background
logotype
image1 image2 image3

Namoz qanday o‘qiladi?

Savol: Alhamdulillah, yaqinda namoz o'qishni boshladim. Ammo uning ko'pgina qonun-qoidalarini, tartiblarini bilmayman. Bu haqda kitoblardan batafsil ma'lumot topa olmadim. Iltimos, namoz o'qishning barcha tartib-qoidalarini kitobda batafsil yozsangizlar.

Javob: Har bir mo'min-musulmon bir kecha-kunduzda besh vaqt namoz o'qishi kerak. Tong otgandan kun chiqquncha oraliqda bomdod, kun tikkaga kelib sal og'ganda peshin, soya aslidan ikki barobar uzayganda asr, kun botgan zahoti shom, quyoshning qizil shafag'i ufqdan butkul yo'qolgandan keyin xufton namozlari ado etiladi.

Bomdod ikki rakat sunnat va ikki rakat farz namozlaridan iborat. Peshinda to'rt rakat sunnat namozi, to'rt rakat farz namozi va ikki rakat sunnat namozi o'qiladi. Asrda to'rt rakat farz namozi ado etiladi. Shom uch rakat farz namozi va ikki rakat sunnat namozidan iborat. Xuftonda to'rt rakat farz namozi, ikki rakat sunnat namozi va yana uch rakatli (vitr) vojib namozi ham o'qiladi.

Ikki rakatli farz, sunnat va nafl namozlari bir xil tartibda o'qiladi. Ular faqat niyat bilan farqlanadi. Ammo vojib (vitr, iyd) namozlarini o'qish tartibi sal boshqacharoq.

Namoz o'qimoqchi bo'lgan kishi namoz o'qish uchun qo'yilgan shartlarni bajarishi kerak. Ya'ni, badani va kiyimini poklashi, pok joyda turishi, qiblaga yuzlanishi va o'qimoqchi bo'lgan namoziga niyat qilishi kerak. Kishi o'qimoqchi bo'lgan namozga niyat qilib, «Allohu akbar», deb takbiri tahrima aytgach, namozga kirgan hisoblanadi va namoz amallaridan boshqa amallarni qilishi mumkin bo'lmaydi.

Takbiri tahrima qiyomda (tik turgan holda) aytiladi. Takbiri tahrima aytishda qo'llarni ko'tarish sunnatdir. Bu amal shunday bajariladi: takbiri tahrima aytishni boshlash bilan qo'l barmoqlarini o'z holicha qo'yib, kaft ichi qiblaga qilib ko'tariladi va takbiri tahrima - «Allohu akbar»ning «r» tovushi aytilganida bosh barmoqlar quloqlarning yumshog'iga tekkiziladi. Bunda boshni egmaslik kerak. Takbiri tahrima aytishda erkaklarga qo'llarini yengdan (agar yeng uzun bo'lsa) chiqarish sunnatdir.

Takbiri tahrima aytish miqdoricha turishga qodir bemor farz va vojib namozlarga o'tirib takbiri tahrima aytsa, durust bo'lmaydi. Niyat va takbiri tahrima o'rtasiga hech narsa qo'shilmasligi kerak. Namozga niyat qilgan zahoti takbiri tahrimani aytish lozim.

Jamoat namozida imomga iqtido qilganlar barcha intiqol (namozda bir holdan ikkinchi holga o'tish) takbirlarini aytishlari kerak. Bundagi mezon: imom «Allohu akbar»ning oxirgi «r» tovushini aytishi bilan unga ergashganlar «Allohu akbar»ning birinchi «a» tovushini boshlashlari kerak. Imomdan oldin takbiri tahrima aytgan kishi namozga kirgan bo'lmaydi. Takbiri tahrimaning «Alloh» lafzidagi birinchi «a» tovushini va «akbar» lafzidagi ikkinchi «a» tovushini cho'zib aytgan kishi ham namozga kirgan bo'lmaydi. Agar intiqol takbirlarini shu tarzda aytsa, namoz buziladi.

Ayollar qo'l barmoqlarining uchlarini yelkalari barobariga ko'taradilar. Qo'llarini yenglaridan chiqarmaydilar.

Takbiri tahrimani aytgach, qo'llarini bog'lab, erkaklar kindiklari ostida, ayollar siynalari ustida tutadilar va sano o'qiydilar. Sano budir: «Subhanakallohumma va bihamdika va taborakasmuka va ta'ala jadduka va la ilaha g'oyruk». Sanodan so'ng ta'avvuz («A'uzu...») va tasmiya («Bismillah...») aytiladi. (Bu uchalasi namozda doimo ichda o'qiladi.) Tasmiyadan so'ng Fotiha surasi o'qiladi va u tugagach, ichda «Amiyn», deyiladi. Ketidan tasmiya aytmay, yana bir sura o'qiladi. Sura o'qib bo'linishi bilan «Allohu akbar», deb ruku' qilinadi. «Alloh» lafzining ilk «a» tovushini tik turganda aytib, «akbar» lafzining oxirgi tovushi («r») aytilganida ruku' holida bo'lishi kerak. (Jamoat bilan o'qilgan namozda imomga ergashgan kishi imom ovozini chiqarib o'qimayotgan bo'lsa, faqat sano o'qiydi, Fotiha va unga qo'shib sura o'qimaydi. Jamoat namoziga bir necha rakatdan so'ng qo'shilgan kishi qoldirgan rakatini o'qishga turganida sano o'qiydi, ta'avvuz va tasmiya aytadi.)

Ruku'da kamida uch bor tasbeh - «Subhana robbiyal a'zim» aytiladi. Tasbehni besh, yetti marta aytsa ham bo'ladi. Faqat imom uch martadan ortiq tasbeh aytmasligi kerak.

Ruku'da uch bor tasbeh aytib bo'lgach, tasme' aytib («Sami'allohu liman hamidah», deb) qovma holiga qaytiladi. Qovmada qo'llar bog'lanmaydi, yonda tutiladi. Tasme'ning «s» tovushini ruku' holida boshlab, «dah» tovushlarini aytganida qovma holida bo'lishi kerak. Qovma holiga kelgach, tahmid aytiladi, «Robbana lakal hamd» deyiladi.

Jamoat namozida imom faqat tasme' aytadi, unga ergashganlar esa tahmid aytishadi, xolos. So'ng «Allohu akbar», deb sajdaga boriladi. Bunda «Alloh» lafzining «a» tovushini qovmada boshlab, «akbar» lafzining «r» tovushini sajdaga peshona tegar payti aytilishi kerak.

Sajdaga borishda e'tibor beriladigan jihat shuki, avval tizzalar bilan yerga tik tushishi lozim. Tizzalar yerga tekkandan so'nggina oldga bukiladi va ikki qo'l, burun va peshona belgilangan tartibda yerga qo'yiladi. Avval oldga egilib, so'ng tizzani bukib sajdaga borish noto'g'ridir. Sajdada kamida uch bor tasbeh - «Subhana robbiyal a'lo» aytiladi. Bu tasbehni ham namozni yolg'iz o'qigan kishi besh, yetti marta aytsa bo'ladi. Tasbeh aytib bo'lgach, «Allohu akbar», deb o'tiriladi, qa'da holida bo'ladi. Sajdadan «Alloh» lafzining «a» tovushini aytib bosh ko'tarib, «akbar» lafzining «r» tovushini aytganda jalsa holida bo'lishi kerak. Jalsa bir tasbeh aytish miqdori bo'ladi. Bu sunnatdir. So'ng «Allohu akbar», deb ikkinchi bor sajdaga boriladi. Bu sajdada ham avvalgidek tasbeh aytiladi. Tasbeh aytib bo'lingach, «Alloh akbar», deb qiyom holiga qaytiladi. Qiyomga turishda avval bosh, keyin ikki qo'l, so'ng tizza yerdan uziladi. (Shu yerda birinchi rakat tugaydi.) «Alloh» lafzining «a» tovushini sajda holida aytib, «akbar» lafzining «r» tovushini aytganda qiyom holida bo'lishi kerak. Bu degani takbir harakatga emas, balki harakat takbirga muvofiq bo'lsin, deganidir. Sajdadan qiyom holiga qaytishda yerga suyanib turilmaydi, balki tizzalariga suyanib turiladi. (Uzrli kishilar mustasno.)

Sajdadan qiyom holiga qaytish bilan ikkinchi rakat boshlanadi. Ikkinchi rakatda takbiri tahrima, sano va ta'avvuz aytilmaydi. Birinchi rakatda bajarilishi lozimligi aytilgan hamma amallar ikkinchi rakatda ham takrorlanadi. Ikkinchi rakatning ikkinchi sajdasidan so'ng o'tiriladi, bu qa'da, deyiladi. Qa'dada tashahhud o'qiladi. Namoz ikki rakatli bo'lsa, tashahhuddan keyin salovat va duo o'qib namozni tugatadi. Agar uch yo to'rt rakatli bo'lsa, bu qa'dada tashahhudni o'qib bo'lgach, «Allohu akbar», deb uchinchi rakatga turiladi. Qa'dadan qiyomga turishda yerga suyanmay, balki tizzaga tayanib turiladi. Agar o'qilayotgan namoz farz namozi bo'lsa, uchinchi va to'rtinchi rakatlarning qiyom holida tasmiya aytib, faqat Fotiha surasi o'qiladi, xolos. Agar o'qilayotgan namoz sunnat yo nafl namozi bo'lsa, Fotiha surasidan so'ng yana bir sura ham qo'shiladi.

O'qilayotgan namozning hamma rakatlari to'la ado qilingach, oxirgi qa'dada tashahhud, salovot va duo o'qiladi. So'ng o'ng yelkaga qarab «Assalomu alaykum va rohmatulloh», deb salom beriladi. Namoz tanho o'qilayotgan bo'lsa, farishtalarga salom berayotgani ko'ngildan o'tkaziladi. So'ng chap yelkaga qarab ham xuddi shunday salom beriladi. Agar namoz jamoat bilan o'qilayotgan bo'lsa, ikki tomonga salom berayotganda ham imomni, yonidagi namozxonlarni va farishtalarni ko'ngildan o'tkazadi. Agar imom uning biror tomonida bo'lsa, shu tomonga salom berayotgandagina mazkurlarga qo'shib imom ham ko'ngildan o'tkaziladi. Niyat qilib boshlangan namoz shu bilan tugaydi.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.