background
logotype
image1 image2 image3

Namoz tashqarisidagi shartlar qaysilar?

SavolNamoz tashqarisida oltita farz (shartbordeyishadiBa'zi kitoblarda ular yettitasanalganNegadir ana shu muhim farzlar juda qisqa qilib berilganNamoz tashqarisidagishartlarni batafsilroyoritishning iloji bormi?

JavobMo‘min namozni ado etishga kirishishidan oldingi amallar namoz shartlari yoki namozning tashqarisidagi farzlar, deyiladi. Namoz o‘qimoqchi bo‘lgan mo‘min quyidagilarni bajarishi lozim:

Birinchi - badanini poklashi shart. Poklash tahorat olish va agar g‘usl vojib bo‘lgan bo‘lsa, g‘usl qilish yo ma'lum o‘rinlarda tayammum qilish bilan bo‘ladi. Tahorat, tayammum va g‘uslga oid masalalarni bu o‘rinda yod etishga ehtiyoj yo‘q. Faqat tahorat bo‘lgani holda badanga siydik, tezak kabi biror najas tekkan bo‘lsa, uni yuvib ketkazish lozim ekanini ta'kidlash darkor.

Ikkinchi - kiyimi pok bo‘lishi kerak. Kiyim pokligi, deyilganda uning qon, siydik, tezak, yiring kabi najosatlardan toza bo‘lishi tushuniladi. Namoz qoldirib bo‘lmaydigan ibodatdir. Shuning uchun hatto badani yo kiyimiga tekkan najasni tozalash imkoniga ega bo‘lmagan kishi ham namozini qoldirmaydi. Bu holda badani va kiyimida najas bo‘lsa ham, namozini o‘qiydi. Najasni tozalash imkoniga ega bo‘lishi bilan undan tozalanadi. Bu o‘qigan namozlarini so‘ng qayta o‘qimaydi.

Uchinchi - namoz o‘qiydigan o‘rni najasdan pok bo‘lishi lozim. Bir cheti harom bo‘lgan kichik gilamning ikkinchi chetida namoz o‘qish mumkin emas. Joynamoz to‘shamay, yerda namoz o‘qilganida oyoq tagida dirham miqdoridan ko‘p najas bo‘lsa, namoz maqbul bo‘lmaydi.

Odatda oyoq kiyimlarining tagi iflos bo‘ladi. Shuning uchun janoza namozini o‘qishda oyoqlar kalish yo tuflidan chiqarilib, ular ustiga qo‘yiladi. Bunda oyoq kiyimining toza ustki qismi joynamoz o‘rniga o‘tadi.

Tanbeh: to‘g‘ri, najas tekkan poyabzal tuproqqa ishqalanish bilan pok bo‘ladi. Taglik va poshnaning izlari orasida najas qolib ketishi ehtimoli bo‘lgani uchun poyabzalni yechib, ustida turib o‘qigan ma'qul. Kiyilgan paypoq va poyabzal joynamoz hukmiga o‘tmaydi.

To‘rtinchi - avratni berkitishi kerak. Avratni berkitish namoz uchungina emas, balki barcha holda erkak va ayollarga farzdir. Erkaklarning avrati kindik tagidan tizzagachadir. Tizza ham avrat hisoblanadi. Kindikni ham avrat, degan ulamolar bor. Ayol badanining yuz va kaftidan boshqa barcha qismi avratdir. Ayollarning sochlari ham avrat bo‘lganidan uning to‘rtdan birining ko‘rinishi namozni buzadi. Badan a'zolarini bildirib turadigan tor kiyim satri avrat hisoblanmaydi, binobarin, bunday holda namoz o‘qib bo‘lmaydi. Avratni ko‘rsatish ulkan gunohdir. Shu boisdan poklash imkoni bo‘lmaganida deyarli barcha joyiga najas tekkan kiyim bilan ham namoz o‘qiladi. Uni yechib tashlab, yalang‘och o‘qilmaydi.

Beshinchi - qibla tarafga yuzlanishi lozim. Qibla xonai Ka'ba o‘rnidir. Makkai Mukarramada bo‘lganlar namozni aynan Ka'baning o‘ziga yuzlanib o‘qishlari lozim bo‘ladi. Makkai Mukarramadan o‘zga joylarda namoz Ka'ba tarafga yuzlanibo‘qiladi.

Makkai Mukarrama bizning yurtimizga nisbatan janubi-g‘arbda joylashgan. Ulamolarimiz qiblani quyidagicha belgilashgan: eng qisqa va eng uzun kunlardagi quyoshning botish nuqtalari oralig‘i uch bo‘lakka bo‘lingan va ikkinchi qismi tutashgan joy namozda yuzlanish maqbul bo‘lgan taraf deb tayin etilgan. Hozirda qiblani aniqlaydigan kompaslar yaratildi va bu eng aniq yo‘ldir.

Qiblaga yuzlansa, orqadan dushman yo yirtqich hamla qilib qolishidan xavfsiragan kishi namozini o‘zi uchun qulay tomonga yuzlanib o‘qiydi. Shuningdek, qiblaga yuzlantirib qo‘yuvchisi yo‘q bo‘lgan bemor ham imkoni bor tomonga yuzlanib namozini ado qiladi. Chunki qibla tomonga yuzlanolmaslik namozni qoldirishga sabab bo‘lolmaydi.

Notanish joyga borganda qibla tomon mahalliy odamlardan so‘rab bilinadi. Agar qibla tomonni ko‘rsatadigan kishi topilmasa, aql va bilimini ishga solib, qibla tomonini aniqlash lozim bo‘ladi va o‘zi qibla tomon deb qat'iy qaror qilgan tarafga yuzlanib namoz o‘qiydi. Namozdan so‘ng bu yuzlanishning qibladan og‘gani ma'lum bo‘lsa ham, namoz qayta o‘qilmaydi.

Oltinchi - o‘qimoqchi bo‘lgan namozini niyat qilmoq kerak. Niyat amalni bajarishga bo‘lgan qasd va ko‘ngil ifodasidir. Binobarin, u ko‘ngilda bo‘ladi. Til ifodasi so‘z yo gap, deyiladi. Shuning uchun o‘qilmoqchi bo‘lgan namozga til ifodasi bilan kirilmaydi. Balki unga ko‘ngilda qasd qilinib kiriladi. Shuningdek, namoz Alloh taolo uchun xolis ado etilayotgani, yuz qibla tomonga qaratilgani ham ko‘ngildan o‘tkaziladi, niyat qilinadi. Agar namoz jamoat bilan o‘qilsa, imomga ergashganlikni (iqtido) ham ko‘ngildan o‘tkazish lozim bo‘ladi. Namoz rakatlarining sonini ko‘ngildan o‘tkazish shart emas, balki qaysi vaqtning farzi yo vojibi ekanini ko‘ngildan o‘tkazish shartdir. Nafl va sunnat namozlari uchun namoz o‘qiyman, deb ko‘ngildan o‘tkazish kifoya qiladi.

Masalan, bomdod namozining farzini o‘qish niyati quyidagicha ko‘ngildan o‘tkaziladi: «Bomdod namozining shu vaqtdagi farzini yuzimni qiblaning bir tomoniga qaratib, xolis Alloh uchun o‘qishni niyat qildim».

Agar imomga ergashilayotgan bo‘lsa, «Xolis Alloh uchun» birikmasidan oldin «Shu imomga iqtido qilib», deb ham ko‘ngildan o‘tkazish kerak.

Yettinchi - namozni vaqtida ado etishi lozim.

Bu sanalgan amallar namozning tashqarisidagi farzlar (yo shartlar), deyiladi. Avratni berkitish doimo farz bo‘lganidan ko‘p hollarda u sanalmaydi va namozning tashqarisidagi farzlari oltita, deyiladi. Binobarin, badan, kiyim va joy pokligi, namozni qiblaga yuzlanib va vaqtida o‘qish, namozga niyat qilish namozning tashqarisidagi farzlaridir.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.