background
logotype
image1 image2 image3

Namozda nigoh qayerda bo‘lishi hamda qo‘l va oyoqlar holati haqida bayon qilsangiz?

Savol: Namozda nigoh qayerda bo‘lishi hamda qo‘l va oyoqlar holati haqida bayon qilsangiz?

Javob: Erkak kishi «Allohu akbar» deb namozni boshlashda (engi uzun bo‘lsa) ikki qo‘l kaftini yengidan to‘liq chiqarib, barmoqlarini o‘z holicha tutib, kaftni qiblaga qaratib, boshni engashtirmay bosh barmoqlarni quloqlar yumshog‘iga tekkizadi. Ayollar esa qo‘llarini yenglaridan chiqarmagan holda yelkalarigacha ko‘taradilar. So‘ng o‘ng qo‘l kaftini chap qo‘lning kafti orqasiga qo‘yib, o‘ng qo‘l bosh barmog‘i va chimchilog‘i bilan chap qo‘l oshig‘i ushlanadi. Bunda qolgan uch barmoq chap qo‘l bilagida bo‘ladi. Ayollar o‘ng qo‘lning hamma panjalarini chap qo‘l kafti ustiga qo‘yishadi. Shu holda qo‘llarini erlar kindik ostida, ayollar ko‘kraklari ustida tutadilar. Qiyomda erkaklarning oyoqlari orasi to‘rt enli bo‘lishi kerak. Ayollar oyoqlarini juftlab turadilar. Erkaklar ruku'da qo‘l barmoqlari orasini ochib ikki tizzani mahkam changallaydilar. Ayollar barmoqlarini jamlab tizzalarini tutadilar. Sajdada qo‘l va oyoq barmoqlari qiblaga qaratiladi. Qo‘l barmoqlari juftlanib, bosh barmoq qosh to‘g‘risiga qo‘yiladi. Bu holda quloq ustidan tushgan narsa qo‘l ustiga tushadigan bo‘lsin, bilaklar yerga tegmasin. «Fatovoi Olamgiriya» va «Munyatul musalli» kitoblarida namoz o‘quvchining sajda holida oyoqlarini yerdan ko‘tarishi namozni fosid qilishi - buzishi aytilgan. Agar bir oyog‘ini ko‘tarsa, makruh bo‘ladi.

Qa'dada erkaklar chap oyoqlarini to‘shab unga o‘tiradilar. O‘ng oyoqlarini, panjalarini qiblaga qilib tik tutadilar. Qo‘llar, barmoqlar o‘z holicha tutilib, songa qo‘yiladi. Barmoq uchlari tizza bilan teng bo‘lishi lozim. Ayollar chap quyrug‘i bilan o‘tirib, o‘ng tomondan ikki oyog‘ini chiqarib, o‘ng boldirini chap boldiri ustiga qo‘yadi. Ayollar sajdada ikki bilagini yerga qo‘yadi.

Namozxon qiyomda sajda qiladigan joyiga, ruku'da oyoqlarining ustlariga, sajda qilgan vaqtida burnining yumshog‘iga, o‘tirganda ko‘kragiga, salom berganida yelkasiga qarashi lozim.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.