladi.

«Olamgiriya», «Xizona»

119-FATVO

Namozda qilgan jahriy qiroatni eng kami - o‘zidan boshqa kishiga eshittirib o‘qish, maxfiy o‘qishning eng kami - o‘ziga eshittirib o‘qishdir. Mabodo harflarni tili bilan o‘z joyidan chiqarib to‘g‘ri o‘qisa-yu, o‘ziga eshittirmasa qiroat qilgan hisoblanmaydi. Shunga ko‘ra, jonliq so‘yganda aytiladigan «basmala», taloq iboralari, qasamdagi istisno, savdolashuvdagi kelishuv so‘zlari ham loaqal gapiruvchining o‘ziga eshitilishi shart.

«Muxtasar», «Olamgiriya», «Muhit», «Sirojiya»

119-FATVO

Bomdod namozining birinchi rak'atida qiroat miqdorini ikinchi rak'atdagidan uzun qilish sunnatdir. Imom Muhammad (rh.) so‘ziga ko‘ra, barcha namozlarda ham birinchi rak'atda «Fotiha»dan keyin uzun, ikkinchisida qisqaroq sura zam qilish maqbuldir. Fatvo ham shunga berilgan.

«Olamgiriya», «Zohidiy», «Tatarxoniya»

120-FATVO

Ikkinchi rak'at zamsurasining mikdori birinchi rak'atda o‘qilgan zamsuradan uch yoki undan ortiq bo‘lsa makruh hisoblanadi. Agar uch oyatdan kam bo‘lsa makruh emas.

«Olamgiriya», «Xulosa»

121-FATVO

Farz namozlarning har ikki rak'atida «Fotiha» surasi bilan birga butun bir surani o‘qishlik afzaldir. Agar birinchi rak'atda suraning ayrim oyatlarini, ikkinchi rak'atida boshqa oyatlarini o‘qisa, ba'zi ulamolar bu makruh desalar, boshqalari makruh emas, debdurlar.

«Olamgiriya»

122-FATVO

Bir rak'atda bir necha suralarni o‘qib, ular orasidan bir yoki ko‘proq surani qoldirib o‘qisa, bu makruh. Ammo ikki rak'atda o‘qiganida esa, o‘rtada bir necha sura qoldirsa makruh emas, bir sura qoldirsa makruhdir. Ba'zi ulamolar o‘rtada qoldirilgan bir sura uzun bo‘lsa makruh emas debdurlar. Shuningdek, o‘rtada ikki kichik sura qoldirilsa ham makruh emas. Ba'zi ulamolar, o‘rtada sura qoldirib o‘qish mutlaqo makruh emas, ham deganlar. Ammo sunnat va nafl namozlarda suralar orasida sura qoldirib o‘qish mutlaqo makruh emasdir.

«Olamgiriya», «Muhit», «Xulosa»

123-FATVO

Namozda Qur'oni karimni xatm qilgan qori oxirgi rak'atda «Fotiha» surasi bilan yana xohlagan joyidan oyatlarni o‘qib tugatishi tavsiya etiladi.

«Olamgiriya», «Xulosa»

124-FATVO

Namozda «etti qiroat»ning qaysi biri asosida o‘qisa joiz, lekin odamlarni taajjubga soladigan g‘arib, shozz qiroatlarni o‘qimagani ma'qul.

«Olamgiriya», «Tatarxoniya»

125-FATVO

Namozxonning tili ba'zi harflarni o‘z maxrajidan chiqara olmaydigan bo‘lsa, o‘sha harflar uchramaydigan oyatlarni o‘qishi kerak bo‘ladi. Agar shunday oyatlar uchramasa, noiloj o‘qiyveradi. Lekin tili kelmayditan harflar uchramaydigan oyatlar bo‘laturib, qiyin oyatlarni o‘qisa namozi durust bo‘lmaydi.

«Olamgiriya», «Qozixon»

126-FATVO

Namozda o‘qigan oyatlari orasidan biror harf yoki kalima (so‘z) tushib qolea, qaraladi - agar bu bilan ma'no o‘zgarib ketadigan bo‘lsa, namoz buziladi. Ma'no o‘zgarmaydigan bo‘lsa namoz ham buzilmaydi.

«Olamgiriya», «Muhit»

127-FATVO

 O'qigan oyatlari orasiga biror harf qo‘shib o‘qisa ham qaraladi - agar bu bilan oyat ma'nosi o‘zgarib ketadigan bo‘lsa namoz buziladi. O'zgarmasa buzilmaydi.

«Olamgiriya», «Muhit», «Xulosa»

 

128-FATVO

Agar oyatdagi bir kalima o‘rniga boshqa kalimani o‘qib qo‘ysa, qaraladi - agar Qur'opda bor kalimalardan bo‘lib, ma'nosi ham qoldirilgan kalima ma'nosiga yaqin bo‘lsa namoz buzilmaydi. Masalan: «al-Hakim» o‘rniga «al-Alim» o‘qigani kabi. Bordi-yu, Qur'onda yo‘q kalimani o‘qib qo‘ysa, Abu Hanifa bilan Muhammad (rh.)lar nazdida agar ma'nosi qoldirilgan kalima ma'nosiga yaqin bo‘lsa namoz buzilmaydi. Abu Yusuf (rh.) nazdida esa namoz buziladi. Masalan: «Tavvobin» o‘rniga «tayyobin» o‘qigani kabi. Bordi-yu, mazkur kalima Qur'onda ham yo‘q, ma'nosi ham yaqin kelmasa bil-ittifoq namoz buziladi. Ma'nosi e'tiqod jihatidan kufr sanaladigan so‘zlarga almashtirib o‘qib qo‘ysa ham namoz buziladi.

«Olamgiriya», «Xulosa»

129-FATVO

Agar qiroatda farzand nisbatini begona otaga berib o‘qib qo‘ysa va u nom Qur'onda yo‘q nom bo‘lsa bil-ittifoq namoz buziladi. Qur'onda kelgan nomlardan bo‘lsa, Imom Muhammad va barcha mashoyix ulamolar nazdida buzilmaydi. Ammo Iso (a.s.) bundan mustasno. Masalan: Qiroatda «Iso ibn Luqmon» deb o‘qib qo‘ysa namoz buziladi. Lekin «Muso ibn Iso» deb o‘qib qo‘ysa namoz buzilmaydi.

«Olamgiriya», «Vajizi Kardariy»

130-FATVO

Namozdagi qiroatda oyat kalimalaridagi harakat belgilarini (zer-zabarni) xato o‘qib qo‘ysa namoz buzilmaydi.

«Olamgiriya»

Izoh: Magar ma'no buziladigan bo‘lsa namoz ham buziladi.

131-FATVO

Farz namozlarni jamoat bilan ado etish ta'kidlangan sunnatlar sirasiga kiradi. Uni beuzr tark etish gunoh hisoblanadi. Lekin bir necha uzr sanalgan ishlar borki, ular tufayli masjidga va jamoatga «iqmaslik joiz hisoblanadi. Masalan, bemor, oyoqlari shol bo‘lgan, keksalik tufayli bedarmonlikka uchragan, ko‘zi ojiz kishilar jamoatga chiqmasdan uylarida o‘qishlari mumkin. Shuningdek, yo.mg‘ir, yo‘lning loyligi. qattiq sovuq havo, qalin qorong‘ulik, tundagi shamol kabilar ham uzr hisoblanadi.

«Olamgiriya», «Sirojul-vahhoj»

132-FATVO

Burhoniddin Marg‘inoniy (rh.) so‘zlariga ko‘ra, «havoyi fikr va bid'at egalari» deb nomlanuvchi firqalarning ayrim ashaddiylariga iqtido qilib namoz o‘qish joiz emas. Masalan: ravofiz, jahmiy, qadariy, mushabbiha, Qur'on - maxluh deb e'tiqod qiluvchilarga iqtido qilinmaydi. Xulosa qilib aytish. mumkinki, imomlikka o‘tuvchi firqa vakili e'tiqodida kufrga sabab bo‘ladigan aqida bo‘lmasa karohiyati bo‘lsa-da, iqtido qilish joizdir. Masalan Payg‘ambarimiz Muhammad (a s.)ning Makkadan Masjidi Aqsoga qilgan sayrlari (isro)ni inkor etuvchi firqadan bo‘lsa, unga iqtido qilinmaydi. Zero u (isro) ma'nosi aniq oyat bilan sobit bo‘lgan. Ammo Aqso masjididan osmonlarga qilgan sayrlari (me'roj)ni inkor etadigan firqalardan bo‘lsa, unga iqtido qilish.joiz. Zero, me'roj «zanniy dalil» (aniq bo‘lmagan dalil) bilan sobit bo‘lgan.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Xulosa»

133-FATVO

Tahoratga doir uzrli kishilar bir-birlariga iqtido qilishlari joiz. Lekin uzrlari bir xil bo‘lishi shart. Masalan, doimiy ravishda yel chiqish kasaliga chalingan odam doimiy siydigi tomib turuvchi kishiga iqtido qilishi joiz emas.

«Olamgiriya», «Bahrul-roiq», «Tabyii»

134-FATVO

A'robiy, ko‘zi ojiz, qul, valadi zino va fosiq kishilardan biri imom bo‘lib namoz o‘qilsa, unga iqtido qilish joiz, lekin karohiyati bor.

«Olamgiriya», «Xulosa»

Izoh: Valadi zinoga iqtido qilish karohiyatining sababi - odamlar o‘rtasida shov-shuv gaplarning paydo bo‘lish xavfidir.

135-FATVO

Erkak kishining ayollarga imom bo‘lib namoz o‘qishining shartlari - ularga imomlik qilishni niyat qilishi va xilvat joyda bo‘lmasligidir. Ammo ayollarning hammasi yoki ayrimlari imomga mahram bo‘lsa xilvatda o‘qishlari ham joiz. Lekin, faqat ayollar jamoatiga imom bo‘lib o‘qishning karohiyati bordir. Jum'a va hayit namozlarida imomga iqtido qilgan ayollarga imomlikni niyat qilmasa ham joizdir. Ammo erkak kishining ayolga iqtido qilishi mutlaqo joiz emas.

«Olamgiriya», «Nihoya», «Xulosa», «Hidoya»

136-FATVO

Ayollardan biri imomlik qilgan holda xoh farz, xoh boshqa namozlarni ado etishlari makruhdir. Janoza namozi bundan mustasno. Jamoat bilan namoz o‘qigan taqdirda ham imomlikka o‘tgan ayol oldinga chiqib olmay birinchi saf orasida turgani yaxshi, deyilgan. Aslida ayollar yakka hodda namoz o‘qiganlari afzaldir..

«Olamgiriya», «Xulosa»

137-FATVO

Namoz qiroatiga yarasha Qur'on suralaridan o‘rganib olish hammaga farzi ayn bo‘lganidek, savodsiz kishi ham namozda o‘qilishi farz bo‘lgan miqdorida qiroatni to‘g‘ri o‘qishga kechayu kunduz harakat kilishi kerak bo‘ladi. Agar harakat qilmasa Allohning huzurida uzrli sanalmaydi. Toqati boricha harakat qilsa ham to‘g‘ri talaffuz bilan o‘qiyolmasa, namozni o‘qiyveradi. Xato o‘qilgan qiroati uzrli hisoblanadi. Qiroati durust odam qiroati uzrli kishiga, qiroati uzrli odam soqovga, kiyimli odam kiyimsizga, masbuq masbuqqa, lohiq lohiqqa, yerdagi odam otliqqa iqtido qilishlari joiz emas.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Xulosa»

138-FATVO

Imom bilan unga iqtido qiluvchi (muqtadiy) o‘rtasida yupqa devor bo‘lsa yoki qalin bo‘lsa ham ovoz o‘tkazadigan teshikchalar qo‘yilgan bo‘lsa, ular orqali imomning engashayotgan, turayotgan harakatlari ko‘rinib tursa yoki takbirlari eshitilib tursa namozi joizdir.

«Olamgiriya», «Muhit»

Izoh: Shunga qaraganda hozirda masjid hududida, lekin imomdan olisda alohida xonalarda safdan ajralgan holda imomga iqtido qilib namoz o‘qishlar, ovoz kuchaytirgichlar orqali imomning holati bilinib turgani uchun joizdir.

139-FATVO

Hovlisi masjidga qo‘shni bo‘lgan odam o‘z uyida turib masjid imomiga iqtido qilishining sharti - o‘rtada qatnov yo‘lining bo‘lmasligi yoki bo‘lsa ham yo‘l uzra saf tortilib uni to‘ldirib turgan bo‘lishidir.

«Olamgiriya», «Tatarxoniya»

140-FATVO

Imomga iqgido qiluvchi bir erkak yoki namozni tushunadigan yoshga yetgan norasida (sag‘ir) bo‘lsa imomning o‘ng yonida turib namoz o‘qiydi. Agar chap tomonida turib o‘qisa, namozi joiz bo‘lsa-da, yomon ish qilgan bo‘ladi. Yakka odam imom ortida turib iqtido qilsa ham namozi durust bo‘ladi. Lekin karohiyati bo‘lish-bo‘lmasligida ulamolar ikki xil xulosaga kelganlar.

«Olamgiriya», «Muhit», «Badoe»

Ming bir fatvo

Shamsiddinxon Boboxon, Abdulaziz Mansur

 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.